Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Axborot texnologiyalari bilan korrupsiyaga chap berish oson

Axborot texnologiyalari bilan korrupsiyaga chap berish oson

Foto: "Xabar.uz"

Hozirda ko‘plab sohalarda robotlar va sun’iy intellektga asoslangan vositalardan foydalanilmoqda. Ular odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishi jihatidan zamon talabiga javob bermoqda.

Temir xodimdan kutilajak natija faqat bugina emas. Ko‘plab jabhalarda haqqoniylikni ta’minlash maqsadida ham inson omilini soqit qilgan holda kompyuter o‘rganishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Masalan, avvallari (40-50 yillar oldin) oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari o‘qituvchilardan tarkib topgan hakamlar hay’ati tomonidan o‘tkazilardi. Bunda og‘zaki savol-javob yoki o‘qituvchilar tomonidan tekshiriladigan yozma sinovlar o‘tkazilgan. Sir emaski, bunday payt kimgadir oson, boshqasiga qiyin savol berish, qaysidir abituriyentga yon bosgan holda kimnidir yiqitishga urinish o‘qituvchilar, to‘g‘rirog‘i, ularga yuqoridan bosim o‘tkazuvchi OTM rahbariyatining qo‘lida bo‘lgan.

Kompyuterlashtirilgan test tizimi esa imtihon jarayoni, o‘quvchilar bilimini aniqlashni shaffoflashtirdi. Maktab bitiruvchilarini hamma savolga javobni bilishdek ilojsiz talabdan qutqardi. Bilimi bo‘lgan holda jozibador nutqi yo‘q yoxud go‘yo hayot-mamotni hal qiluvchi pedagoglar nigohi qarshisidagi hayajonni yengolmaydigan abituriyentlar test yechish mahali o‘zlarini ancha erkin his qila oldilar. Javoblarni o‘qituvchilar emas, kompyuter tekshirishi tanish-bilishchilik emas, bilim rol o‘ynashini ifodaladi. (To‘g‘ri, bunker va shpargalkalar orqali kimlardir ishini bitirdi, lekin ular kompyuterni emas, o‘zini aldadi, xolos).

Demak, imtihonlardan inson omilini chetlashtirish, javoblar varaqasini tekshirish va ballarni hisoblashni texnikaga topshirish adolatni ta’minlaydi. Bu fikr haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlar ham kompyuterlashtirilganida yana bir bor to‘g‘riligini isbotladi. Ma’lumki, oldin haydovchilikka nomzodlarni yo‘l-patrul xizmati xodimlari amaliy imtihondan o‘tkazardi. Tabiiyki, bunda inson omili yuz foiz ishtirok etgan va pora oldi-berdisiga qulay sharoit tug‘dirib bergani ham sir emas. Pul qistirmagan nomzodni esa o‘ta qat’iy talablar kutib turardi. Ya’ni jarayonni murakkablashtirish yoki osonlashtirish, qaysidir xatolari uchun kechirish-kechirmaslik imtihon oluvchining ixtiyorida qolgan. Hozircha faqat Toshkent shahri va viloyatida yangi joriy etilgan tizim — imtihon markazining kompyuterlashtirilgan sinov usuli korrupsion holatlarga chek qo‘ydi. Unda inson omili aralashmaydi, haydovchilikka nomzodlarning barcha natijalari sun’iy intellekt tizimiga tushiriladi. Imtihon maydonida harakatlanayotganida jarima ballari va ularning sabablari tabiiy ovozli robot orqali taqdim etib boriladi. Bu nomzodlarga qiyin tuyulishi mumkin, aslida bari ularning foydasiga xizmat qiladi. Aybi pora bermagani bo‘lib, imtihondan yiqitishga urinishlar xavfi ko‘ndalang turmaydi. Misol uchun, mashina boshqarishni boshlash avvalidan kamar taqish talabini bajarmaslik oldingi tizim bo‘yicha imtihondan o‘tolmaslikka sabab bo‘lib, hali bir qadam yurishga ulgurmagan nomzodga salbiy natijani qayd etgan bo‘lsa, hozirgi kompyuterlashtirilgan imtihon qoidasiga ko‘ra, bu uchun 5 jarima balli beriladi. Nomzodda keyingi talablarga to‘g‘ri rioya qilgan holda imtihon topshira olish imkoniyati saqlanib qoladi. Avvalgidek imtihon maydonida mashinani ideal boshqarish talabi ham yo‘q. 95 jarima ball bilan ham imtihondan o‘tish mumkin. Hozirda haydovchilikka nomzodlarda tug‘ilayotgan e’tiroz yagona: imtihon markazidagi ekspress-kurs tariflari va imtihon topshirish to‘lovlarining avval osongina berib qo‘yiladigan pora miqdoridan ko‘pligi.

Misollarni uzoq davom ettirish mumkin. Ulardan anglashiladigan haqiqat esa bitta — axborot texnologiyalari faol qo‘llanilgan joyda korrupsiyaning sho‘ri quriydi, korrupsionerlarning bozori kasod bo‘ladi. Buni his etgan holda robototexnika va sun’iy intellekt muomalasini ko‘paytirish lozim. Xuddi imtihonlar singari turli kasb vaqillari o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlov va musobaqalarda ham inson omilini yo‘qotib, texnikaga tayanilsa, poraxo‘rlikka qarshi kurashish va adolatsizlikni aniqlash uchun boshqacha mexanizm axtarishga hojat qolmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring