Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

IT sohasida hech kimning imkoniyati cheklanmagan! (video)

Shunday insonlar borki, hayotga muhabbati, yashashga ishtiyoqi baland, ular hayotning murakkab vaziyatlariga oqilona baho berib, o‘zgalarga yaxshi namuna bo‘la oladilar. Boshga tushgan sinovlar ularning ko‘nglini cho‘ktirmaydi, balki kuch beradi, yana minglab odamlarni ham olg‘a intilishga ilhomlantiradi. Ularda holatga moslashish degan tushuncha yo‘q, aksincha zamonaviy sohalar bilan o‘zlari uchun qulay sharoit yaratib olaveradilar.

Ana shunday kishilardan biri Dilshod Normurodov bugun IT sohasida faoliyat yuritib, yurtimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda…

– Bolalalik yillarim...

– Yoshligimda uy sinfda o‘qiganman. Uyalush hisci sabab deyarli uydan ko‘chaga chiqmasdim. Keyinchalik universitetda o‘qiyotgan yillarim do‘stlar orttirib, bu hisni asta-sekin yengganman.

– Mening tashxisim...

– Kasalligim aslida orttirilgan. Fan tilida poliomiyelit, xalq orasida esa shol deyiladi. Ko‘pchilik bu yuqumli kasallik deydi, ammo menda aynan nima sabab paydo bo‘lganini aniq bilmayman. Ota-onam 10 oyligimda menda kasallik alomatlarini sezib qolishgach, 25 yoshimgacha davolatishgan. Hozirda protezda harakatlanaman.

– Bolalikdan qiziqqan soham...

– Bilasizmi, bolalikdan uydagilar nogironlar uchun o‘tirib ishlashga qulay bo‘lgan soha – buxgalterlik (hisobchilikka) yo‘naltirishgan. Shu bois ham kelajakda hisobchi bo‘laman degan maqsad bilan 19 yoshimda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining buxgalteriya yo‘nalishiga o‘qishga kirganman. Shu soha bo‘yicha 4 yil bakalavr, 2 yil magistratura yo‘nalishlarida tahsil olganman. Bu orada grant asosida Yaponiyaga ham borib kelganman.

– IT va men...

– Talabalik yillarim bizga iqtisod sohasi bilan parallel ravishda dasturlash ham o‘tilar edi. Ammo o‘qishni tamomlagach, u vaqtlar propiska masalasi sabab meni hech qayerga ishga olishmagan. Ma’lum bir vaqt ijtimoiy yo‘nalishda faoliyat yuritganimdan so‘ng IT sohasini yanada yaxshiroq o‘rganib, hayotimni shu soha bilan bog‘lashga qaror qildim. Dasturlashni yaxshiroq o‘zlashtirib olib, mana hozirgi kunga qadar shug‘ullanib kelyapman.

– IT sohasi hamma uchun!

– IT sohasi nafaqat nogironlar uchun, balki yoshidan va jinsidan qat’iy nazar, hamma uchun keng imkoniyatlarga ega. Ijtimoiy hayotdagi barcha soha vakillari o‘zlari uchun bu sohani o‘rganib qo‘yishsa ziyon qilmaydi. Sababi, bundan keying hayot faqat IT yo‘nalishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Hozirgi kunda hammaning qo‘lida telefon. Ammo undan foydalanishning ham o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor. Ko‘pchilik bilib-bilmasdan bugungi kunda xakerlar xujumiga uchrab qolishmoqda. Mana shunday vaziyatlarning oldini olish, qolaversa turli xizmatlardan onlayn foydalana olish uchun ham axborot texnologiyalarini yaxshi o‘zlashtirish lozim.

– Hech qachon taslim bo‘lmaslik kerak!

– Hayotda insonning eng katta dushmani – bu o‘zi! Chunki atrofdagilar ham sen qila olmaysan, uddalay olmaysan degan taqdirda ham odam o‘zi “eplayman”, degan tushuncha bilan harakat qilsa, shunda istagan maqsadiga erisha oladi. Shaxsan o‘zim imkoniyati cheklangan yoshlarga aytadigan gapim – hech qachon taslim bo‘lmaslik kerak!

Taslim bo‘lgan kishi o‘lik hisoblanadi. Bilim olishdan, izlanishdan, o‘z ustida ishlashdan to‘xtagan insonning jamiyatda ham o‘rni qolmaydi. Shuni unutmaslik kerakki, odamzod jismoniy mehnatdan ko‘ra, aqliy salohiyati orqali hayotda ko‘p narsaga erishishi mumkin.

Ko‘rsatuvning to‘liq qismini Xabar.uz axborot-tahliliy portalining YouTube kanali orqali tomosha qiling!

E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring