Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“O‘zbekistonlik Vohid Karimov Yevropaga ko‘chib o‘tib, Googleda karera qilmoqda” — Qozog‘iston nashri

“O‘zbekistonlik Vohid Karimov Yevropaga ko‘chib o‘tib, Googleda karera qilmoqda” — Qozog‘iston nashri

Foto: Weproject.media

Googleda ishlayotgan o‘zbekistonlik dasturchi haqida Qozog‘iston nashrida maqola chiqdi. O‘zbekistonlik Vohid Karimov Yevropaga ko‘chib o‘tib, Googleda karera qilmoqda”, — deb yozdi Weproject.media.

Muhandis dasturchi nashrga Yevropaga nima uchun ko‘chib o‘tgani, bu jarayonda qanday qiyinchiliklarga duch kelgani va xalqaro kompaniyada qanday qilib karyerasini qurayotgani haqida gapirib bergan. Maqola ayrim tahrirlar bilan berilmoqda.

Oddiy o‘zbek oilasidan chiqqan g‘ayrioddiy o‘zbek yigiti

Hozir Google Android Auto jamoasida Android avtomobil muhandis dasturchisi bo‘lib ishlayman va bir yildan ortiq vaqtdan beri Myunxenda yashayman. Biz telefoningizdagi sevimli ilovalaringizni avtomobil ekraniga ko‘chirib, mashina haydashni xavfsiz va yoqimli mashg‘ulotga aylantiramiz.

Moslashish va qiyinchiliklar haqida

Myunxen men yashayotgan birinchi Yevropa shahri emas. Bungacha Rotterdam va Amsterdamda yashaganman. Aniqrog‘i, 2020-yil dekabr oyida O‘zbekistondan tashqaridagi birinchi shahrim Rotterdamga ko‘chib o‘tdim.

Avvalboshdan, ko‘chib o‘tish uchun «ideal» shaharni tanlash haqida o‘ylamaganman, shunchaki, mamlakatimdan tashqaridagi hayot va karera bilan tanishmoqchi bo‘ldim. Shunday qilib, menga yaxshi maosh va ko‘chib o‘tishda yordam taklif qilgan birinchi kompaniyaga murojaat qildim. Bu bir yildan ortiq vaqt davomida (Full stack) muhandis dasturchi bo‘lib ishlagan Niderlandiyadagi Swisscom kompaniyasi edi.

Myunxen men yashayotgan birinchi Yevropa shahri emas.

Niderlandiyada immigrant ba’zi qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Umuman olganda, Rotterdam va Yevropada havo bulutli va yomg‘irli kunlar ko‘p bo‘ladi. Quyoshli hududdan kelgan odam uchun bu katta muammo. Quyosh ta’sirining yetishmasligini to‘ldirish maqsadida D va boshqa vitaminlarni muntazam ravishda qabul qilganimni eslayman.

Mahalliy aholi bilan do‘stlashish qiyin yoki hatto imkonsiz. Mahalliy tilni bilish ham yordam bermaydi. Umuman, niderlandiyaliklar chet elliklar bilan do‘stlashishni istamaydilar. Ular do‘stona va mehribon. Ammo mahalliy aholi allaqachon maktab yoki universitetdan mustahkam do‘stlar guruhiga ega. Ular yangilari bilan munosabatni ko‘p ham xohlamaydi. Shuning uchun ko‘pincha imigrantlar boshqa imigrantlar bilan muloqot qilishadi.

Yevropada odamlar o‘z maqsadlari va martabalariga nisbatan sovuqqon. Ular ish va hayot muvozanatiga jiddiy yondashadi va har doim o‘zlarini ortiqcha ishlatmaslikni ma’qul ko‘rishadi. Lekin, ular orqali siz o‘zingizning karera maqsadlaringiz va ambitsiyalaringizni izdan chiqarmaslik uchun ehtiyot bo‘lishingiz kerak.

Mening qit’adagi hayotim va faoliyatim pandemiya davriga to‘g‘ri keldi. Bu o‘z navbatida moslashishdagi qiyinchiliklarni karrasiga oshirdi, deyishim mumkin. Ushbu qiyinchiliklarni yengish uchun quyidagi ishlarni qildim:

- ob-havo: ob-havoga moslashish uchun muntazam ravishda vitaminlar qabul qildim, sport bilan shug‘ullandim;

- ijtimoiy doira: do‘stlar davrasini kengaytirish uchun faol bo‘ldim. Imkon qadar, oilam va O‘zbekistonda yashovchi yaqin do‘stlarim bilan aloqada bo‘lishga harakat qildim.

Niderlandiyada kundalik hayotning dinamikasi boshqacha

Fikrimcha, Niderlandiyada kundalik hayotning dinamikasi boshqacha. Mamlakatda qat’iy qonun-qoidalar bor va odamlar ularga rioya qilishadi. Masalan, yarim tunda svetoforda qizil chiroq yonib tursayu, bir kilometr radiusda birorta ham mashina ko‘rinmasa ham, yashil chiroq yoqilgandan keyingina harakatlanishadi. Bunga ko‘nikishim uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi. Lekin bu menga yoqa boshlagan.

O‘z o‘rnida, qayd etib ketmoqchiman, yaqinda chet elga ko‘chib o‘tganlar yashayotgan joyining mahalliy tilini o‘rganishini maslahat beraman. Bu shaharning siz ko‘rmagan ko‘plab yangi qirralarini ochadi va hayotingiz sifati oshishiga yordam beradi.

Umuman, birinchi olti oyni shahar bilan faol tanishishga sarflang. Qo‘shnilaringiz bilan suhbatlashing, yangi do‘stlar orttiring, hududni aylanib chiqing. Shaharga oid umumiy va muhim qoidalar bilan tanishing. Birgina, Niderlandiyada axlat qutisidan tashqariga chiqindi tashlaganlik uchun birinchi marta sodir qilingan bo‘lsa 100-200 yevro miqdorida jarima solinadi.

Yevropada ishni qanday qidirish kerak?

O‘z faoliyatimni to‘liq (Full stack) veb-dasturchi sifatida boshladim. Dastlab oylik daromadim 30 AQSh dollari atrofida edi. Doimiy sa’y-harakatlar tufayli bu miqdor juda tez o‘sdi.

Do‘stlar bilan birga yashash kerakli ko‘nikmalarni egallash va kareramni boshlashimga yordam bergan. Mana mening blogim, u yerda men ushbu do‘stlar doirasi haqida yozganman.

Ish topishni osonlashtirish uchun quyidagi ko‘nikmalarni oshirishni maslahat beraman:

- rezyume yozish qobiliyati. Sizning rezyumengiz yangi imkoniyatlarni olish uchun muhimdir. Aslini olganda, bu sizning ish dunyosidagi reklamangiz. Odamlar sizning reklamangizni oladimi, degan savol uning sifati va taqdimotiga bog‘liq.

- yozish qobiliyati. Aniq va ixcham yozish qobiliyati sizning karerangiz uchun katta ahamiyatga ega. O‘z fikringizni boshqa birovga yetkazish, bu nuqtai nazarning sifati kabi muhimdir.

- intervyu ko‘nikmasi. Bu karerangizning birinchi besh yilida ayniqsa ahamiyatlidir. Ishga joylashish — bu ajoyib rezyume va ajoyib intervyu ko‘nikmalarining kombinatsiyasi.

Googledagi faoliyat haqida

Hozir Google Android Auto jamoasining bir qismiman. Menga jamoada omad kulib boqdi, buning sababi biz qilayotgan ish tabiati bilan bog‘liq. Ko‘p soat davomida kompyuterda o‘tirishni o‘z ichiga olgan dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bo‘yicha odatiy ishdan farqli o‘laroq, Android Autodagi ishimiz dinamikdir. Biz qo‘shimcha qurilmalar bilan juda ko‘p o‘zaro aloqada bo‘lamiz, biz mashinalarni boshqaramiz, avtomobil ishlab chiqaruvchilari bilan doimiy muloqot qilamiz.

Google juda zo‘r ish madaniyatiga ega, ammo moslashish men uchun eng qiyin va foydali narsa mustaqil boshqarish tizimi edi.

Oldingi jamoalarimda har doim loyihani oldinga siljitadigan kimdir bo‘lgan — loyiha menejeri yoki jamoa rahbari. Menga nima ustida ishlash va har bir xususiyat qanday bo‘lishi kerakligini aytadigan har doim kimdir bo‘lgan. Lekin Googleda bunday emas. Hech kim sizga xususiyat talablarining to‘liq to‘plamini taqdim etmaydi. Ishingizni boshqarishingiz, ustuvorlik qilishingiz kerak. Sizda mavjud bo‘lgan yagona narsa — loyihaning umumiy yo‘nalishini belgilaydigan OKR.

Google Android Auto jamoasining a’zosi bo‘lish, bu bir vaqtning o‘zida qo‘rqinchli va ajoyib. Qo‘rqinchli jihati hal qilish uchun juda ko‘p noaniqliklar mavjud. Ajoyiblik kasb etishi ana shu noaniqliklar ortidan siz o‘sasiz.

Ko‘chish qanday ta’sir qildi?

Ishdan tashqari mening telegram-kanalim ham bor, u yerda muntazam ravishda dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bo‘yicha foydali kontentlar ulashib borishga harakat qilaman.

Sport ham hayotimning muhim qismiga aylandi. Ayniqsa, futbol, stol tennisi, voleybol, chang‘i uchish, piyoda sayr qilish kabilar bilan bo‘sh vaqtlarimni o‘tkazaman.

Yevropaga ko‘chib o‘tish, meni ko‘plab istiqbollar va madaniyatlar bilan tanishtirdi. Xarajatsiz odamga aylandim. Ko‘chib o‘tganim tufayli sog‘lig‘im haqida ko‘proq qayg‘ura boshladim, oilam va do‘stlarimni qadrlash hamda ularga e’tiborliroq bo‘lishni o‘rgandim.

Nurillo To‘xtasinov tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring