Ijtimoiy tarmoqlarda senzura o‘rnatayotganlar kim?

Ba’zan atrofdan “Tilning suyagi yo‘q, deb gapiraverasanmi?”, degan tanbehni eshitamiz. Har gapni tilga olishga to‘siq bo‘luvchi suyak yo‘q ekan, qo‘l-chi? Qo‘llarimizda suyak bormi? Bugun biz shu qo‘llar orqali istagan mulohazamizni yozishga kirishdik. Nega dildagini yozuvga ko‘chirish ishini suyaklar nazorat qilolmayapti? Suyak – bir ibora, o‘xshatish xolos, aslida har bir harakatimiz miya - aql, shu qatorda yurak - qalb orqali boshqariladi. Ammo nechun aqlimiz va qalbimiz har gapni bitishga izn berdi?..
Avvallari yozish faqat qalam ahlining vazifasidek tuyulardi. Bugungi kunda hamma qalamkash, go‘yo. Bir betni qoralash uchun jurnalist bo‘lish talabi eskirdi. Bunga internet, ommaviy kommunikatsiyalar, ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi turtki bo‘ldi. Virtual olamdagi saytlar, sahifalar, guruhlar, kanallar, forumlar, bloglarning cheki yo‘q. Ularning bir qismi bilim berish, jamoatchilik fikrini shakllantirish, savol-javoblar asosida foyda keltirishga xizmat qiladi. Ko‘p qismi esa mutlaqo foydasiz, faqat vaqt va so‘z uvoli bilan insonlarga ham, jamiyatga ham zarar keltiradi.
Har kim o‘z fikrini ifoda etish huquqiga ega. Deylik, kimdir internetdagi sahifasiga hayotiy qarashlarini, o‘y-maqsadlarini yozib qo‘ydi. Matn quyisiga internet foydalanuvchilaridan biri o‘z mulohazasini bitadi, keyingisi unga qarshi chiqadi, fikr egasiga ham darrov javob qaytariladi, qarabsizki dahanaki jang! Bu psixologiyada qaynoq kartoshkani uloqtirishga qiyoslanadi. Ya’ni, qo‘lingizda qaynoq kartoshkani uzoq ushlab turolmaysiz, darhol otib yuborasiz, uni ilib olgan odam ham qo‘li kuygani bois qayta uloqtiradi. Achchiq fikrlar jangi ham xuddi shunday.
Bir-birini hayotda ko‘rmagan, yuzma-yuz muloqot o‘rnatmagan, ko‘cha-ko‘yda ko‘rib qolgan taqdirdayam tanimay o‘tib ketuvchi kishilar monitor qarshisida bir-biri bilan qirpichoq bo‘ladi. Lekin bularning bari reallikda sodir bo‘lmagani sabab tomonlar o‘zini ayblamaydi, ongli ravishda urush chiqarib, haqoratli so‘zlar ishlatganidan vijdoni qiynalmaydi. Chunki internetdagi nizoni ixtilof, deb sanamaydi. Aslida internet orqali muloqotga kirishganda ham inson insonligicha qoladi, kompyuter stoliga o‘tirib yoki qo‘limizga planshet olib, robotga aylanib olmaymiz-ku. U tomonda biz bilan talashayotganlar ham robot yoinki biror qurilma emas, xuddi biz kabi odam. Nega virtual kanallardagi munozara va muhokamalarga kirishar ekanmiz, buni unutib qo‘ydik?
Guruh yoki sahifalarda bahs boshlansa, har kim sherigini mot qilish, tortishuvda g‘olib bo‘lishga chiranib, lug‘atidagi eng ta’sirchan so‘zlarni ishlatadi. Fakt keltiradi, misol aytadi, bular ish bermasa, haqorat qiladi. Tushunmaydiki, munozarada ustun kelgan inson emas, balki ana shu tortishuvga kirishmagan odam g‘olibdir. Keraksiz kanal, guruh va hokazolardagi muhokamalarda ishtirok etmasangizgina yutasiz. Aks holda to‘g‘ri gapingizni boshqa tomonga burishadi, savolingizni javobga aylantirib yuborishadi, gap orasida og‘zingizdan chiqib ketgan jumlangizdan sarlavha yasab, maqolalar yozishadi.
Ha, internet taraqqiyi jurnalistlarni ham dangasa qilib qo‘ydi. Endi ular maqola mavzusiga chuqur kirib borish maqsadida tegishli shaxsdan intervyu olishiga, ko‘chada yurib xalq fikrini o‘rganishga ehtiyojmand emas. Ijtimoiy tarmoqdagi fikrlar – ular uchun tayyor go‘sht, o‘shanga ishlov berib mahsulot tayyorlayveradi. Bugungi muxbirlar mutasaddi rahbarlarning faoliyatini kuzatishdan deyarli to‘xtadi, balki internetdagi faolligini kuzatishga o‘tib oldi. Ular uchun xalq manfaati yo‘lidagi amaliy ishlar muhim emas, balki o‘sha mansabdor shaxsning veb-olamda o‘zini tutishi, qanday fotosuratlar joylashtirib, qaysi fikrlarga “yoqdi”ni tamg‘alayotgani zarurroq. Shu asosda xulosa yasayveradi. Yoki yana bir osonroq usul – u amaldor haqida qanday mish-mishlar yuradi? Shu savol atrofida ma’lumot izlaydi. Kimdir burnidan oshiq gap eshitgani yoki javob o‘rniga so‘kish bilan siylanganini tasvirga tushirib, internet orqali yoygan bo‘lsa, shular pesh qilinadi.
Demokratiya bizga erkin fikrlashni berdi, lekin aytingchi, shu erkin fikrmi? Biror mulohazani shunchaki yozib qo‘ysangiz-u, uning ustidan butun olomon (ha, olomon, xalq emas!) mag‘zava to‘kish bilan band bo‘lsa. Shundan keyin ham erkin fikrlay olasizmi? Senzura yo‘qolgani bilan insonlarning o‘zi ruhan ezish orqali senzura yaratdi-ku. Bir-birining emin-erkin fikr izhor qilishiga dahl soldi-ku.
Parodoksal holat: Kimningdir bir so‘ziga yuz izoh qoldirib, mulohaza (kommentariya) yozib, keng ulashishga usta odamlar ba’zan bir juft kalomni taroziga soladi, qizg‘anadi. Bayramlar va tug‘ilgan kunlar bilan chin dildan tabriklash yo‘qolib ketdi. Tarmoq orqali tayyor stiker, foto va animatsiyalarni jo‘natishadi. Xatto namuna shaklidagi tabrik va she’rlar bor. Yaqinimizga tilak bildirib, so‘z izlashimizga hojat yo‘q. Minnatdorchilik bildirish borasida ham qiynalmaysiz: tayyor smayliklar xozir-u nozir.
Har narsaning uvoli va zavoli bor. Isrof, albatta, yaxshilikka olib kelmaydi, o‘z asoratini ko‘rsatadi. Bugungi internet olamidagi mulohazasizlar “mulohaza”si chinakamiga so‘z uvolidir. Ularda ma’no yo‘q, mazmundan yiroq, maqsadi puch: fisqu-fasod, g‘iybat, ig‘vo, tuhmat. O‘zingiz ham bir begona odamning javobidan asabiylashib, bosh ushlab o‘tirasiz. Aslida bu o‘ylashga arziydimi? Nega fikr bildirshga munosib minbarlar axtarmaysiz?
Muloqot imkoniyati – bizga atalgan ne’matlardan biri. Uni suiiste’mol qilmasligik, so‘z uvoliga yo‘l qo‘ymaslik har kimning o‘z qo‘lida. Iroda ishga solinsa, teran tafakkur va qalb amriga quloq solinsa bas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter