Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

Saidravshan Shokirov: Ishga tezroq kiray desangiz, aslo bunday rezyume tuzmang...(VIDEO)

Bugungi “IT-Motivatsiya” sahifamizning navbatdagi mehmoni — Monday Academy asoschisi, tajribali frilanser va, qolaversa, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Saidravshan Shokirov.

IT olamiga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan?

— Bilasizmi, IT sohasiga kirib kelishimdan avval juda ko‘p sohalarda o‘zimni sinab ko‘rganman. Hattoki, etikdo‘zlik qilishimga ham to‘g‘ri kelgan. Maktabda o‘qib yurgan kezlarim ustachilik ham qilganman. 14 yoshga kirganimda tog‘am menga photoshop va dasturlash haqidagi videodarslar yozilgan disk sovg‘a qilganlar va shu orqali menda IT sohasiga qiziqish paydo bo‘lgan. Avvaliga unga kasb sifatida qaramaganman. Boisi atrofimda aytishniklar bo‘lmagan. 15 yoshimda turli mehmonxonalarga borib o‘z xizmatlarimni taklif qilib ko‘rganman. Ilk loyiham 250 dollar atrofida bo‘lgan va shaxsiy daromadimga o‘sha paytda eng so‘nggi modeldagi telefonni sotib olish menga bu sohani yanada mukammalroq o‘rganishimga motivatsiya bergan.

Frilanserlik faoliyatingizni qaysi kompaniyada boshlagansiz?

— Men ish boshlagan paytlarim aksariyat insonlar asosan knopkali telefon ishlatishardi, hammada ham kompyuter yo‘q edi. Shu bois xam o‘z xizmatlarimni tushuntirib berishga qiynalardim.

O‘sha kezlarda frilans birjasi haqida eshitib qolganman va avvaliga o‘zim ro‘yxatdan o‘tib mijozlar bilan suhbatlashganimda ular 15 yoshli bolaga ishonishmagan. Shunda tog‘amdan iltimos qilib, ularning nomlaridan ish boshlaganman.

Shundan so‘ng to ulg‘aygunimgacha tog‘am org‘ali buyurtmalarni qabul qilib frilanserlik faoliyatimni boshlaganman.

2018 yildan buyon Toptal platformasida frilanser-dasturchi sifatida ishlab kelmoqdaman.

O‘zbekistonda IT bilan shug‘ullanishning afzalliklari qanday?

— Bilasizmi, Yevropa mamlakatlarida yuqori maosh to‘lashganligi bilan, u yerdagi xarajatlar ham shunga yarasha ko‘p bo‘lganligi bois topganingizda unchalik baraka bo‘lmaydi. O‘zbekistonda esa yashash xarajatlari ancha kamroq.

Ammo siz O‘zbekistondan turib frilanser sifatida AQSh kompaniyalarida bemalol ishlashingiz mumkin.

Frilanserlik bilan shug‘ullanishning bugungi kundagi ahamiyati...

— Agar siz har kuni bitta ishxonada ishlab, bir xil kun tartibidan zerikkan bo‘lsangiz, frilans birjasi sizga turli yo‘nalishlarda o‘zingizni sinab ko‘rish imkoniyatini beradi.

Shuningdek, ish beruvchilar uchun ham bir kishini ishga olib, unga muntazam oylik maosh to‘lab borgandan ko‘ra, ma’lum bir ish uchun frilanser yollash ancha arzon tushadi.

Yoshlarni frilanserlik yo‘nalishida faoliyat yuritishga qiziqtirish uchun nimalar qilish kerak? 

— Muvaffaqiyatga erishgan mashhur frilanserlar, dasturchilar haqida ko‘proq ma’lumot berish, ularning ish faoliyatini yoritib borish ham ushbu sohaga bo‘lgan qiziqishni oshiradi.

Qolaversa, kelajak avlodda bolalikdan bu soha haqida qiziqish uyg‘otish uchun maktab darsliklari sirasiga dasturlash fani ham kiritilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Dasturchilikdan tashqari yana qaysi sohalarda frilanserlik qilish mumkin?

— Frilanserlik — bu kasb emas. Nafaqat dasturchi yoki dizaynerlar, balki jurnalistlar, montaj ustalari, kopirayterlar, SMM mutaxassislari, marketologlar va moliyachilar ham frilanserlik bilan shug‘ullanishlari mumkin.

IT sohasida yaxshi ishga joylashish, yaxshi daromad topish uchun, avvalo, nima qilish kerak? Bunda rezyume ham muhim ahamiyatga egami?

— Albatta, ishga joylashishda rezyume muhim ahamiyatga ega. Rezyume tuzishda esa odatiy shablonlardan qochishni maslahat beraman. Qilgan ishlaringiz va qobiliyatlaringiz aks etgan bo‘lishi lozim.

Shuningdek, rezyume o‘rtacha bir varaqdan oshmasligi ham maqsadga muvofiqdir. Agar siz yaxshiroq daromad topishni istasangiz, xorijiy tillarni bilishingiz ham ustunlik beradi.

Bundan tashqari, ishga oluvchi sizning xulq-atvoringiz, kirishuvchanligingiz va jamoa bilan ishlash qobiliyatingizga ham alohida e’tibor qaratadi.

Monday Academy haqida batafsil ma’lumot berib o‘tsangiz...

— Frilanser sifatida ishlar ekanman, faqatgina dasturchilik bilangina chegaralanib qolishni istamadim. Shu bois o‘zimning shaxsiy biznesimni boshlashga qaror qildim.

Bunda, albatta, dasturchilikka qiziquvchi yoshlarning o‘qib-o‘rganishlari uchun o‘zim tug‘ilib-o‘sgan Buxoro shahrida IT sohasi bo‘yicha ta’lim beruvchi Monday akademiyasini ochishga qaror qildim.

Hozirgi kungacha akademiyamizda 3000 ga yaqin yoshlarning IT savodxonligini oshirishga yordam bergan bo‘lsak, ayni damda 250 nafar o‘quvchi 7 oylik va 1 yillik o‘quv kurslarimizda o‘qishmoqda.

Akademiyangiz bitiruvchilarining ishga joylashishlariga ham yordam berasizmi?

— Eng yaxshi o‘quvchilarni, avvalo, o‘zimiz ish bilan ta’minlaymiz. Boshqa o‘quvchilarimizga esa frilans birjasidan qanday qilib ish topish mumkinligi va ishga kirayotganda nimalarga ko‘proq e’tibor qaratish kerakligi borasida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatamiz.

Frilanser sifatida yuqori daromad topishni istagan yoshlar va, ayniqsa, ayollarga zarur va hali hech qayerda aytilmagan qimmatli maslahatlarga boy bo‘lgan intervyuning to‘liq qismini albatta YouTube kanalimizda tomosha qilishingizni tavsiya etamiz!

E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring