Dumli hokim (hajviya)
Jurnalistika fakulteti talabalarini amaliyot uchun gazeta tahririyatlariga jo‘natish odat tusiga kirgan. Ikkinchi bosqich talabasi Hikmat ham bu tamoyildan benasib qolmadi. Yuqori bosqichlarda o‘qiydigan jo‘ralari «Ey, praktikantlikdan rasvo narsa yo‘q. Choy tashiysan, gazeta tikasan, harf terasan – tamom. Ijodiy biror nima o‘rgatishmaydi», deb qulog‘iga shipshib qo‘yishgani uchun tahririyatga ilk kundanoq tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgancha kirib bordi. Lekin bu gazetadagilar boshqacha toifadagi odamlar bo‘lib chiqdi. Ular choyni o‘zlari damlashadi, amaliyotchini yugurtirishmaydi. Balki bir talay mavzu tashlab, qalam tebratishga chorlashadi.
Hikmatga ko‘pni ko‘rgan musahhih amaliyot rahbari etib biriktirildi. Pensiyada bo‘lishiga qaramasdan Xayriddin akani bosh muharrir qo‘yib yuborgisi kelmaydi. Chindan ham u tahrir uchun tug‘ilgan, gazetaning qoravoy variantini qo‘liga olsa bas, ko‘z yugurtirishi shart emas. Chunki u xatoni hididan biladi. O‘zbek tili grammatikasiyu orfografiyasini suv qilib ichib yuborgan. Menimcha, unga bolaligida onasi alla va ertaklar aytmagan, balki «O‘zbek tili va adabiyoti» kitobini o‘qib bergan-ov. Bosh muharrirdan tortib professorlarning maqolasigacha uning qizil ruchkasi tegmasa, hisob emas. Hikmatni musahhihning xonasiga yetaklagan kotiba «Mana, doda, bu yigitning og‘ziga bir tuflab qo‘yasiz-da endi, zora sizga o‘xshasa», deb xandon otib kulgancha chiqib ketdi. Ko‘zoynagi ostidan yigitga qaragan Xayriddin korrektor bo‘sh stolga ishora qildi.
– Ta’rifingizni xo‘p eshitdim. Sizga shogird tushsam, kam bo‘lmas ekanman.
– Yaxshi, bo‘tam, o‘tir, maqolangni boshla, keyin qog‘ozga chiqarib bersang, o‘qib ko‘raman.
– Ustoz, shu desangiz, «Mol sotayotganda, qiz berayotganda aybini aytib qo‘yish farz», deyishadi. Men ham ish boshlashdan burun sizni bir nuqsonimdan voqif qilsam.
– Iye, «Shum bola»dan bo‘ldi-ku. Nima, sening ham ahyon-ahyonda bilmasdan yolg‘on gapirib qo‘yadigan odating bormi?
– Yo‘q, ustoz, yolg‘ondan hazar qilaman. Faqat «Illat ketadi, odat ketmaydi», deganlaridek bir narsani hech o‘rganolmayapman. Maqola yozganda qattiq «x» harfi bilan yumshoq «h»ni farqlolmayman, nuqul adashtirib yuboraman.
– Ha-a-a, bu hamma toshkentliklarning kasali-ku. Poytaxt shevasida ikkala «x» ham bir xil talaffuz qilinadi, hamma gap shunda. Qanday gapirishni mana biz vodiyliklardan o‘rganish kerak. Til qoidalarini «chachib» tashlaymiz, ishanavur! Mayli, chalg‘imaylik. O‘zi ona tilimizdek go‘zal zabon yo‘q bu dunyoda. Sen o‘zingni aybdor sanama, «x»lik so‘z yozmoqchi bo‘lsang, bir og‘iz mendan so‘ra, qaysi biriligini aytaman.
Maqolaga sho‘ng‘igan Hikmat zum o‘tmay ustozini bezovta qilishga majbur bo‘ldi.
– Uzr, «hasad»da qanaqa «x» edi?
– Afsuski, yumshoq.
– Nega afsus deyapsiz?
– O‘zing o‘yla, hasad bo‘lsa-yu, yumshoq bo‘lsa. Aslida hasadga eng qattiq «x»ni berish kerak. Filologiya kitoblariga izoh sifatida «Qoidaga binoan «x» yumshoq talaffuz qilinadi, lekin mustasno tariqasida mantiqan to‘g‘ri kelmaslikni hisobga olgan holda «xasad» tarzida yoziladi», deya qayd etilishi darkor. Bir tomondan, ayyorlik bilan hasad qiladiganlar ham bor. O‘zini yumshoq supurgi qilib ko‘rsatadi-yu, aslida ichida hasad alanga oladi. Demak, hasadni yumshoqligicha qoldiraveramiz.
Xayriddin akaning gapini eshita turib Hikmat bir xat boshini qoralab qo‘ydi. Keyingi gapda esa yana shu og‘riqli nuqtasi – «x»ni ishlatishga majbur bo‘ldi.
– «Narx»da-chi, ustoz?
– Eh, narxdan gapirma. U hamisha beayov, qattiqligidan tishimiz o‘tmaydi.
– Rahmat, tuzatib qo‘ydim. Endi «hasip»ni ham aytib yuboring. Bunda ham qattiq «x» edi, a?
– Nima, hasipdan suyak chiqarmidi, qattiq bo‘lsin? Hasip yumshoqqina, totligina taom, aytilishi va yozilishi ham shunga monand. Uf, tushlik yaqinlashganda so‘lagimni oqizib yubording.
– Bo‘pti, stipendiya olay, o‘zim sizni «Milliy taomlar»ga olib borib, yumshoqqina hasip bilan siylayman.
Xayriddin aka kulib qo‘yib, stolida qalashib yotgan qog‘ozlarga qayta nigoh tashladi. Muxbirlarning yozishmalarini to‘g‘rilashda davom etdi. Hikmat esa bugun «x»lar ishtirokidagi maqola yozishni niyat qilganmi, hayronsiz, yana ustoziga luqma tashladi.
– «Hokim»da qanaqa «x»?
– Hokim har doim dumli bo‘lgan – Hikmatning sersavolligidan bir zumda zada bo‘lgan musahhihning izoh berishga majoli qolmadi. Qog‘ozdan ko‘z uzmay javob berdi.
– «Xavf»...
– Xavfning yumshoq bo‘lganini ko‘rganmisan sen bola? Savol bermasdan oldin munday kallani ishlatgin-da. Eslab qol: xavf qattiq, shunchali xavfliki, u bor joyda hatto dumga o‘rin yo‘q.
– Yana bir bor oldingizdan o‘tmasam bo‘lmaydi, ustoz. Bu so‘zni xato yozib qo‘yishga ko‘nglim yo‘l bermayapti. «Mehr-muhabbat».
– Ikki martalab yumshoq. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Mehr ham, muhabbat ham insonga moydek yoqadi, yuragiga mayin singadi, paxtadek oq, nurdek pok, oydek beg‘ubor va albatta yumshoq.
– Rahmat! – Hikmat to‘lqinlanib ketdi. Miyasiga kelgan fikr ham esidan chiqib, ozgina vaqt maqolasini davom ettirolmay, xayol surib o‘tirdi. Bu orada musahhih ham javob berishdan dam ovoldi.
Lekin quruq xayoldan foyda yo‘q, yozish kerak, yozish! Hikmat kompyuterni shiqillatayotib yana to‘xtab qoldi va ustoziga yuzlandi. Xayriddin aka qog‘ozdagi tahrir og‘zakisidan ancha qiyinligini tushunib yetib, boshida bu bolaga «Bemalol so‘rayver», deganidan ming pushaymon yedi. Shogirdining tinmay so‘rayotgan «Qanaqa «x»?», «Qattiqmi, yumshoq?», «Dumlimi yoki dumsiz?» kabi savollariga xulosaviy javob qaytardi:
– Bolam, istaganingcha yozaver. Maqolada «X» bilan «H»ni almashtirib qo‘ysang ham mayli, asosiysi oq bilan qorani, haqiqat bilan nohaqlikni adashtirib yurmasang bo‘lgani!..
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter