Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Dunyodagi eng baland bo‘yli dasturchi ayol – 5 ta rekord sohibasi

Dunyodagi eng baland bo‘yli dasturchi ayol – 5 ta rekord sohibasi

Foto: Yandex.ru

Turkiyada Rumeysa Gelgi ismli qiz Uiver sindromi deb nomlanuvchi noyob genetik mutatsiya bilan dunyoga kelgan. Bu dard tananing tez o‘sishiga olib keladi, ko‘pincha suyaklarni zaiflashtirib, bo‘g‘imlar harakatini cheklaydi.

Rumeysa 5 yoshga to‘lar-to‘lmas ikkita og‘ir jarrohlik amaliyotini boshidan kechirdi. Shundan so‘ng, u ilk bor qadam bosishga muvaffaq bo‘lgan. Bungacha u maxsus moslama (xodunok) yordamidagina yura olgan.

Sakkiz yil avval turkiyalik maktab o‘quvchisi eng baland bo‘yli o‘smirga aylangan edi

2014 yilda Rumeysa «Dunyodagi eng baland bo‘yli o‘smir qiz» degan nomga sazovor bo‘ldi. 17 yoshida uning bo‘yi 213,6 sm.ni tashkil etgan. Yillar davomida qiz yana biroz o‘sdi.

2021 yil oktyabr oyining o‘rtalarida Ginnesning rekordlar kitobi vakillari hozirda yashayotgan eng baland bo‘yli ayol unvoni bo‘yicha jahon rekordini rasman tasdiqlashdi. Bu o‘sha paytda 24 yoshni qarshi olgan Rumeysa Gelgiga nasib etdi: uning bo‘yi 215,16 santimetrga yetgandi.

Rumeysa baland bo‘yi va sog‘ligi tufayli ko‘pincha nogironlar aravachasidan foydalanadi. Shunga qaramay, u qat’iyatli va kelajagini faqat yorqin ranglardagina ko‘radi.

«Har qanday kamchilikni fazilatga aylantirish mumkin. Shuning uchun o‘zingizni qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qiling. O‘z salohiyatingizni ro‘yobga chiqarish uchun qo‘lingizdan kelganicha harakat qiling», – dedi u Guinness nashriga bergan intervyusida.

Rumeysa o‘zining baland bo‘yli o‘smirlik davridagi shon-shuhratini shunday izohlaydi: «Rekord o‘rnatish – eng katta orzularimdan biri. Rekordchi bo‘lish juda ajoyib».

U chinakamiga o‘ziga xos insonlargina rekord va jahon shon-shuhratiga erisha oladi, deb hisoblaydi.

Qizning o‘zi ham uzoq vaqtdan beri shu qoida bo‘yicha yashaydi va o‘z shon-shuhratidan kam uchraydigan kasalliklarga chalingan boshqa odamlarga yordam berish uchun foydalanadi. Rumeysa blog yuritadi, xayriya tashkilotiga a’zo bo‘lgan, turli forum va tadbirlarda faol, ma’ruzachi sifatida ishtirok etadi.

Hatto, 2019 yilda voyaga yetgan Rumeysa Turkiyadagi saylovlarda ovoz berdi. «Saylovlarni mamlakat hayotidagi muhim voqea deb bilaman. Men ovoz bergan hokimlikka nomzod imkoniyati cheklangan insonlarga yordam berishiga ishonaman. Bu juda muhim», – degandi u.

Afsuski, tashqi ko‘rinishi tufayli u tanqidlarga va hatto tengdoshlarining masxaralariga duchor bo‘ldi. Ammo qiz ko‘nglini cho‘ktirmadi va shunday dedi: «Men hammadan ajralib turishni yaxshi ko‘raman. Bu qiziqarli va o‘zimni o‘zgacha his qilaman. Baland bo‘y menga eng yuqori javonlarga osongina yetishga imkon beradi va bundan tashqari, hech kim menga yuqoridan qaray olmaydi!»

«Ginnesning rekordlar kitobi butun dunyodagi g‘ayrioddiy odamlarni tan oladi. Rumeysa o‘z kasalligi bilan yasharkan aql bovar qilmaydigan chidamlilik va jasoratni namoyon qilmoqda. U bilan uchrashib, uni taqdirlash men uchun sharafdir», – dedi Ginnesning rekordlar kitobi xodimi Seyda Subas-Gemisi.

Bir ayol uchun beshta jahon rekordi

Rumeysa o‘zining baland bo‘yi tufayli erishgan ikkita jahon chempionligiga qo‘shimcha ravishda yana uchtasini qo‘lga kiritgan. Hozir yashayotgan ayollar orasida u eng uzun barmoq (11,2 sm), eng katta ayol qo‘llari (o‘ngi 24,9 sm, chapi 24,2 sm) va ayollar orasida eng uzun bel (59,9 sm) sohibasi hisoblanadi.

Rumeysa uchun poyabzal ham alohida ishlab chiqariladi. Uning oyoq o‘lchami erkaklar poyabzalining 47-o‘lchamiga to‘g‘ri keladi.

Rumeysa orzusini amalga oshirishda hech nimaning to‘sqinlik qilishiga yo‘l qo‘ymadi. Maktabga borishga jismoniy imkoniyati bo‘lmagach, qiz o‘qishini uyda tamomladi. U hamisha texnologiya sohasida ishlashni xohlardi. Shu bois u dasturchilikni o‘rgana boshladi. Rumeysa frontend dasturchiligini mustaqil ravishda o‘rganib olgan. Bundan tashqari, u huquqshunos va tadqiqotchilik bilan ham shug‘ullanadi. Rumeysa mazali taomlardan tatib ko‘rish uchun oilasi bilan kafelarga borishni, Netflixda teleko‘rsatuvlarni tomosha qilishni, bo‘sh vaqtlarida suzishni, do‘konlarga borishni, yangi joylarda sayr qlishni va mushugini erkalashni yoqtiradi.

Rekord yangilanishi mumkinmi?

Shifokorlar bundan buyon Rumeysa o‘smasligini, Yer yuzidagi eng baland bo‘yli, 2 metr 51 santimetrli vatandoshi Sulton Kosendan o‘zib ketmasligini aytishmoqda.

Ungacha kanadalik 2 metr 41 santimetrli Anna Xeyning Svon dunyodagi eng baland bo‘yli qiz hisoblangan. Tarixdagi eng baland bo‘yli odam esa amerikalik Robert Uodlou bo‘lib, uning bo‘yi 1940 yilda 2 metr 72 santimetrni tashkil etgan.

Dunyodagi eng baland ayol shaxsiy rekordini yangiladi

Turkiyalik Rumeysa Gelgi rasman Yer yuzidagi eng baland ayol hisoblanadi. Ammo yaqinda uning hayotida shaxsiy rekord sodir bo‘ldi – qiz 25 yil ichida birinchi marta samolyotda parvoz qildi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilgan.

Rumeysaning Istanbuldan San-Fransiskoga parvozi 14 soat davom etdi, deb yozadi Amerikaning New York Post nashri. Sayohat qulay bo‘lishi uchun Turkish Airlines xodimlari oltita o‘rindiqni maxsus karavotga almashtirishdi.

Gelgi dasturiy ta’minot sohasida ishlaydi. U AQShga xizmat safari uchun borganligi aytilmoqda.

«Birinchi daqiqadan so‘nggi daqiqagacha bo‘lgan ajoyib sayohat. Bu mening birinchi parvozim edi, lekin, albatta, oxirgisi emas...», – deya hayajon bilan Rumeysa o‘zining Instagramdagi 20 mingdan ziyod obunachisi bilan o‘rtoqlashdi.

«Sayohatimda ishtirok etgan har bir insonga chin dildan minnatdorchilik bildiraman», deya qo‘shimcha qildi u va o‘z sahifasida sayohat davomida olingan bir nechta fotosuratlar bilan bo‘lishdi.

Qizning aytishicha, u keyingi olti oyni Qo‘shma Shtatlarda o‘tkazishni rejalashtirmoqda va hozir Kaliforniya bo‘ylab sayohat qilmoqda.

U nafaqat baland bo‘y sohibasi...

2021 yilda Turkiyadagi yirik yong‘inlar paytida u Instagramdagi profilida yordam so‘rab hayqirdi: «Bizga yordam bera oladigan barcha davlatlarga murojaat qilamiz.

112 ta yong‘in oqibatida adoyi tamom bo‘ldik. Biz to‘xtata olmagan yong‘in hali ham dahshatli. Buni to‘xtatish uchun bizda o‘t o‘chirish samolyotlari yetarli emas.

Biz 8 kishini, juda ko‘p hayvonlarni va o‘rmonlarimizni yo‘qotdik. Iltimos, bizga yordam beringlar! Bizga zudlik bilan samolyotlar kerak. Bitta dunyomiz bor».

Ko‘rib turganingizdek, qahramonimiz nafaqat katta bo‘y, balki boshqa odamlarning muammolariga befarq bo‘lmagan katta qalb sohibasi hamdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring