Ko‘p telefon ishlatadiganlarda aynan shu narsalar bor!

Smartfonlardan ko‘p foydalanish zarar ekanligini hamma biladi. Biz ham fig‘oningizni falakka chiqarib, o‘zingiz bilsangiz-da, sira amal qilmaydigan tavsiyalarni bermoqchi emasmiz.
Shunchaki, oldindan ogohlantiramiz, ushbu maqolani o‘qiganingizdan so‘ng sizni o‘ziga go‘yoki sehrlab olgan mitti "jodugarcha"ni beixtiyor uloqtirib yuborasiz...
Tez-tez boshingiz-u yelkangiz og‘rib, yosh boshingizga orttirib olgan osteoxondroz, bu ham yetmagandek, tobora beo‘xshov bo‘lib ketayotgan qomatingiz, garchi o‘zingiz nozikkina bo‘lsangiz ham hech qaysi fitnes mashg‘ulotlari yoxud kosmetolog xizmatlari kor qilmayotgan bo‘yningizdagi kattakon "baqbaqa", hali turmushga chiqib ulgurmasingizdan oy yuzingizga soya solgan ajinlarni aytmaysizmi?
Boz ustiga, yosh bolaga shuncha asabiylashishni kim qo‘yibdi, degan gaplar ham joningizga tegib ketgandir?
Xuddi siz haqingizda yozyapmiz-a, shunday emasmi? Unda davomini ham o‘qib qo‘ying...
Agar bilsangiz, smartfonga tiz cho‘kkandek boshning har 2-3 santimetrga egilishi oqibatida bo‘yningiz bechora "kattakon" boshingizga qo‘shimcha ravishda yana 4-5 kilogrammlik "qovoq"ni ko‘tarib yurgandek bo‘ladi.
Bunday og‘ir yukni ko‘tarish uchun esa tana bo‘yin va yelkalarni kuchaytira boshlaydi. Ana sizga osteoxondroz-u, mana ortiqcha vazn!
Bu ham yetmagandek, avvaliga qon tomirlaringiz, keyin esa asab tugunlari siqilib, bora-bora yuragingizni ham siqa boshlaydi.
Agar yuqoridagi holatlarning hech biri hali sizda kuzatilmagan bo‘lsa, xursand bo‘lishga shoshilmang, har holda ajinlar va "baqbaqa" sizni uzoq kuttirmaydi!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter