Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Kompyuter savodxonligini necha yoshdan boshlash kerak?

Kompyuter savodxonligini necha yoshdan boshlash kerak?

Foto: "24.com.ua"

Axborot texnologiyalari rivojlanishga yuz tutgani sayin hayotimizni keng doirada qamrab olmoqda. Shunga monand soha mutaxassislari obro‘li, daromadli, kerakli kasb vakiliga aylanmoqdalar. Buning bevosita guvohi bo‘layotgan insonlar "ayti" eng maqbul mutaxassislik ekanligini, ular ko‘chada qolmasligi, pichog‘i yog‘ ustida bo‘lishini anglagan holda havas ila boqmoqdalar.

Bugungi kunda "Axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassis bo‘laman" deya qaror qilgan yoshlar ko‘p. "Farzandimni "aytichi" qilaman" deb rejalashtirayotgan ota-onalar ham talaygina.

Hozirda ko‘plab davlatlar maktablarida boshlang‘ich sinflardanoq kompyuter savodxonligini chiqarishga oid fanlar kiritilmoqda. Zero, bu zamon talabiga aylanmoqda. Farzandi ushbu soha yoki unga uyg‘un kasbda ishlashini niyat qilgan ota-ona va ustozlar raqamli olam saboqlarini qachondan boshlaganlari afzal?

Aslida jarayon homiladorlik paytidanoq boshlanadi. Ya’ni, bo‘lajak ona maxsus dastur, ilova, saytlar orqali bilim olib, farzand tarbiyalashga o‘zini tayyorlaydi. Chaqaloq parvarishini ham yosh onalar kitobdan ko‘ra internetdan ko‘proq o‘rganadilar. Veb olamdagi xos jamiyatlar - forum, chat, kanal va guruhlar bu borada qulaylik tug‘diradi. 5-6 oydan olamni faol o‘zlashtirishga kirishgan kichkintoyni onasining qo‘lidagi gadjetlar ham bee’tibor qoldirmaydi, albatta. Ammo hali erta. 5 yoshgacha bolajonlar kompyuter, planshet, smartfon kabilarni o‘yinchoqqa aylantirmaganlari ma’qul.

5 yoshlilar uchun esa ta’limga ixtisoslashgan kompyuter dasturlari juda ko‘p, ular bilan tanishtirish maqsadga muvofiq. Bolalarga atalgan ilovalar diqqatni jamlash va xotirani mustahkamlashga katta yordam beradi. Farzandlaringiz ulardan zavq olibgina qolmay raqamli olamga ilk qadamlarni tashlaydilar. Uning bilimlarini yanada kuchaytirish uchun rolik va o‘yinlarni har gal ochib, ko‘rishga tayyor qilib bermay, ilova yoxud qidiruv xizmatiga o‘zi kirishni o‘rgatib qo‘yish kerak. Bog‘cha bolalariga rasm chizishni o‘rgatuvchi dasturlar qiziqarli va foydalidir. Telefondagi o‘yinlardan ko‘ra ularga ko‘proq jalb qiling. Chunki o‘yin savod chiqarishga samarali yordam bermaydi, videorolik, dastur va ilovalarning bilim berish ta’siri yuqoriroq.

Maktab yoshidagi bola internetga ancha yaqinlashadi. Birinchi sinf o‘quvchisiga kompyuterdan papka, fayl ochish, harf terishni o‘rgataverish kerak. Keyingi bosqichda fotosuratlarni saqlash, qidiruv xizmatidan faol foydalanish usullari bilan tanishtirasiz.

9 yashar bola internet bilan ancha do‘st tutingan bo‘ladi. Hozir uni foydali dasturlarga qiziqtirishning ayni pallasi. Shu paytgacha kompyuter imkoniyatlari bilan yetarlicha tanishgan bola 9-10 yoshida gadjetlardan mustaqil foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘ladi. Agar darslardan tashqari qo‘shimcha kurslarda yoki adabiyotlar bilan shug‘ullangan bo‘lsa, nisbatan sodda bo‘lgan mualliflik dasturlarini ham yaratishi mumkin. Bu yoshdagi farzandingizning harf terish tezligini kuzating, barmoqlari klaviatura bo‘ylab erkin harakatlanishi kerak.

O‘quvchi yuqori sinfga o‘tgach, referatlar tayyorlash, slaydlar yaratish taqozosidan kompyuter va internet hayoti hamda ta’limining bir qismiga aylanib qoladi. Faqat bu payt o‘yinlar ham o‘ziga rom etayotgan bo‘ladi. Buning asoratlaridan himoyalagan holda veb-olamning murakkabroq qirralarini ochiqlang. Masalan, arxivlashtirish, antiviruslar, grafik tahrirlash kabi tushunchalarni yaxshi egallab olsin.

6-7 sinf o‘quvchisi dizayn yaratish va sayt ochish sari yuzlanishi darkor. Albatta, hozircha professional va mukammal emas, havaskor va sodda ish uslubi tanlanadi. Bu davr shunisi bilan muhimki, bolada kasb tanlash fikri tug‘iladi. Kompyuter bilimlariga tayangan holda axborot texnologiyalari sohasini afzal ko‘rsa, ajab emas. Demak, farzandi "aytichi" bo‘lishini xohlagan ota-ona harakatni ancha avval boshlashi, uni bilimlar bilan asta-sekin boyitib borishi maqsadga muvofiq. Aks holda 14 yoshli yigit-qizlar sohaga qanchalik qiziqmasinlar qo‘llaridan bir ish kelmasligidan cho‘chib, raqamli dunyo kishisi bo‘lishdan yuz o‘girishlari hech gap emas. Ungacha to‘plangan bilim zahirasi esa o‘smirlarga motivatsiya bag‘ishlab, o‘zlariga nisbatan ishonch ortadi va hech ikkilanmay shu sohani tanlaydilar.

Maktabni bitirish arafasidagi o‘quvchi o‘zini dasturchi, administrator, veb-masterlikka tayyorlashi kerak. Bu paytga kelib boshqa sohalar, masalan tibbiyot, qurilish, marketingda kompyuter texnologiyalarining qo‘llanilishini o‘rganib, firmalardan haq evaziga buyurtma olishga o‘taverish kerak.

Shuncha narsani o‘rganib bo‘lsa, institutda o‘qishga hojat qolmaydi-ku, deysizmi? Bu har kimning o‘ziga tegishli qaror. Agar yanada kuchli mutaxassis bo‘lish va mo‘l-ko‘l daromad istagida bo‘lsa, yuqoriroq marralarni ko‘zlasa, oliy ta’lim doirasida kasb sir-asrorlarini mufassal o‘rganishi darkor. Albatta, universitet yoki institutdagi ta’limini tajriba bilan uyg‘unlashtirgan holda mualliflik ishlanmalarini davom ettiradi. Zotan, axborot texnologiyalari shunday sohaki, unda "Bo‘ldi, o‘rganib bo‘ldim", deya oladigan kadr yo‘q. Muntazam ravishda o‘z ustida ishlash, qo‘lidagi diplom yoki oqib kelayotgan pullarga ishonib qolmaslik, raqobat kuchliligini unutmagan holda izchil izlanish samarali natijani kafolatlaydi. Ha, shunday, bu kasb sirlarini bir umr o‘rganasiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring