Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xabar.uz’da yangi loyiha – «IT-tur»: Jizzaxdagi raqamli o‘zgarishlar (video)

Xabar.uz’da yangi loyiha – «IT-tur»: Jizzaxdagi raqamli o‘zgarishlar (video)

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali yangi – «IT-tur» loyihasini yo‘lga qo‘ymoqda. Loyiha doirasida ijodiy guruhimizning ilk tashrifi Jizzax viloyatiga amalga oshirildi.

Tashrif davomida IT-Park Jizzax viloyati filiali, Hindistonning «Sambhram» universiteti, Jizzax shahridagi 8-sonli umumta’lim maktabi negizida tashkil etilgan informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab va Zomin tumanidagi 60-maktab qoshida ochilgan «O‘quvchi-yoshlarni kelajak kasblarga tayyorlash markazi» majmualarida bo‘ldik.

Shuningdek, dasturlash sohasidagi mutaxassislar va yoshlar bilan suhbatlashdik.

Loyihaga 5.3 mlrd. so‘m yo‘naltirilgan

IT-Park Jizzax viloyati filiali 2020 yil 11 noyabrda ishga tushirilgan. Majmuaning umumiy maydoni 840 kv/m tashkil etadi, loyihaga 5.3 milliard so‘m yo‘naltirilgan. Bugungi kunda muassasada yigirmadan ortiq mutaxassis-xodimlar mehnat faoliyatini olib bormoqda.

Nazira Muhiddinova, IT-Park Jizzax viloyati filiali rahbari:

- 2021 yil sarhisobiga ko‘ra, filialimiz respublikada birinchi o‘rinni oldi. Bundan juda quvondik. Boisi, ushbu natija uchun mutaxassislarimiz va menejerlarimiz astoydil harakat qilishdi. Bunda IT bo‘yicha ta’limdan to tadbirkorlikkacha qilgan ishlarimiz muhim rol o‘ynadi.

2022 yil uchun ham katta rejalarimiz bor. O‘tgan yilda biz ko‘proq IT-ta’limga e’tibor qaratgan bo‘lsak, joriy yilda biz bitiruvchi yoshlarni ish bilan ta’minlash va IT-tadbirkorlikni ustuvor vazifaga aylantirmoqchimiz.

E’tibor beradigan bo‘lsak, mamlakatimizning 60 foiz aholisi yoshlar. Bu bizni yutug‘imiz bo‘lishi bilan birga, o‘ylantiradigan tomonimiz ham. Sababi, o‘sib kelayotgan, ayni energiyaga to‘lgan paytda yoshlarimizga to‘g‘ri yo‘nalish berib, ish bilan band qilishimiz kerak. Chunki u oila qurishi, kelajakka nisbatan umidini so‘ndirmasligi zurur. Buning uchun biz bor imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz lozim, deb bilaman.

Bugungi kunda muassasada yoshlar soha mutaxassislaridan mobil dasturlash, veb dasturlash, grafik dizayn, 3D dizayn va robototexnika yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olishmoqda. Xususan, murabbiylarning orasida yoshlarning borligi e’tiborimizni tortdi.

 

Ravshanbek Quvondiqov, robototexnika murabbiyi:

- Kurslarimizga o‘quvchilarni 8-9 yoshdan boshlab qabul qilamiz. To‘g‘ri, boshlanishida o‘rganuvchilar katta yo kichigi bo‘ladimi kod yozishi murakkablik qilishi mumkin. Shu tufayli, dastlab ularga logikani o‘rgantish maqsadida legolardan foydalandik. Bu orqali ular kompyuterdan foydalanishda qiynalishmaydi. Keyin kompyuter, telefon va shu kabi qurilmalardan boshqariladigan narsalar yaratishni boshlashadi.

2019 yildan hisoblansa, 50-60 taga yaqin shogirdlar o‘qitishga erishdim.

Faoliyaitim davomida kuzatganlarim bo‘lgan, aniqrog‘i o‘quv kurslarimizga ota-onalar bolalarini shunchaki vaqt o‘tkazishi uchun ham olib kelishadi. Farzandida esa qiziqish bo‘lmaydi. Natijada, bola hech narsa o‘rgana olmaydi. Fursatdan foydalanib aytgan bo‘lardim, bolalar, avvalo, IT’ga qiziqib, soha bo‘yicha boshlang‘ich tushunchaga ega bo‘lib kelishlari maqsadga muvofiq. Shunda o‘qituvchilar ularga ko‘proq narsalarni o‘rgata olishadi.

 

Bizga ma’lum qilishlaricha, majmuada respublikada birinchilardan bo‘lib, BPO xizmatlari markazi ochilgan. Natijada, u orqali 15 ga yaqin yoshlar tomonidan xorijga biznes eksporti amalga oshirilmoqda. Ularning daromadi 300 AQSh dollaridan boshlanadi.

Shuningdek, ushbu «Jizzax tajribasi» asosida yaqin kunlarda Farg‘ona, Namangan, Buxoro viloyatlarida ham BPO xizmatlari markazlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

1501 ta talaba ta’lim olmoqda

Safarimizning ikkinchi kunida biz viloyatdagi Hindistonning «Sambhram» universitetida bo‘ldik. Universitet Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2021 yil ochilgan. Unda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanadi. Muassasada «Axborot texnologiyalari muhandisligi», «Axborot texnologiyalari fanlari» va «Biznes boshqaruvi» yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavr, «Axborot texnologiyalari fanlari» va «Biznes boshqaruvi» mutaxassisliklari bo‘yicha magistratura mavjud. Bugungi kunda, oliygohda 1501 ta talaba ta’lim olmoqda.

 

Navbatdagi manzilimiz Jizzax shahridagi 8-sonli umumta’lim maktabi negizida tashkil etilgan informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab bo‘ldi. Maktabda 3 ta informatika, bittadan robototexnika, kibersport, matematika va ingliz tili xonalari, shuningdek raqamli kutubxona to‘liq qayta ta’mirlanib zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Hozir mazkur maktabda IT yo‘nalishi bo‘yicha 120 nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda.

Shuningdek, biz Zomin tumanidagi 60-maktab qoshida ochilgan yangi «O‘quvchi-yoshlarni kelajak kasblarga tayyorlash markazi» faoliyati bilan ham tanishdik. Markazda tumandagi barcha umumta’lim maktablari o‘quvchi-yoshlar uchun kelajak kasblariga yo‘naltiruvchi to‘garaklar tashkil etilgan.

Safarimiz yakunida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i G‘ulom aka Qurbonov bilan qisqa intervyu o‘tkazdik. Suhbatimiz viloyatda AKT sohasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar mavzularida kechdi.

 

To‘liq videoni Xabar.uz’ning YouTube kanalida tomosha qiling.

Ko‘rsatuvni tayyorlashda yaqindan yordam bergan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i G‘ulom Qurbonov va mutaxassis Laziz Meliboyevga minnatdorchilik bildiramiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring