Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jahon banki O‘zbekistonda IT-ta’lim va kasblarni rivojlantirish uchun 50 mln dollar ajratadi

Jahon banki O‘zbekistonda IT-ta’lim va kasblarni rivojlantirish uchun 50 mln dollar ajratadi

Foto: Jahon banki

Jahon bankining Ijrochi direktorlari kengashi “O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik” loyihasini amalga oshirish uchun 50 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi.

Loyiha hukumatning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda qishloq va chekka hududlardagi minglab yoshlarning raqamli ko‘nikmalarga o‘qitish va axborot texnologiyalariga asoslangan xizmatlar (ITES) sohasida ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zbekistonda ITES xizmatlari eksporti 2017 yildagi 600 ming dollardan 2022-yilga kelib 140 million dollargacha sezilarli darajada oshdi, bu bilan bir vaqtda axborot texnologiyalari (IT) sohasida kompaniyalar soni va yuqori maoshli ish o‘rinlarining o‘sishi kuzatildi. Ushbu ijobiy o‘sishga qaramay, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) savdosi sektorining mamlakat yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan hissasi 2022-yilda 1,9 foizni tashkil etdi, deyiladi xabarda.

Mamlakatni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasida (“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi) ushbu o‘n yillik yakuniga qadar O‘zbekiston Markaziy Osiyo axborot texnologiyalari markaziga (“IT-HUB”) aylanishi, IT-xizmatlarining yillik eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazishi, IT-kompaniyalarning mamlakatdagi vakolatxonalari sonini 1 000 tagacha oshirishi va 300 ming nafar yoshlarni IT sohasida ish bilan ta’minlashi kerakligi aytiladi.

Ushbu ulkan maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston raqamli texnologiyalar sohasidagi zarur ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash, kerakli IT va ofis infratuzilmasini rivojlantirish, IT sohasini rivojlantirish uchun qonunchilik normalarini va siyosatni ishlab chiqish, shuningdek, xorijiy va mahalliy investorlarni ushbu sohaga jalb qilish uchun rag‘batlar yaratishga e’tibor qaratishi kerak bo‘ladi. O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotiga kiritilayotgan sarmoyalar ayni paytda ta’lim olmayotgan, professional tayyorgarlikdan o‘tmagan va mehnat faoliyatida bo‘lmagan yoshlar, jumladan, ayollar sonini qisqartirishda ham yordam berishi mumkin.

“Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan yangi loyiha O‘zbekistonga ITES xizmatlari sohasidan iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadlarida foydalanishda yordam beradi. Mamlakatning qishloq va chekka hududlarida istiqomat qiluvchi 30 yoshgacha bo‘lgan minglab yoshlarni o‘qitish maqsadini ko‘zlagan ushbu loyiha Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi IT Park tomonidan amalga oshiriladi. Loyiha doirasida ushbu tayyorlov kurslaridan o‘tgan shaxslarni ishga oladigan ITES kompaniyalari uchun turli xil rag‘batlar taqdim etiladi”, — deya ta’kidladi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

2029-yilda, loyiha yakuniga borib, O‘zbekiston ITES xizmatlari sohasida 25 000 kishi ish bilan ta’minlanishi va 15 000 kishi turdosh sohalarda ish topish imkoniyatiga ega bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Loyiha ushbu maqsadlarga erishish uchun turli xil chorat-tadbirlarni maqsad qilgan,

jumladan:

  • Butun mamlakat bo‘ylab zamonaviy ofis maydonlarini taklif qiluvchi 11 tagacha hududiy ITES markazlari ishga tushiriladi. Ushbu chora-tadbirlar ITES kompaniyalarini O‘zbekiston hududlarida o‘z vakolatxonalarini ochishga rag‘batlantiradi.
  • 6 200 ga yaqin yoshlar, shu jumladan 3 100 nafar ayol va 250 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar kommunikatsiya, kompyuter va til ko‘nikmalarini (ITES kompaniyalarida talab qilinadigan ingliz va boshqa chet tillari) o‘z ichiga olgan asosiy professional ko‘nikmalarni rivojlantirish dasturlari bo‘yicha ta’lim oladilar.
  • 9 000 ga yaqin yoshlar, shu jumladan 4 500 nafar ayol va 360 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ITES kompaniyalarida ish bilan ta’minlanadi. Kompaniyalarga, o‘z navbatida, loyiha doirasidagi ishtirokchilarni ishga olishi uchun moddiy rag‘batlar beriladi.
  • O‘zbekistonda xorijiy va mahalliy ITES kompaniyalari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlashda muhim o‘rin tutgan normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi.
  • Yuqorida qayd etilgan loyiha chora-tadbirlari natijasida 240 ga yaqin yangi ITES kompaniyalari IT Park rezidentlariga aylanadi va O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlaydi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring