Milliarderlar qanday kitoblarni o‘qishadi? (ro‘yxat)

Mutolaa — yaxshi mashg‘ulot, yangi-yangi g‘oyalar, ma’lumotlar olasiz. Kitob o‘qish milliarder-tadbirkorlarga ham begona emas, sarmoyalar, biznesni qanday qurish kerakligi haqidagi asarlardan tashqari, albatta, badiiy adabiyotga murojaat qilib turishadi. Kim bilsin, balki yoshlikda o‘qilgan kitoblar ularni shu darajaga olib chiqqandir.
Xo‘sh, taniqli milliarderlarning sevimli badiiy asarlari qaysilar — sharhimiz shu haqda.
Ilon Mask — “Uzuklar hukmdori” (Jon Tolkin)
- Kompaniyasi: SpaceX, Tesla, Twitter va boshqalar. Ilon Maskning boyligi — $180 mlrd (bu va keyingi ma’lumotlar Forbes reytingidan olingan)
“Uzuklar hukmdori” — XX asrda yozilgan, eng mashhur va ko‘p o‘qilayotgan asarlardan biri. Tolkin — zamonaviy fentezi asoschisi. 1950-yillarning o‘rtalarida uchta kitobdan iborat “Uzuklar hukmdori” nashr etildi, ularda murakkab madaniyat, tarix va afsonalarga boy sehrli irqlar yashovchi O‘rtayer haqida hikoya qilinadi. Bu asarning kinotalqinini tomosha qilmaganlar topilmasa kerak.
“Uzuklar hukmdori” hamda “Asos” (Ayzek Azimov fantastik trilogiyasining birinchi kitobi, Ilon Mask ushbu yozuvchining ham muxlisi sanaladi — tahr.) qahramonlari doim dunyoni qutqarishni o‘z burchlari deb bilishgan”, — Ilon Maskning The New Yorker nashriga bergan intervyusidan.
Jeff Bezos — “Kunning qolgan qismi” (Kadzuo Isiguro)
- Kompaniyasi: Amazon, Blue Origin va boshqalar. Boyligi — $114 mlrd
“Kunning qolgan qismi” romanida deyarli bir umr lord Darlingtonga xizmat qilgan keksa ingliz mulozimi Stivenning kechmishlari qalamga olingan. Muallif yaqinlashib kelayotgan urush domiga kirib borayotgan odamlar hayoti misolida xalq hayotini xotira monolog shaklida hikoya qiladi. Ushbu roman Buker mukofotini olgan. Adabiy jamoatchilik mazkur asarni “Yigirmanchi asrning inglizcha eng yaxshi romani”, deya e’tirof etgan. Vaholanki, Nobel mukofoti sohibi — Isiguro Yaponiyada tug‘ilgan, millati yapon, ammo ingliz tilida qalam tebratuvchi yozuvchi. 1993-yili ushbu asar asosida rejissyor Jeyms Ayvori “Kun poyonida” filmini suratga olgan (bosh rollarda — Entoni Hopkins va Emma Tompson).
“Kunning qolgan qismi”ni o‘qirkansiz, beixtiyor o‘yga cho‘masiz. Men 10 soat birovning hayoti bilan yashadim, hayot va afsuslanish haqida yangi narsalarni kashf qildim”, — Jeff Bezosning Newsweek nashriga intervyusidan.
Darvoqe, Jeff Bezos milliarderlikka tamal toshini aynan kitoblar sotish orqali qo‘ygan.
Larri Ellison — “Buloq” (Ayn Rend)
- Kompaniyasi: Oracle va boshqalar. Boyligi — $107 mlrd
Romanda ijodkor kishilar taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchlari sifatida ko‘rsatilgan. Bosh qahramon — iste’dodli me’mor Hovard Rok o‘z shaxsiy va kasbiy standartlarining qattiq himoyachisi, hech qanday murosaga toqati yo‘q.
1949-yilda romanni rejissyor King Vidor kinoga aylantiradi (bosh rolda — Geri Kuper). Ssenariyni Ayn Rendning o‘zi yozgan.
“Bolaligimda me’mor bo‘lishni orzu qilganman. Unda hali “Buloq”ni o‘qimagan edim. Men dunyoda me’mor kabi qilgan ishiga nisbatan kam haq to‘lanadigan kasb yo‘qligini nazarda tutyapman”, — Larri Ellisonning Smitson institutiga bergan intervyusidan.
Bill Geyts — “Javdarzordagi xaloskor” (Jerom Selinjer)
- Kompaniyasi: Microsoft (asoschilaridan biri). Boyligi — $104 mlrd
Asar bosh qahramoni — shifoxonada davolanayotgan 16 yoshli Holden Kolfild. U kasallikka chalinguniga qadar, o‘tgan qishda o‘zi bilan sodir bo‘lgan voqealarni hikoya qiladi. Asar o‘smir, uning hayotining bir necha kuni, zamonaviy jamiyatning qonun va axloqlarini qabul qila olmasligi haqida.
“Javdarzordagi xaloskor”ni 13 yoshimda o‘qiganman, hanuz eng sevimli kitoblarimdan biri. Juda donishmand asar. Roman yoshlar sarosimaga tushib qolgandek tuyulgani bilan, aslida kattalar anglamaydigan narsalarni ko‘ra olishlari va aqlli qarorlar chiqarishi haqida”, — Bill Geytsning Academy of Achievement ta’lim tashkiloti vakillari bilan suhbatidan.
Maykl Blumberg — “Hurmatli maktab bolasi” (Jon le Karre)
- Maykl Blumberg — Nyu-York shahrining sobiq meri, Bloomberg axborot agentligi egasi, milliarder. Boyligi — $94,5 mlrd
“Hurmatli maktab bolasi” — xoin fosh etilganidan so‘ng Gonkongga borib, u yerda Britaniya razvedkasini tiklashga uringan Jorj Smayl haqidagi josuslik romani. Qahramon hukumatning hujumidan maxfiy xizmatni qutqarish josuslik amaliyotini o‘tkazishi shart.
“600 sahifali bu asar asosan tasvirlashdan iborat, hech qanday harakat yo‘q. Ammo qanday ohanrabosi bor-a!”, — The New York Times bilan suhbatda Blumberg asardan olgan taassurotini shunday ifodalagandi.
Sergey Brin — “Ko‘chki” (Nil Stivenson)
- Google asoschilaridan biri. Boyligi — $76 mlrd
Ilmiy-fantastik romanda o‘quvchi kompyuter va bir paytning o‘zida biologik virus — “Ko‘chki” vositasida odamlar ongini boshqaradiganlar fitnasiga duch kelgan bir guruh qahramonlarning sarguzashtlaridan voqif bo‘ladi.
Antiutopiya asar 1993 yilda Britaniya ilmiy fantastika uyushmasining mukofoti, 1994-yilda Artur Klark mukofotiga nomzod bo‘lgan.
“Bu o‘z davridan o‘n yil ilgarilab ketgan asar. Muallif kelajakni oldindan ko‘ra bilgan, menga shunisi bilan qiziq”, — Sergey Brinning Academy of Achievement tashkilotiga bergan intervyusidan.
Mark Sukerberg — “Eneida” (Vergiliy)
- Meta (Facebook) asoschilaridan biri va rahbari. Boyligi — $64,4 mlrd
Troya qulaganidan so‘ng qolgan-qutgan xalqi bilan Italiyaga ko‘chib o‘tgan afsonaviy qahramon Eney haqidagi ko‘hna doston. Asarda Rimning ilohiy tarzda bunyod bo‘lishi hikoya qilinadi, Eney sharaflanadi, Rim va Karfagen o‘rtasidagi abadiy dushmanlikni asoslovchi afsonalar keltiriladi.
New Yorker yozishicha, “Eneida” Mark Sukerbergning sevimli kitoblaridan biridir. Mark asarni ilk marta o‘rta maktabda lotin tilini o‘rganayotganida o‘qigan, “vaqt va makon chegarasini bilmas shahar” qurish yo‘lidagi Eneyning jasoratlaridan hayratga tushgan ekan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter