“Outsourcing tizimini kuchaytirish kerak” – Belarusdagi marketolog bilan suhbat

Abdulla Abdurahimov shaxsiy arxividan
Navbatdagi suhbatdoshimiz — Belarus davlat texnologiyalar universiteti “Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish” fakulteti talabasi Abdulla Abdurahimov.
Suhbatdoshimiz Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti bo‘yicha boshqaruvchi muhandis bo‘lsa-da, hozirgi kunda raqamli marketing yo‘nalishida faoliyat yuritadi.
Maosh kamligi qo‘shimcha ish qidirishga majbur qildi
Dastlab o‘rta maktabni, keyin esa akademik litseyni tamomladim. Muddatli harbiy xizmatdan so‘ng esa, Belarus davlat texnologiyalar universitetining “Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish” fakultetiga o‘qishga qabul qilindim. Hozir shu yerda ta’limni davom ettiryapman. Bundan tashqari, “Own Media” – raqamli marketing agentligiga rahbarlik qilish bilan birga, Toshkent shahrida joylashgan “Najot Ta’lim” zamonaviy kasblar markazida SMM bo‘yicha onlayn dars beraman.
Raqamli marketingga qadam – SMM sohasidan boshlangan. O‘sha paytlar Toshkent shahrida, davlat tashkilotida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlar edim. Ishimiz ofisda, hujjatlar va ta’lim bilan bog‘liq faoliyatdan iborat edi. Aniqlik kiritib o‘tish joizki, o‘sha vaqtlar bu men uchun orzudagi kasb bo‘lgan!
Ammo maosh kamligi qo‘shimcha ish qidirishga majbur qildi. Internet saytlaridagi vakansiyalarni ko‘zdan kechirib, “SMM”, “udalyonnaya rabota” (masofaviy ish) deb ta’rif berilgan e’lonlarni ko‘rdim. So‘ng buning aslida nima ekanligini bilish uchun Google hamda YouTube’ga murojaat qildim.
Shu tariqa, vidoyelar orqali SMM (Social Media Marketing) sohasini o‘rganishni boshladim. Menda soha bo‘yicha tushunchalar paydo bo‘lgach, internetdagi e’lonlar bo‘yicha arizalar qoldirib chiqdim va meni ishga qabul qilishdi. Videodarslarni ko‘rish va ishlash orasida farq katta ekan. To‘plagan bilimlarim kamlik qilgani, (qo‘shimcha) ishimda o‘sish sezilmagani uchun o‘qish maqsadida kurs qidira boshladim. 2019-yil oktyabr oyida Toshkentdagi “Najot Ta’lim” markazining SMM kursiga yozilib, kursni tamomlab, dekabrdan (ta’limga aloqador yo‘nalishda ishlaganim uchun) shu markazda kurs mentori sifatida ishlashga olib qolindim.
2020-yil yanvardan boshlab SMM kursi o‘qituvchiligi mening asosiy kasbimga aylandi.
Shu o‘rinda, SMM sohasi haqida ma’lumot bermoqchiman. Ijtimoiy tarmoqlarda hammamiz kuzatadigan kompaniyalar (do‘konlar, solonlar, servislar va hk.) sahifalari bor. Bu sahifalarda doim qandaydir stories’lar, postlar, reklama va maqolalar qo‘yilib boriladi. SMM sohasida aynan shunday kompaniyalar sahifalarini yuritish, ijtimoiy tarmoqlar orqali marketing masalalariga yechim topish yo‘llari ko‘rib chiqiladi. Yana shuni ta’kidlash kerak, SMM hozirgi kunda butun dunyo bo‘yicha eng kuchli marketing kanallaridan hisoblanadi. Ya’ni, SMM kompaniyalarga xizmat va mahsulotlarni tez va qulay reklama qilish, kerakli auditoriyani oson topish uchun katta yordam beradi.
Sohaga kirmoqchi bo‘lganlar tavsiyalar
Sohada talab va raqobat juda katta. Lekin mehnat bozorida doim intiluvchan mutaxassislarga joy topiladi!
- Bu soha yosh va jins tanlamaydi;
- Dangasalik, tartibsizlik yoki erinchoqlik bilan kerakli mutaxassis bo‘la olmaysiz;
- Sohaga kirishdan oldin ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalangan bo‘lsangiz, o‘rganishingiz osonlashadi;
- Keng dunyoqarash va fikrlarni teran bayon qila olish – yaxshi SMM menejerining oltinga teng xislatlari hisoblanadi;
- Mijozlar (biznes egalari) bilan ishga kirishish va ish vaqtida kelishmovchiliklar, asossiz talablar bo‘lib turadi. Bu vaqtda mutaxassisligingiz nuqtai nazaridan, to‘g‘ri qaror qabul qila olishingiz kerak;
- SMM menejeri bo‘laroq katta daromad yoki mashhur kompaniyada ishlash kabilarga erisha olmaysiz, barchasiga sabr va tajriba bilan yetish mumkin.
Umuman olganda, intervyuni o‘qiyotganlardan kimdir SMM’ni o‘rganmoqchi bo‘lsa, o‘zini sinab ko‘rishni maslahat beraman! “O‘sha paytda harakat qilib ko‘rsam bo‘larkan!”, deb afsuslangandan ko‘ra, imkon borida “gazini bosgan” yaxshi.
Belarus davlatiga nisbatan qiziqish katta edi
Ochig‘i, hozir o‘qiyotgan sohamiz boshida menga umuman begona bo‘lgan. Menda aynan Belarus davlatiga nisbatan qiziqish katta edi.
Qiziqishim sababi, bu yerdagi IT sohasining rivoji, mutaxassislar bilim va tajribasi, outsourcing tizimi asosida, Yevropa va AQSh bilan ishlovchi katta-katta kompaniyalar bo‘lgan.
Bu yerga kelgandan so‘ng ushbu davlatning yaxshi tarafi faqatgina IT’da emasligini ko‘rdim. Birinchi o‘rinda xalqning odamiyligi, tartib-intizomga qattiq rioya qilishi, o‘zaro hurmat kabi fazilatlar ta’rifi belarus xalqiga qarab yozilgandek go‘yo. Odamlarning intizomini ilk marta, Minskka kelgan kunim, svetofordan o‘tish jarayonida, do‘kon va boshqa muassasalardagi navbat kutish jarayonlarida ko‘rganman. Bizdagi kabi, “mashina bo‘lmasa bo‘ldi, qizil bo‘lsa ham yo‘ldan o‘taveraman” degan fikrlar, o‘ziniki bo‘lmagan navbatni talashish oqibatidagi dilxiraliklar bu yerliklarga xos emas. Bir qarashda elementar ko‘ringan nuqtalardagi bu tartib xalqning butun turmush-tarzida aks etadi. Keyin belaruslarning sabriga qoyil qolaman. Shuncha vaqt ichida nimadandir asabiylashgan, jizzaki belarusni ko‘rmadim.
Endi biz istiqomat qiladigan Minsk shahriga qisqacha ta’rif berib o‘tmoqchiman: tabiati deyarli O‘zbekistondan farq qilmaydi. Faqat qishi nisbatan sovuqroq. Lekin bu yerda ham 4 ta faslni o‘z o‘rnida ko‘ra olasiz. Shahar ozoda, ortiqcha chang va axlatlar yo‘l chekkalarida yotmaydi, mashinalar qatnovi bizning poytaxtdan bir necha barobar kamroq. Shahar tinch, sokin. IT mutaxassislari, marketologlar kabi aqliy faoliyat bilan shug‘ullanadiganlar uchun ayni muddao! Katta-kichik xizmat ko‘rsatish va savdo majmualarida barcha texnik qulayliklar (kontaktsiz to‘lov, elektron buyurtma berish yoki navbat olish qurilmalari, zamonaviy xavfsizlik tizimlari va hk.) o‘rnatilgan.
Ta’lim tizimi haqida: Belarusda jami 51 ta (42 ta davlat va 9 ta nodavlat) OTMlar faoliyat yuritadi. Talabalarning umumiy aholiga nisbati Yevropadagi eng katta ko‘rsatkichlardan biri sanalsa, mamlakat katta yoshdagi aholining savodxonlik darajasi bo‘yicha dunyoda yetkachilardan hisoblanadi: 99.7%
Bundan tashqari, hozir mamlakat oliy ta’lim tizimida yangi formatdagi “Universitet 3.0” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Belarusda belarus, var, rus tillari davlat tili hisoblanadi. Oliy ta’lim esa, davlat tillaridan tashqari, ingliz, nemis, ispan, fransuz tillarida ham olib boriladi.
OTMlardagi o‘quv jarayonlari samarali va shu bilan birga jiddiy talablarga asoslangan deyishimiz mumkin. Yoki xalq tili bilan aytganda, “o‘qishga kirish oson, ammo o‘qish qiyin”. Bilim olish uchun darsdan tashqari ko‘p vaqtingizni o‘qishga bag‘ishlashingizga to‘g‘ri keladi. Bunda sizning ixtiyoringizga siz o‘qiydigan universitetning onlayn va oflayn kutubxonalari, mavzu bo‘yicha pedagoglar tayyorlagan taqdimotlar, turli bazalardagi universitet nomidan siz uchun ochilgan sahifa va akkauntlar hamda qo‘shimcha havolalar topshiriladi.
Bundan tashqari, nodavlat ta’lim, jumladan, o‘quv markazlari borasida ham iliq fikrlar bildirish mumkin. Chunki, yuqorida aytganimizdek, ko‘p mutaxassislar chet davlatlar bilan ishlaydilar, ularda dunyoqarash, bilim va saviya ancha yuqori. Bunday ustozlardan ta’lim olish esa ham qiziqarli ham samarali bo‘ladi.
Boshqalar yecha olmayotgan muammolarni yechish uchun harakat qilgan yaxshi
Biz istiqomat qilayotgan mamlakatda 70-yillarda barmoq izlaridan insonni aniqlash texnologiyalari, 90-yillarda esa mashina yig‘ishning avtomatlashishi mavjud edi. Bundan kelib chiqib aytish mumkin-ki, ijtimoiy hayotni raqamlashtirish bo‘yicha Belarusga nisbatan orqaroqda qolmoqdamiz. To‘g‘risi, yetib olish qiyin masala. Chunki bizda texnologiyalar rivojlangani bilan, Belarus ham to‘xtab turmaydi, yanada rivojlanaveradi. Chet ellarda qilingan yangiliklarni olib, ulardan foydalanish orqali esa oradagi tafovutni qisqartira olamiz.
Umuman, jahonda texnologiya juda tez rivojlanayapti. Ammo aynan ularga yetib olish uchun emas, boshqalar yecha olmayotgan muammolarni yechish uchun harakat qilgan yaxshi. Qayerdadir o‘ylab topilgan yangilikni qayta ixtiro qilishga kuch va vaqt sarflagandan ko‘ra, shu vaqtda butun dunyo bizdan sotib olishi mumkin bo‘lgan yangiliklar ustida ishlash kerak.
O‘rtacha maosh oyiga 2000 AQSh dollari
Raqamli texnologiyalarning turlari juda ko‘pligi va barchasida mutaxassislar uchun tug‘iladigan imkoniyatlar turlicha ekanini hisobga olsak, bu savolga bir so‘z bilan javob berish qiyin. Statistikaga ko‘ra esa, o‘rtacha maosh oyiga 2 000 AQSh dollari. Yuqori malakali mutaxassislar, data science, sun’iy intellekt sohasi vakillari esa oyiga 5 000 AQSh dollar atrofida maosh olishadi.
Qolaversa, 90% holatda ular ijtimoiy paket bilan ta’minlanishadi. Tibbiyot markazlaridan bepul foydalanish, sport bilan shug‘ullanish uchun bepul abonementlar, bepul malaka oshirish kurslarida qatnashish, qo‘shimcha/uzaytirilgan ta’til, uy-joy bilan ta’minlash, ijara pullarida yordam berish “aytishnik”larga beriladigan eng ko‘p imtiyozlardan sanaladi.
Outsourcing tizimini kuchaytirish kerak
O‘zbekistonda outsourcing (chet el bilan ishlash) tizimini kuchaytirish kerak, deb o‘ylayman. Bizda buning uchun hamma sharoit bor. Faqat juda ko‘p mutaxassislarning til bilmasliklari ularga pand bermoqda. Agar “Ay-Ti” mutaxassislari chet tilini o‘rganib, rivojlangan davlatlar bilan (O‘zbekistondan turib) ishlasalar: birinchidan, tajribalari tezroq oshadi, qolipga tushib qolmaydilar. Ikkinchidan, O‘zbekiston mutaxassislariga butun dunyoda talab oshishni boshlaydi. Shu tariqa Facebook, Google, Apple, Tesla, Space X kabi yoshlarimizning sevimli kompaniyalarida ishlovchi yurtdoshlarimiz soni ko‘payadi.
Pedagoglarni tayyorlovchi pedagoglar ham kuchli bo‘lsin
Har yili mamlakatimizda va dunyoda odamlarni qiynayotgan 3-5 ta muammoni texnologiyalar orqali hal qilish vazifasini yuklagan bo‘lar edim. Buning uchun kerakli texnologiyalar va (kerak bo‘lsa) chet ellik mutaxassislar jalb qilinsa, natijasi yaxshi bo‘lishi aniq!
Ta’lim muassasalaridagi “Ay-Ti”ga aloqador fanlar o‘qituvchilari orasida sohasini tushunmaydiganlar, pedagogik iqtidori bo‘lmagan xodimlarni chetlashtirgan bo‘lardim. Chunki vaqtida bunday “mutaxassislar”dan biz ham “bilim” olganmiz. Hozir bizdagi “aytishnik”larning sohadagi tajribalari 5-6 yil oralig‘ida. Agar maktabdan shu bilimlar berilganda, ular yoshligida Counter Strike, WarCraft, GTA o‘ynamasdan, kod yozganlarida nima bo‘lardi, tassavur qilyapsizmi?! Shunchaki, ularni bunga qiziqtira oladigan pedagoglar bo‘lmagan. Ular yaxshi bo‘lishlari uchun pedagoglarni tayyorlovchi pedagoglar ham kuchli bo‘lishlari shart! Buni to‘g‘rilash ancha vaqt oladi. Ammo agar hozirdan to‘g‘rilash boshlanmasa, hammasi shu ahvolda qolib ketadi.
“Reja” emas “natija” sifatida sanash yoqimliroq
Avvalambor, Alloh bergan umr qancha bo‘lsa ham, uni munosib yashab o‘tish barchamizga nasib qilsin! Rejalarimiz qadar yetib boramizmi, yo‘qmi, faqat Yaratganga ayon. Lekin, yaxshi niyatlar qilish, kelejak uchun turli rejalar tuzish – bizning insoniylik hislatimiz. Ko‘pchilik kabi, menda ham yaqin va biroz uzoqroq kelajak uchun rejalar bisyor. Faqat ularni “reja” emas “natija” sifatida sanash men uchun yoqimliroq!
Aytishim mumkinki, qaysi sohada bo‘lsa ham, mamlakatimizni dunyo yetakchilari darajasiga chiqishida o‘z hissamni qo‘shish – mening azaliy orzuim va yaxshi niyatim! Shunday yaxshi niyatlarga yetishni barchamizga nasib etsin!
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter