Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya Germaniyadagi yirik tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashdi (Foto)

Shtutgart shahriga tashrif doirasida AKT vazirligi delegatsiyasi Germaniyaning Arena2036 tadqiqotlar markazida ushbu korxonaning direktori Peter Froeschle hamda Plug and Play Germaniya boshqaruvchi direktori Sascha Karimpour va Shtutgartdagi korporativ hamkorlik menejeri Felix Lammerlar bilan uchrashuvda qatnashdi.
Uchrashuv doirasida Peter Froeschle va Felix Lammer mehmonlarga Plug and Play korxonasining tashkil etilish tarixi, bosib o‘tilgan yo‘llari va bugungi kungacha erishilgan yutuqlari haqida mazmunli taqdimot o‘tkazdilar.
Taqdimot davomida korxonaning ishlash mexanizmlari va yaqin kelajakda kutilayotgan yutuqlari haqida ma’lumotlar berildi.
Bugungi kunda Plug and Play korxonasi dunyo bo‘ylab 47 filialga ega bo‘lib, bugungacha 50,000 dan ortiq startup korxonalari bilan hamkorlik qilgan.
Taqdimotdan so‘ng so‘zga chiqqanlar har bir o‘zbekistonlik delegatsiyasi vakillari bilan tanishib, kelajakda qanday loyihalar ustida birgalikda ish olib borishliklari mumkinligi haqida fikr almashdilar.
Taqdimot yakunida ikki tomon ishtirokchilari o‘zaro manfaatli loyihalar ustida ishlashga kelishib oldilar.
Uchrashuv davomida Arena2036 direktori Peter Froeschle so‘zga chiqib, korxona faoliyati va bugungi kunda Shtutgart universiteti studentlari tomonidan o‘tkazilayotgan tadqiqot ishlari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadqiqot markazi 10,000 kv.m. maydonga ega bo‘lib, yuqori texnologiyaga asoslangan texnik va IT startaplar uchun rivojlanish maydoni hisoblanadi. Ishtirokchilar bilan tanishuvdan so‘ng Peter Froeschle tadqiqot markazida olib borilayotgan izlanishlar bilan yaqindan tanishtirish uchun delegatsiya a’zolarini markaz hududida ekskursiyaga taklif qildi. Ekskursiya davomida sun’iy intellekt asosida avtonom omborxona qurilmalari, 5G texnologiyalari stendi, mashina ishlab chiqarish robotlari va muqobil energiyaga asoslangan avtomashina prototiplari bilan tanishdilar.
Uchrashuv yakunda tomonlar o‘zaro hamkorlik doirasida xalqaro ilmlar almashinuvi platformasini yaratishga qiziqish bildirishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter