Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

O‘zga yurtda gado bo‘lguncha o‘z yurtingda aytichi bo‘l

O‘zga yurtda gado bo‘lguncha o‘z yurtingda aytichi bo‘l

Ayni vaqtda yoshlarning ko‘pchiligi imtihon tashvishlari, talabalik orzusi bilan yuribdilar. Shu oy hammasi hal bo‘ladi. Albatta, bu yo chikka, yo pukka tamoyiliga asoslangan lotereya o‘yini emas. Qoida oddiy: Bilimi borlar oliygoh ostonasiga qadam qo‘yadi, ilm olishga qaratilgan intilishlari kifoya qilmaganlar esa yo‘lning bu betida qolib ketadi. Abituriyentlarga omad tilaganimiz bilan omad ham bilimlilarga kulib boqishini yaxshi tushunamiz.

Sentyabr avvalida yoshlarimizning bandligini tusmollab ko‘raylik. Bir qismi talabalik baxtidan sarmast holda oliy ta’lim muassasasida tahsil olishni boshlaydi, imtihondan yiqilgan ko‘pchilik-chi? Ularning oldida kelasi o‘quv yilida qayta urinib ko‘rish, bu uchun yanada ko‘proq o‘qish yoki talaba bo‘lish istagidan voz kechgan holda biror hunarning boshini tutish, ishga kirib pul topish kabi variantlar turadi. Ha, aytgancha, rejalarning salmoqli qismini chetga ishlashga ketish ham tashkil etadi. Xo‘sh, bu qarorga qanday omillar undaydi?

Maktab bitiruvchisi kelajakda yaxshi odam bo‘lish, yaxshi yashash istagida oliy ma’lumotli bo‘lishga intilsa-yu, bunga erisholmadi, deylik. Orzularining «talaba bo‘lish» bandiga qo‘l siltagani bilan, baribir unda kam-ko‘stsiz yashash umidi saqlanib qolaveradi. Buni amalga oshirish uchun esa mo‘may daromad topishga, o‘zimizda emas, chetda ishlab pul topishga harakat qiladi. Kimningdir o‘zga yurtda omadi chopishi mumkin, ammo mehnat huquqlarining buzilishi, inson sifatida kamsitilish, qora terga botib tongdan tungacha ishlaganiga yarasha haq olmaslik, sog‘lig‘ini yo‘qotish, hatto yosh jonining zavol topishi hollari tajribada kuzatilayotganidan ko‘z yumolmaymiz.

Hech kimning millatdoshi, vatandoshi taqdiriga befarq bo‘lishga haqi yo‘q. Shunday ekan, xorijda yurtimiz nomini baland ko‘tarayotgan, chet elda bilim va malaka to‘plab o‘z yurtiga manfaat keltirayotganlarni qo‘llab-quvvatlagan holda o‘zga yerlarda mashaqqat chekayotgan yurtdoshlarimiz holidan xulosa chiqarish zarur. «O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingda gado bo‘l» degan maqolni avvallari ko‘p ishlatardik. Shoh bo‘lish mayliku-ya, yot tuproqda gado bo‘lish-chi? Undan ko‘ra o‘z yurtida kuchli mutaxassis bo‘lib yetishishni tanlagan afzal emasmi?

Bu boradagi eng yaxshi yechim qalbi nozik, fikri tarqoq, tavakkalchilik xususiyatlarga limmo-lim yoshlik davrini boshdan kechirayotgan yigit-qizlarni axborot texnologiyalari sohasiga jalb qilishdir. Ko‘pchilikda dasturchi bo‘lish yoki bu olamning boshqa bir yo‘nalishini o‘zlashtirish uchun TATU yoki INHAda o‘qish kerak, degan noto‘g‘ri tasavvur bor. Albatta, agar chuqurlashtirilgan va mukammal ilmga da’vogarlar shu kabi ta’lim muassasalarini tanlaydilar, lekin talaba bo‘lolmagan yoshlar uchun ham hamma eshiklar yopiq emas. Muvaffaqiyatsizlik - «bu yerda yo‘l yo‘q» degan yozuvdir. Lekin ko‘pchilik faqat oxirgi ikki so‘zini o‘qib, yolg‘on tasavvurni shakllantirib oladi.

Axborot texnologiyalari shu qadar tolerant, qayishqoq, moslashuvchan sohaki, u diplomliga ham, diplomsizga ham, erkakka ham, ayolga ham bag‘rini ochaveradi. Uning sir-asrorlarini bilib olgan o‘rta ma’lumotli mutaxassisdan tortib to‘rt devordan tashqariga chiqmaydigan uy bekasigacha mo‘may daromad sohibiga aylanishi mumkinligi afsona emas.

Axborot-kommunikatsion texnologiyalari – ham ilm, ham hunar. Uni egallagan insonning bilimi qog‘ozda qolib ketmaydi, balki kundalik turmushga yaraydi, insonlarning og‘irini yengil qiladi, hayot sifatini yaxshilaydi. Ushbu haqiqat bag‘ishlaydigan zavq esa kasb egasining o‘ziga nisbatan ishonchini oshiradi, yangi marralar sari undaydi. Ishidan ko‘ngli to‘q, mehnatiga yarasha haq olayotgan, xotirjam yashayotgan odamni xuddi shu pulni vatan sog‘inchi va qora ish bilan topayotgan yana bir vatandoshingiz bilan qiyoslab ko‘ring.

Yoshlarda salohiyat yetarli, faqat ularning yoshlik fasliga xos qiziqqonliklari va hassos qalblari shoshma-shosharlik bilan noto‘g‘ri qaror qabul qilishga boshlab qo‘yishi mumkin. Shuning uchun axborot texnologiyalari olamiga chorlovni kuchaytirish lozim. Mahalla, maktab, litsey va kollejlarda, yoshlarning uyushgan jamiyatlari va guruhlarida ta’sirchan targ‘ibotlar olib borilsa, ertaga o‘zbek yoshlari ham o‘zlariga yarashgan ishning boshini tuta oladilar. Zero, ular bunga loyiqlar. O‘zga yurtda shoh bo‘lish ham, gado bo‘lish ham o‘z yurtida zo‘r aytichi bo‘lishga yetmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring