Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Shifokorga ishonmay, firibgarga aldanadigan omma

Shifokorga ishonmay, firibgarga aldanadigan omma

Axborot texnologiyalari rivojlanib, masofaviy xaridlar allaqachon insoniyatni hayratlantirmaydigan oddiy holga aylanib qoldi. Bu tadbirkorga ham, iste’molchiga ham birdek qulay, albatta. Deylik, jo‘natma orqali yetkaziladigan onlayn do‘kondan kiyim xarid qildingiz. Lekin u qo‘lingizga yetib kelganida bichimi sizga mos emasligi ayon bo‘ldi. Sira achchig‘ingiz chiqmasin, siz baxtlisiz! Chunki moddiy zarar ko‘rdingiz, xolos. Pul topiladi. Siz kabi reklamaga mahliyo bo‘lgan, ammo puli bilan birga bebaho sog‘lig‘idan-da ayrilgan jabrdiydalar qancha!

Avvallari o‘zini salomatlik homiysidek ko‘rsatayotgan bunday firibgarlar uyma-uy yurib, biror laqmani to‘riga ilintirish payida bo‘lardi. Internet ommalashib, ularning kuni tug‘di. O‘tirgan joyida mahsulotini o‘tkazish bilan band. Bu nayrangbozlarning baxtiga xalqimizda ishonuvchan, sodda odamlar ko‘p.

Axborotlar berish uslubi bilan ko‘nglingizdan joy olgan ijtimoiy tarmoq va kanallarda yangiliklar orasida reklamalar ham chiqib turadi. Chunki kanalni yurituvchi blogerning maqsadi shu - reklama orqali daromad topish. Mo‘may daromad ilinjidagilarni nimani reklama qilib berayotgani emas, evaziga qancha pul olayotgani qiziqtiradi. Kanallardagi reklamalar orasida so‘nggi paytlar turli biologik qo‘shimchalar qamrovi ortib ketgani sir emas. Masalan, allaqanday sedana yog‘i shu qadar mashhurligidan uni ishlatmaganlar ham yaxshi biladi. Aslida uning reklamasi o‘zini fosh etib turibdi. Axir qanday qilib birgina kapsula qonni tozalash, asab va yurak tizimini yaxshilash, immunitetni oshirish, toshlarni eritish, xolesterinni kamaytirish, psoriaz, bosh og‘rig‘i, insult, qon bosimi, uyqu buzilishi, soch to‘kilishi, gemarroy, buyrak shamollashi, o‘pka-bronx muammolari, bo‘g‘imlardagi og‘riq,  saratonga birdek davo bo‘la oladi? Axir ularning har biri alohida kasallik, davosi ham turli xil-ku.

Odamlar uchun tibbiy tekshiruv, tabletka va ukollarga ko‘milib davolash kursini olgandan ko‘ra bir firibgarning tuzog‘iga tushib kapsulaga buyurtma berish osonroq-da. Ularning hayotiy faolligi, o‘z ustida ishlashi bundan narigi ishlarga dangasalik qiladi.

Bilim xaloskor ekanligi rost. Nayrangbozga ishonib jabr ko‘rgan odamning halokati tahlil qilishga yetarli darajadagi bilimlarga ega emasligidir. Aks holda "Yegiped Misirda ishlab chiqarilgan" izohidan bir savodsizning nog‘orasiga o‘ynayotganini seza olardi.

Qaysidir reklamasidan 3 yoshdan boshlab, boshqa birida esa 7 yoshdan boshlab ichish mumkinligi haqida hukm chiqarayotganidan ham ularning o‘zi bu borada aniq fikrga ega emasligini uqib olish qiyinmi?

Yana "Qora dona o‘limdan boshqa har bir dardga davodir" hadisini pesh qilishdan tap tortmaydilar. Odamlarni ishonchiga kirish maqsadida mahsulotlarini ilohiylashtirish ularga qo‘l keladi. Hech qanday asos keltirmay kapsulalarini "qulaĭ, mutlaqo zararsiz, halol va boshqa chet el mahsulotlaridan ancha arzon" deya ta’riflaydi. Xo‘sh, bu xulosalar qayerdan paydo bo‘ldi? Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti aytdimi? Ha-ya, bu ishning tepasida turgan "avliyo"lar JSSTdan ham, fan doktoriyu professorlardan ham o‘tadi-ku. Hech kim ular kabi sanoqsiz kasalliklardan davolanishga kafolat bera olmaydi axir.

Sodda odamlarni manipulyasiya qilish uchun "Ota-onani rozi qilish har bir farzandning burchidir. Siz oxirgi marta qachon ota-onangiz sog‘lig‘i haqida qayg‘urdingiz?" chaqiriqlari bilan ham chiqib qolishadi. Yaxshi, ularning maslahatiga amal qilib, ota-onangizga kapsulalarni sovg‘a qiling. O‘zingizning sog‘lig‘ingiz ustida tavakkal qildingiz, endi ota-onangizni ham tajriba quyonchasiga aylantirib ko‘ring.

Bugun dardlardan tuzalishga kafolat berayotgan odamlar ertaga nojo‘ya ta’sirdan yo‘qotilgan sog‘liqni topib berishga ham qodirmilar? Shifo topganlardan misollar keltirayotganda kimning organizmi uni o‘zlashtirolmasligini ham ko‘z oldilariga keltiradilarmi? Agar ularning va’dalari rost bo‘lganida qanchadan qancha tibbiyot muassasalariyu tibbiyotchi kadrlar tayyorlaydigan o‘quv muassasalari yopilib, hamma ana shu kapsulalarga ko‘z tikib o‘tirgan bo‘lardi-ku.

Nega reklama bilan tanishayotgan auditoriya uni targ‘ib qilayotgan mashhur yulduz, chempionlar xuddi kanaliga joylashtirgan bloger kabi daromad umidida bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rmaydilar? Demak, bu dorini qabul qilgan kasallar sog‘ayib, sog‘lar chempion bo‘lib ketar ekan-da?

Savollar ko‘p... Holatni tahlil qilib, bu borada kim ko‘proq aybdorligini aniqlagingiz keladi. Nazarimda, odamlarni asossiz ma’lumotlar bilan sug‘orayotgan tomondan ko‘ra unga ishonib ergashayotganlar ko‘proq aybdor. Shunga monand jabr ham ular tomonga yo‘nalmoqda. Asoratida esa kimningdir sog‘lig‘i pand yeyishi oqibatida kimningdir tegirmoniga suv quyilmoqda. Afsus...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring