Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Gadjetlar yuzga ajin tushiradimi?

Gadjetlar yuzga ajin tushiradimi?

Foto: "Specscart.co.uk"

Inson nutq irod etayotganida yuz mushaklari faol qisqarib, namlikni tortib oladi va ajin tushishiga sharoit yaratadi. Kommunikatsion texnologiyalarning rivojlanishi insonlarni tun-u kun muloqotga o‘rgatdi, natijada yuz mushaklari zo‘riqib, ajinni asorat qildi. Hozirda 30 yoshgacha bo‘lgan insonlarda paydo bo‘layotgan ajinlarga asosan gadjetlar sababchi bo‘lyapti.

Quyoshning ultrabinafsha nurlari ajin tushirishidan xabardor ayollar soyabon, qora ko‘zoynak, maxsus kremlar bilan himoyalanadilar. Ammo yuzga chiziq tortuvchi sabablar bir talay, ulardan biri HEV nurlaridir.

HEV - high-energy visible. Unga moviy nur deb ham ta’rif beriladi. Avvaliga ko‘z nuriga zarari aniqlangan bo‘lsa, zamonaviy tadqiqotchilar u teri holatini buzishini ham isbotlamoqdalar. Moviy tusli nurni qabul qilgan teri o‘zining qayta tiklanish xususiyatini ma’lum miqdorda yo‘qotadi. Natijda yuzga ajin tushadi va pigment dog‘lar paydo bo‘ladi.

Mazkur moviy nurlar televizor, kompyuter, mobil telefon va boshqa gadjetlardan taraladi. Ha, bu elektronikalar ko‘z nuriga zarar keltirish bilan cheklanmay, teri holatiga ham salbiy ta’sir o‘tkazar ekan.

Ayniqsa smartfon, planshet, leptop, bukriderlar teriga yaqin turishi bois ziyon yetkazishga tezda ulguradi va foydalanuvchisida ajinlarni paydo qiladi. Ushbu nur terining epidermal va dermal hujayralariga tezda ta’sir ko‘rsatadi, DNK to‘qimalarini zararlab, kollagen va elastin muvozanatini buzadi. Bu esa erta qarishga olib keladi.

Moviy nur teriga ultrabinafsha nurlariga qaraganda ancha chuqur kirib boradi va teri hujaylarini mutatsiyaga uchratadi. Oqibatda teri qarishni boshlaydi, bundan tashqari uyqu sifati buziladi.

HEV nurining yana bir zarari – teri immunitetini tushirish. Bu esa pigment dog‘lar va ajinlar uchun sharoit yaratadi.

Mazkur nurning xavfliligi shundaki, ular asoratini darrov ko‘rsatmaydi. Masalan, ultrabinafsha nurlarining zarari darhol sezilib, teri kuyadi, qorayadi, po‘st tashlaydi, dog‘ tushadi, sepkil toshadi. Moviy nurlar esa terining barer funksiyasini kuchsizlantirish bilan shug‘ullanib, foto-zarar keltirish bilan uzoq vaqt band bo‘ladi. Alomatlar yuzaga chiqqan taqdirda ham hech kim HEV nurlarini ayblamaydi. Ultrabinafsha nurlaridan saqlanish usullaridan ko‘pchilik xabardor va aksariyat ayollar amal qiladi, moviy nurlarning ham profilaktikasi bor, ammo u qadar ommalashmagan. Masalan:

  • Aynan HEV nurlaridan himoyalovchi maxsus kremlar mavjud. Xozirda attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar SPF kremlar tarkibiga moviy nurlardan asrovchi komponentlarni ham qo‘shmoqdalar. Xarid vaqti tarkib va tavsiya bandiga ahamiyat qarating. Siz uchun kalit so‘z: anti-pollution. Shuningdek, yuz kremi tarkibidagi polifenol hamda flavonoid moddalari terini xilt va toksinlardan tozalash qatori DNK to‘qimalarini himoyalaydi hamda moviy nurlarga qarshi kurasha oladi.
  • Kompyuterdan foydalanayotganda nurni qaytaruvchi ko‘zoynakdan foydalaning. Bu ko‘z atrofiga ajin tushishdan himoyalaydi.
  • Mobil telefoningiz displeyining yorqinlik darajasini pasaytiring. Hozirda smartfonlar uchun maxsus oynalar chiqarilgan bo‘lib, u moviy nurlarni filtrlay oladi.
  • Televizorga yaqin o‘tirmang, tanaffuslarga rioya qiling va televizorni ko‘rmayotgan paytingiz o‘chirib qo‘yishni unutmang.
  • Planshet va telefonlardan zarurat yuzasidan foydalanishni kunduziga rejalashtiring. Tunda, uyqu oldidan “telefon titish” sog‘liqqa ikki hissa zarar keltiradi. Xususan, HEV nurlar uyqu gormoni – melatonin ishlab chiqarilishiga to‘sqinlik qiladi.
  • Gadjetlardan matn o‘qish maqsadida ko‘p foydalansangiz, shriftni kattartirib sozlab oling. Mayda shrift gadjetni ko‘zga yaqin olib kelishga majbur qiladi.
  • Internetdan foydalanib bo‘lganingizdan so‘ng “wi-fi”ni o‘chirib qo‘ying.
  • Kompyuterda ishlashda har 15 daqiqada tanaffus qiling va ko‘z mashqlarini bajaring.
  • S vitamini immunitetni rag‘batlantirishidan xabardorsiz. Bu teri immunitetiga ham taalluqli. S vitaminiga boy mahsulotlar (sitrus mevalar, malina, xurmo, qovoq, karam, bulg‘ori qalampiri, pomidor, na’matak)ni ko‘p iste’mol qiling. Ish taqozosidan kompyuter, planshet, telefonni ko‘p ishlatishga majburlar tabletka shaklidagi S vitamini – askorbin kislotasini shifokor tavsiya etgan dozalarda qabul qilishlari maqsadga muvofiq.
  • Teri uchun namlantiruvchi muolajalarni olib boring. Bu borada gialuron moddasi katta yordam berib, suv muvozanatini tiklaydi. Takribida gialuron mavjud krem va niqoblardan foydalanishdan tashqari ushbu moddani oziq mahsulotlaridan ham izlashingiz mumkin. Pomidor, kartoshka, lavlagi, uzum, suyakli go‘sht, o‘simlik yog‘i, ko‘katlar gialuronga boydir.

Ultrabinafsha nurlaridan soyaga qochamiz, moviy nurlardan-chi? Bu sizning irodangiz va o‘zingizni nazorat qilishingizga bog‘liq.

Oliy toifali dermatolog Dilshod Asqarov tavsiyalari asosida tayyorlandi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring