ChatGPT o‘zi nega kerak?(video)
Yaratilganidan hech qancha vaqt o‘tmay, allaqachon tillarda doston bo‘lishga ulgurgan ChatGPT bugun qahvaxonamiz mehmoni.
ChatGPT prototip sifatida 2022-yil 30-noyabrda ishga tushirilganiga qaramay ko‘plab sohalarda uddaburonligi va hozirjavobligi bilan tezda omma e’tiborini tortdi. ChatGPT chiqqandan keyin esa OpenAI naq 29 milliard dollarga baholandi.
Chatbotning asosiy vazifasi inson suhbatdoshiga taqlid qilish bo‘lsada, jurnalistlar ChatGPTning ko‘plab qirralari, jumladan, kompyuter dasturlarini yozish va disk raskadrovka qilish qobiliyatini ham alohida qayd etishdi.
ChatGPT musiqa, ssenary, hikoya va insholar yaratish, test savollariga javob berish she’r va qo‘shiq matnini yozish kabi bir qator vazifalarni bemalol bajara oladi.
Ko‘pgina chatbotlardan farqli o‘laroq, ChatGPT suhbatda unga berilgan oldingi ko‘rsatmalarni eslab qoladi. Ammo ba’zan uning aqlga sig‘maydigan darajada noto‘g‘ri javob berishini ham OpenAI tan oladi.
Mutaxassislarning fikricha, ChatGPT chat boti va shunga o‘xshash ishlanmalar kelajakda bir qator kasb egalarining nonini yarimta qilishi mumkin.
Neyrotarmoqlarning rivojlanishi tufayli butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkin bo‘lgan 10 ta ommalashgan kasblar sirasiga esa dasturchilar, jurnalistlar, yuridik maslahatchilar, marketologlar, o‘qituvchilar, moliyaviy tahlilchilar, treyderlar, grafik dizaynerlar, buxgalterlar va yordamchi xodimlar kiradi.
Ammo ayrim tahlilchilar "biz bu vositalarni yordamchi sifatida ko‘rishimiz kerak, xodimni to‘liq almashtirish fikriga ishonib qolish to‘g‘ri emas", deyishmoqda.
Shunday ekan, ChatGPT ishingizni olib qo‘yishidan u qadar qo‘rqmasangiz ham bo‘laveradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter