Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolangizdan telefonni tortib olmang!

Bolangizdan telefonni tortib olmang!

Foto: bezformata.com

Nega gadjetlarning bolalar uchun xavfli ekanligi haqida ko‘p gapiramiz?

Sababi, ayrim bolalar kuniga 1 soatdan 4 soatgacha, balki undan ham ko‘proq telefon, planshet va kompyuterlarda vaqt o‘tkazishadi.

Gadjetlardan doimiy  va keragidan ortiq ravishda foydalanilsa, bolada muloqot qilish ko‘nikmasi yaxshi shakllanmaydi.

Ya’ni, ular atrofdagilar bilan muloqotda fikrini yetkazish va murosa qilishga qiynaladilar.

Yaqinlar bilan muloqot qilish o‘rniga virtual dunyoda bo‘lishni hoxlashadi.

Bunday bolalarda kayfiyat o‘zgarishi, agressiya kuchayadi, natijada, ular urushqoq va gapga quloq solmaydigan bo‘lib qolishadi.

Misol uchun, bir tanishimning tili biyron 4 yoshli farzandiga onasi smartfondan foydalanishni cheklamay qo‘yganidan so‘ng, odamlar bilan muloqot qilishga qiynaladigan bo‘lib qoldi.

Natijada esa oddiy so‘zlarni ham imo-ishoralar bilan ifodalaydigan darajaga yetdi.

Balki onalar aytishi mumkin:

bolalarni telefon bilan chalg‘itib turmasak, unda biz uy yumushlarini qanday bajaramiz, deb.

Ammo har narsada ham me’yor bo‘lishi darkor.

Bolaga gadjet berar ekansiz, undan qancha vaqt oralig‘ida va to‘g‘ri foydalanishni ham o‘rgatishingiz kerak.

Jumladan, har 15-30 daqiqa oralig‘ida havo almashtirish va ko‘z mashqlarini bajarish lozim.

Masalan, oldin uzoqdagi bitta nuqtaga keyin yaqindagi nuqtaga qarab, ko‘z fokusini to‘g‘irlash mumkin.

Bilasizmi, telefon o‘ynashni ham foydali va qiziqarli mashg‘ulotga aylantirish mumkin.

Bola maktab yoshiga yetkuniga qadar gadjetlardan aqliy salohiyatni rivojlantiruvchi o‘yinlar o‘ynashda, hattoki, chet tillarini o‘rganishda foydalanishi mumkin.

Maktab yoshiga yetganidan keyin esa bu o‘yinlarni AyTi sohasiga ixtisoslashgan maktabga o‘zgartirishingiz mumkin.

Chunki biz kundalik turmush tarzimizda shug‘ullanadigan yumushlarning aksariyati raqamli texnologiyalar bilan bog‘liq.

Ushbu sohadagi minglab mutaxassislar esa biz har kuni ta’lim olish, savdo-sotiq jarayonlari, ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilish va hokazolarda foydalanadigan veb-saytlar, ilovalar, elektron to‘lov tizimlarini yaratish va xizmatlarni qulaylashtirish ustida ishlashmoqda.

Shu bois ham bolalarni zamonaviy sohalarga yo‘naltirish bugungi kunda zaruratga aylanib bormoqda.

Bolaga kundalik hayotda ham, maktabda ham  raqamli bilim va ko‘nikmalar kerak.

Ko‘plab ota-onalar farzandlarining "eski uslubda" ta’lim olishlarini hali ham qo‘llab-quvvatlashadi, chunki bu ularning davridagi usul. Ammo, zamon shiddat bilan rivojlanmoqda.

Smartfonlar va turli gadjetlar yoshlarni ilm olishdan chalg‘itadi, degan, eskicha qarashlarni o‘zgartirish vaqti keldi.

Streotiplarni yengib, elektron qurilmalardan ilm olish jarayonlarini yanada osonlashtirishda foydalanish kerak.

Ya’ni, telefonda o‘yin o‘ynashni yoqtiradigan bolalarni ana shunday o‘yinlarni yaratishga qiziqtirish mumkin.

Asosiysi, bola bo‘sh vaqtini faqat ijtimoiy tarmoq va keraksiz o‘yinlarga sarflamayotganligini nazorat  qilib turish kerak.

Dunyo juda katta tezlikda o‘zgarmoqda va bizdan, ayniqsa, farzandlarimizdan yangi bilim va ko‘nikmalarni talab qilmoqda.

Keling, AyTi sohasi bolajonlarimizga nimalar berishi mumkinligini birgalikda ko‘rib chiqamiz:

— Avvalo, aytish joizki, dasturlash sohasi kelajak  kasbi bo‘lib, ularsiz zamon bilan hamnafas bo‘lishning iloji yo‘q;

— Dasturlash asoslarini egallash va ularni yanada takomillashtirish mantiqiy  va tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga ham yordam beradi.

— Dasturlashni biladigan bolalar maktabda tengdoshlari orasida ham muvaffaqiyat qozonishadi;

— Ular keng dunyoqarashi va yuqori intellektual salohiyati bilan ajralib turadi;

— Ayniqsa, u farzandingiz kelajagi uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, daromadli kasblardan biri hisoblanadi;

— Umuman olganda, bolaga o‘z potensialini ochib berishga yordam beradi, uni g‘oyalar yaratishdan qo‘rqmaslikka va ularni hayotga tatbiq etishga o‘rgatadi;

— Dasturlash darslarida bola AyTi sohasidagi eng istiqbolli va talabga javob bera oladigan kasblar asoslarini o‘rganadi. Bu esa kelajakdagi muvaffaqiyat kalitidir.

AyTi sohasi juda dinamik, shuning uchun bugungi kunda malakali soha mutaxassislariga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda.

Hozirgi kunda mamlakatimizda robotatexnika va dasturlashga ixtisoslashgan maktablar ham ancha ko‘payib qolgan.

Agar siz ham farzandingizni shunday maktabda ta’lim olishini istasangiz, uydan chiqmagan holda, o‘zingizni qiziqtirgan ta’lim muassasalari haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali yetarlicha ma’lumot olishingiz va hattoki, ma’qul kelgan maktabga ham onlayn tarzda my.gov.uz portali orqali joylashtirishingiz mumkin.                       

                                            Nodira Adilova

 

                                                                 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring