Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

Toshkentga besh ming so‘m bilan kelib, Buxoroga mashina minib ketganman!

«IT-motivatsiya» ko‘rsatuvining bugungi qahramoni ILM.UZ akademiyasi asoschisi Shahzod Magdiyev.

Shahzod Xusenovich Magdiyev 1988-yilning 4-martida Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan;

*2009-yilda TATU bakalavriat, 2011-yilda magistratura bosqichini tamomlagan;

*2018-yilda O‘zbek-Yapon markazining (UJC) «Programma PMP» biznes kursini muvaffaqiyatli tamomlagan;

 *«Cisco CCNA Routing Switching», «Oracle Database 11g Administrator Certified Associate», «Oracle Database 11g New features for Administrations», «Certificate IPTV product ZTE» bo‘yicha xalqaro sertifikatlarni olgan;

*TATUning «Ma’lumotlarni uzatish» kafedrasida «Tarmoq protokollari» fani bo‘yicha pedagogik faoliyat olib borgan;

* IT mutaxassislar yetkazib beruvchi ILM.UZ akademiyasi asoschisi

 – IT sohasiga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan? Bolalikdan kim bo‘lishni orzu qilgansiz?

– Bolaligimdan iqtisodchi bo‘lishni orzu qilganman. 15-16 yoshlarimda maktabdagi fan olimpiadalarida faol qatnashib yurgan paytlarim ota-onam iqtisodchi bo‘lganliklari tufayli men ham iqtisodchi bo‘laman, deb yurardim. Ammo o‘qishga tayyorlanib yurgan kezlarimda otam hozir kompyuter texnologiyalari rivojlanib boryapti, shu yo‘nalishni tanlasang, iqtisod sohasida ham, huquqshunoslikda ham, tibbiyot yo‘nalishida ham ishlay olasan deb menga motivatsiya berganlar.

– UNICON.UZ DUK va u yerdagi hozirgi faoliyatingiz haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsangiz.

– UNICON.UZ DUKga 2018-yilda kelganman. Ushubu korxonada AKTni rivojlantirish va joriy qilish ilmiy-tadqiqot departamentida ishlayman. Hozirgi kunga qadar o‘ndan ortiq loyihalarni amalga oshirdik. Bu kompaniyada yo‘nalishlar juda ko‘p, mening yo‘nalishim axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va amaliyotga tatbiq etish. Boshqa yo‘nalishlarda ham o‘rtacha 200 dan ortiq malakali xodimlar faoliyat yuritishadi.

– 1992-yilda UNICON.UZ fan-texnika va marketing tadqiqotlar markazi sifatida tashkil etilganidan buyon hozirgi kunga qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi?

– UNICON.UZ qariyb 30 dan ziyod yo‘nalishlarda katta-katta yutuqlarga erishib kelmoqda. Ha, albatta, foydalanuvchilarga, qolaversa, shu sohani o‘rganuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida lug‘atlar, tarjimalar yaratish bo‘yicha alohida bo‘limimiz bor. Har yili shu yo‘nalishda kamida 3-4 ta kitob chiqariladi.

E-Xat muhofazalangan elektron tizimning boshqa pochta xizmatlaridan farqi va afzalliklari?

– Afzalligi shundaki, boshqa pochtalardan ma’lumotlarni yuborganimizda shifrlanmagan holda yuboriladi va buning oqibatida yozishmalarni bir nechta qurilmalar orqali begona kishi ham olib o‘qishi mumkin. E-Xat muhofazalangan elektron tizimida esa yuborilgan ma’lumotlar shifrlanadi va ularning xavfsizligi ta’minlanadi.

Faoliyatingiz davomida qaysi xorij tajribasidan foydalanasiz?

– To‘g‘risini aytsam, juda ko‘p xorij tajribalarini o‘rganaman va ular ichida eng yaxshilarini mentalitetimizga moslab, amaliyotga tatbiq etishga harakat qilaman. Chunki xorij tajribalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab bo‘lmaydi, chunki bizdagi qonun-qoida, tarbiya, maktabdagi ta’lim tizimi boshqacha.

– Nima deb o‘ylaysiz, nega yoshlar bugungi kunda IT sohasini tanlashlari kerak? Yoki bu sohani tanlamasliklari uchun qanday sabablar bor sizningcha?

– Ko‘pchilik yoshlar bilan suhbat davomida nima uchun ITni o‘rganyapsan, deb savol berganimda, ularning aksariyati yaxshi pul topish mumkinligini aytishadi. Biz esa bu maqsadda o‘rganmaganmiz, qiziqqanmiz shu sohaga, yangi loyihalar qilishga, keyin daromadga kirganmiz. Agar insonda o‘zi tanlagan sohaga qiziqish bo‘lsa, oddiygina bir dona loyiha bilan ham yaxshi daromad topsa bo‘ladi. Nega tanlamasliklari kerak, degan savolga esa qiziqish bo‘lmasa tanlamaslik kerak, deb javob beraman.

Sizningcha, IT sohasi uchun zarur bo‘lgan xorijiy tilni offlayn o‘rgangan samaraliroqmi yoki onlayn?

– Agar ingliz tilini oladigan bo‘lsak, zamonga qarab o‘rgangan yaxshi. Avvallari faqat maktab bo‘lardi, hech qanday qo‘shimcha darslarga borilmas edi. Hozirda esa qo‘shimcha o‘quv markazlari juda ham ko‘p, yoshlar o‘zlari istagan markazga borib, o‘qib-o‘rganish davomida boshqalar bilan ham fikr almashishlari mumkin. Bundan keyingi davr esa onlayn ta’lim olish davri kelyapti. Bu esa o‘quvchi va o‘qituvchi orasida hech qanday masofa qoldirmadi, dunyoning istalgan davlatida ham o‘qishlari mumkin. Ammo bugungi kunda o‘qib-o‘rganishga, ma’lumot olishga imkoniyatlar yetarli bo‘lsa-da, avvalgidek ilmga chanqoq yoshlar kam.

  • Bugungi kunda maktabni bitirgan o‘quvchilar repetitorga bormasa hisobmas, lekin o‘sha o‘quv markazlarida ham oddiy maktabdagi o‘qituvchilar dars berishadi. Nega shu bilimni maktabda mustahkamroq o‘rgataverishmaydi?
  • Bugungi kunda siz aytayotgan narsa global muammo hisoblanadi. Menimcha bunga sabab, o‘qituvchilarning yaxshi daromad olishga harakat qilishlari bo‘lsa kerak. Ammo shunga qaramay, fidoyi o‘qituvchilar ham bor. Endi hammaning qarashi har xil, oila boqishdan tashqari bugungi zamon talabiga munosib bo‘lish, jumladan, farzandiga oddiy noutbuk olib berish uchun ham oylik yetarli bo‘lmasligi mumkin. Ammo asta-sekinlik bilan xususiy maktablar ko‘payishining hisobiga ta’lim tizimimiz rivojlanib boraveradi.
  • O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish uchun nimalar qilish kerak deb o‘ylaysiz?
  • Avvalo, maktablarda faqat nazariy bilim berish bilan cheklanmasdan, amaliyotni ham yo‘lga qo‘yish lozim. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida muvaffaqiyatga erishgan insonlarni brend darajasiga olib chiqish kerak. Masalan, men o‘zim qishloqdan Toshkentga o‘qishga kelganimda cho‘ntagimda besh ming so‘mdan boshqa hech vaqoim bo‘lmagan. Bakalavrni, magistraturani muvaffaqiyatli tamomlab, bir nechta sertifikatlarga ega bo‘lib, halol ishlab topgan pulimga yaxshi mashina, uy olganman. Qishlog‘imga qaytib borganimda, bu bola kim deyishsa – “aytishnik” deyishardi. Shundan so‘ng, qarindosh-urug‘lar, mahalla bolalarining aksariyati TATU va INHA, AMITI kabi OTMlarga o‘qishga kirishdi. Chunki ularda “Shahzod ketayotgan paytida hech narsasi yo‘q edi, mashinada keldi, biz ham shunday bo‘lamiz” – degan tasavvur hosil bo‘ldi. Bu go‘yo bir necha yil avval Rossiyaga borib ko‘p pul topib kelganlarga ergashib, yoshlarning chetga ketishga intilishining ortishiga o‘xshaydi. Ammo ITni o‘rgangan kishi musofirchilikda mardikorchilik qilib pul topmaydi, aksincha o‘z yurtida, oilasi bag‘rida turib ham chet el kompaniyalarida ishlay oladi.

– IT sohasiga qiziquvchi yoshlarga qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

– Hozirgi kunda yoshlarimiz biror muvaffaqiyatga erishishsa, davlatdan yoki kimdandir nimadir kutishadi. Bu juda noto‘g‘ri narsa. Inson qandaydir loyihani muvaffaqiyatli amalga oshira olganligining o‘zi katta yutuq. Agar uning bu yutug‘i mukofotlanmasa, tushkunlikka tushib, ishtiyoqni pasaytirmaslik kerak. Aksincha, yanada yangi marralar tomon intilishda davom etish kerak!

PS: Bugungi kunda ko‘plab yutuqlarga erishgan va bir nechta loyihalar muallifi sifatida faoliyat yuritayotgan Shahzod Magdiyev bir paytlar nega sohadan ketmoqchi bo‘lgan?

Agar bu savolning javobi sizga ham qiziq bo‘lsa, suhbatning to‘liq shaklini ict.xabar.uzning Youtubedagi sahifasida tomosha qiling!

E’zoza TURG‘UNOVA suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring