Dasturchilarning boshqa daromadi haqida bilasizmi?
Dasturchilarda, umuman IT olamida, oyliklar boshqa sohalarga nisbatan yaxshiroq. Lekin oyliklar yagona daromad manbai emas. Undan tashqari ham yaxshigina qo‘shimcha mablag‘ topsa bo‘ladi.
Bularni quyida aytib o‘taman:
Aksiyalar: IT kompaniyalar qaysidir darajaga yetgan ishchilarini hech ham qo‘yib yuborgisi kelmaydi. Shuning uchun ham ularga oylikdan tashqari aksiyalarni ham beradi. Qo‘shimcha motivatsiya sifatida. Masalan, «sen biz bilan yana 4 yil ishlasang har yil senga 10 000 AQSh dollarga teng bo‘lgan aksiyalarni berib boramiz» deyishi mumkin. Masalan, Google’da 11 yil ishlagan Tilek Mamutovda shu aksiyalarning qiymati 1 million AQSh dollardan oshgan.
Relocation bonus: siz masalan O‘zbekistondan turib aynan ish uchun AQSh yoki Germaniyaga ko‘chib o‘tayotgan bo‘lsangiz, sizning ish beruvchingiz shu ko‘chish xarajatlarini qoplash uchun sizga pul beradi. Masalan ’Delivery Hero‘da bu summa uylanmaganlar uchun taxminan 4000 yevro, oilaliklar uchun esa 5000 yevro edi.
Referral bonus: IT kompaniyalariga har doim ishchi kerak bo‘ladi. Shunday kerak bo‘lgan ishchilardan birortasini topishga yordam bersangiz, kompaniya sizga yordamingiz uchun bonus beradi. Masalan, ’Anaconda’da bu summa 5000 yevroga teng.
Sign-on bonus: Aytganimdek, IT kompaniyalariga ishchi har doim kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham zo‘r ishchilarni o‘zlariga o‘tkazib olish uchun bu kompaniyalar ko‘p narsaga tayyor. Shu narsalardan biri bu ’sign-on’ bonus. Ya’ni siz kompaniyaga ishga kirganingiz uchun va boshqa kompaniyaga kirmaganingiz uchun to‘lanadigan pul. Masalan men ’Anaconda’ga o‘tishim uchun 10 000 yevro taklif qilishgandi. Tanishlarim esa, 25 000 yevrogacha olgan.
KPI bonus: Kompaniyalar odatda o‘zlariga oylik/choraklik/yillik maqsad qo‘yadi. Shu maqsadlarga erishgan erishmaganligiga qarab har xil bonuslar berishi mumkin. Masalan ’Anaconda’ga hamma maqsadlarga erishsak yiliga 10% bonus berishi mumkin. Bu degani masalan 100 000 AQSh dollar yiliga olsangiz, bu bonus bilan 110.000 AQSh dollar bo‘ladi, degani.
Bu sonlar va bonuslar turlari albatta kompaniyalarga qarab o‘zgarib turadi. Bu eng mashhurlari xolos.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter