Raqamli texnologiyalar vaziri EPAM Systems asoschisi bilan uchrashdi

12-iyun kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va EPAM Systems kompaniyasi asoschisi, prezidenti va direktorlar kengashi raisi Arkadiy Dobkin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar O‘zbekistonda malakali IT-kadrlar tayyorlash va iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish, shuningdek, IT-sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalarini muhokama qildilar.
Arkadiy Dobkin IT-kompaniyalar uchun mamlakatimizda yaratilgan sharoitlarni alohida tilga oldi.
O‘z navbatida, Raqamli texnologiyalar vaziri EPAM Systems kompaniyasini O‘zbekistonda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Arkadiy Dobkin, shuningdek, yaqin bir necha yil ichida EPAM tizimlarini O‘zbekistonda keng miqyosda rivojlantirish niyatida ekanligini, ayrim mamlakatlarda kompaniyaning to‘liq rivojlanishi uchun bir necha 10 yil sarflanganini, O‘zbekistonda esa bu faoliyatni 3-5 yil ichida amalga oshirish mumkinligini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratish, IT-biznesni yuritish, shuningdek, sohada investitsion loyihalarni yanada kengaytirish maqsadida hamkorlik qilish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: AQShning EPAM Systems kompaniyasiga 1993-yilda asos solingan. EPAM Systems dasturiy ta’minot ishlab chiqardi, tizimlarni markazlashtiradi, raqamli rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqadi va laboratoriyalar tashkil qiladi. Amazon, Google, IBM, Microsoft, Oracle kabi yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi. SAP kompaniyasi esa uning mijozi hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter