Kreditomaniya – qarz olib rohatlanadiganlar dardi
Shunday insonlar borki, qarzdan boshi chiqmaydi, qarzni qarzga ulab kun kechiradi. Albatta, mablag‘ zarur bo‘lsa-yu, ayni vaqtda qo‘lida pul bo‘lmasa, yaqin kishisidan qarzga so‘rab turish tabiiy. Lekin qarz-maniya kasaliga uchragan odamda nafaqat pulsizlik, balki ruhiy buzilish ham kechayotgan bo‘lib, ular birovdan qarz olishga qaram bo‘lib qoladilar. Mazkur ruhiy tobelik kreditomaniya deb yuritiladi. Unda faqat banklardan kredit olishga ruju qo‘yish emas, odamlardan qarz so‘rash odatining kuchayib ketgani ham o‘rganiladi.
Zamonaviy insonlarning 3 tasidan 1 tasi mazkur qaramlikka chalingan bo‘lib, uning ortiga stress yashiringan. Ayniqsa pandemiya payti kasallikdan bezigan aholi depressiyaga tushib qoldi va o‘zini kreditlarga ura boshladi.
“Qarz-man” shunday odamki, u birovdan qarz olmay yasholmaydi. Qo‘liga pul tushsa, qarziga to‘laydi va keyingi ehtiyojlari uchun yana qarz olishga majbur bo‘ladi. U bir vaqtning o‘zida bir nechta odamdan qarzdor bo‘lgani uchun “oylikkacha” deb olgan pullarini qaytarishga maoshi yetmaydi va qarzini to‘lash uchun boshqa birovdan qarz oladi. “Qarz-man” ana shunday chigal zanjirga o‘ralib yashaydi. Psixologlar begona pullarga bu darajada qaram bo‘lishni alkogolizm yoki o‘yinlarga bog‘lanib qolishdan kam emas, deb baholaydilar.
O‘smirlik davri notinch o‘tgan insonlar qarz olishga “usta” bo‘lishlari isbotlangan. Chunki bu payt insonning orzulari ko‘p bo‘ladi, ularni amalga oshirish esa faqat o‘ziga bog‘liq bo‘lmagani uchun yaqinlariga suyanadi. O‘smirlik davridagi mazkur ehtiyoj qondirilmasa, kelajakda u pulsizlikdan atrofdagilarga suyanish, qarz olish orqali muammolarini yechishga o‘rganib qoladi. Agar o‘smir yoshdagi farzandingizni qo‘llab-quvvatlamasangiz, qiziqishlarini hisobga olmasangiz, maqsadlariga erishishda yordam bermasangiz, bilingki, siz bo‘lajak qarzdorni, “qarz-man”ni tarbiyalayapsiz.
Faqat kambag‘al, nochor odam qarz oladi, degan faraz mutlaqo noto‘g‘ri. Psixologik bo‘shlig‘i bor odam millioner bo‘lsa ham qarz olaveradi. Chunki u karmonidagi pul bilan hisoblashmaydi, masalan ayni vaqtda qo‘lida 10 million so‘m bilan do‘konga kirsa, 15 million so‘mlik buyum beixtiyor e’tiborini tortadi va unga egalik qilish uchun kimdandir qarz so‘raydi. Bor pulini birgina buyumga sarflab qo‘yganidan keyin ertangi xarajatlar uchun boshqa birovning oldiga borib sarg‘ayadi. Xoh ishoning, xoh ishonmang – qarz so‘rash va qarz olish unga ruhiy xotirjamlik bag‘ishlaydi, shu yo‘l bilan u yon-atrofdan qo‘llab-quvvatlov va suyanch qabul qilyapman, deb o‘zini aldaydi. Qarz evaziga kelgan pulni qo‘lga ushlagach, muammolarini bir zumga bo‘lsada unutadi.
“Qarzim bo‘lsa, uxlolmayman”, deydi ba’zilar, ular qarzdorlikdan qochadi, och qolsa ham qarz olmaslikka harakat qiladi. “Qarz-maniya” bemori esa aksincha, qarz olmasdan turolmaydi, qarzidan qutulganida emas, qarz olganida qalbida quvonch uyg‘onadi.
O‘ziga nisbatan ishonchning pastligi ham ko‘p qarz olishga undaydi. Chunki u muammolar oldida o‘zini ojiz his qiladi, masalalarni boshqalar aralashuvisiz, o‘z kuchi bilan hal qilishiga ko‘zi yetmaydi.
Bankdan kredit olishga ishqibozlar ham “qarz-man”lar sirasiga kiradi. Ularga bo‘lib to‘lash qiziq tuyulib, bir nimali bo‘lib qolishga intiladilar. Aslida bir necha kreditlarga yoppasiga ko‘milish ham ruhiy kemtiklarni to‘ldirishga bo‘lgan urinishdir. “Kredit-man” o‘zini g‘amxo‘rlik ostida his qilishni istaydi va bank mijozi sifatida bunga erishish yo‘lini tanlaydi. Hayotda imkoniyatlarga tashna bo‘lgani uchun bo‘lib to‘lash imkoniyati darrov ularni o‘ziga rom etadi. Foiz tug‘ishi esa ko‘zga ko‘rinmaydi. Qarzni vaqtida to‘lolmaslik oqibatida javobgarlikka tortilishi mumkinligi-ku umuman hayolga ham kelmaydi.
Bemor avvalo dard ildizini aniqlashi, o‘smir davridagi muammoli voqealarni ong ostidan qo‘yib yuborishi lozim. Unga vaqtida suyanchiq bo‘lmagan ota-onasi va boshqa oila a’zolari, yaqin qarindoshlari, ustozlari hamda do‘stlarini kechirishi kerak. Psixolog unga kechirishning maxsus texnologiyalarini o‘rgatadi. Qarzdorlikdan qutulish uchun o‘ziga nisbatan ishonchni oshirish, irodani mustahkamlashning psixologik mashqlarini bajarish ham foydali.
“Qarz-man”ga kuchli nazorat kerak. Bu nazorat atrofdagilar emas, o‘zi tomonidan amalga oshirilgani ma’qul. Yaqinlari esa bemorni qo‘llab-quvvatlashga, yordam berishga, suyanchiq bo‘lishga tayyor ekanliklarini so‘z va amal bilan bildirib turishlari lozim. Sovg‘alar bilan siylash ham yaxshi yordam beradi. Sizdan qarz so‘rasa, rad etish bilan “qarz-man”ni tarbiyalay olmaysiz, aksincha bu uni cho‘ktirib, ruhiy holatini yanada yomonlashtirib yuboradi. Undan ko‘ra, mablag‘ nima uchun kerak bo‘lib qolganini surishtiring. Sabab asosli bo‘lsa, qarz bering va muddat qo‘ying, shu sanada qaytarishi shartligi, o‘zingizga ham pul zarurligini uqtiring, muddat yaqinlashganda eslatib turing. Qarzni yaxshi kayfiyatda bering va tez orada pul qaytishiga, qarzdor bu uchun imkon topa olishiga ishonayotganingizni bildiring.
Doimiy qarzdorlarga maslahatlar:
- Daromadlaringiz va harajatlariningizni qog‘ozga tushiring. Ehtiyojdan tashqari xarajatlarni ro‘yxatdan chiqarib tashlang.
- Qo‘lingizga pul tushganida ishni qarzlarni to‘lashdan boshlang va kundalik harajatlar uchun ham pul qoldiring.
- Kimdan qancha miqdorda qarzdor ekanligini yozib chiqing va to‘langan qarzlarni o‘chirib boring. Har bir to‘langan qarz uchun o‘zingizni rag‘batlantiring. Masalan, maqtov, qarsak yoki dam olish bilan.
- Qarz bergan odam bilan aloqada bo‘lib, olgan pulingiz yodingizda ekani, uni qaytarish harakatida ekanligingizni bildirib turing. Mas’uliyatli shaxsga aylaning.
- Katta miqdorda qarz olmang. Kuchli zarurat bo‘lmasa, qarz evaziga kiritiladigan narsadan hozircha voz keching. Kechroq bo‘lsada o‘z mablag‘laringiz evaziga erishasiz.
- Qo‘lga kiritgan mol-mulklaringiz uchun minnatdor bo‘ling va ularni o‘rnida ishlating.
- Insonlarga qo‘ldan kelgancha yordam bering, kichik miqdorda bo‘lsa ham ehson qiling, shu yo‘l bilan oluvchi qo‘ldan beruvchi qo‘lga aylanasiz.
- Qarzingiz haqida ortiqcha qayg‘urmang, yaxshisi - ko‘proq ishlab, daromadingizni ko‘paytirish haqida o‘ylang. Boy bo‘lishni orzu qiling va unutmang: boylarga qarzdorlik yarashmaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter