Muvaffaqiyatli Web Frontend dasturchi hikoyasi

IT Park yosh dasturchilar haqidagi qiziqarli hikoyalar ruknini davom ettirmoqda. Navbatdagi qahramon – 20 yoshli Javohir G‘ulomjonov. U hozirda Namangan muhandis-texnologiyalari institutida menejment fakulteti 2-bosqichida tahsil oladi. Mutaxassisligi bo‘yicha Web Frontend dasturchi.
Dasturlashga kirib kelishi karantin vaqtlaridan boshlangan. O‘sha paytda qahramonimizning otasi birinchi shaxsiy noutbukni olib bergan. Shundan keyin uni o‘rganishni boshlab, kundalik vazifalarni ushbu noutbukda bajarib borgan.
“Noutbugimni bexosdan buzib qo‘ydim, ustaga olib borib 40 ming so‘mga dasturiy ta’minotini o‘zgartirdim. Keyin dasturlashda pul ko‘p degan fikr shakllana boshladi. Kunlardan bir kun “Uzbekcoders” (One million Uzbek Coders) degan loyihaga ko‘zim tushdi. Unda mavjud videodarslari orqali web dasturlash o‘rganishni boshladim”.
Javohirning aytishicha, onlayn darslar orqali mukammal bilimga ega bo‘lish imkonsiz. Chunki masalalar yechimini topish tajribali mutaxassis bilan ishlagandan so‘ng keladi deb hisoblaydi u.
“Dasturlash asoslarini qo‘ldan kelgancha o‘rgandim, undan keyin tushunmaganlarimni so‘rash uchun ustoz qidirishni boshladim. Dastlab o‘zim yashaydigan hududdan, ya’ni Farg‘onadan qidirdim. Pop tumanidan Islom Davlatovni topdim. Ulardan bilmagan masalalarimni so‘radim. Shundan so‘ng qiziqish yanada ortib ketdi va o‘rganish tezlashdi. Frontendni o‘rganib bo‘ldim, bir qancha loyihalar qildik, smart qabul (viloyat hokimi uchun qabulxona), kosmos chodak (mehmonxona — turistik hudud uchun 800$) va shunga o‘xshash boshqa loyihalarda frontend dasturchi bo‘lib ishladim”.
Qahramonimizning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyihalardan so‘ng u Pop IT maktabga ishga kirib, bir qancha o‘quvchilarga tahsil bergan. Hozir ham loyihalar ustida ishlamoqda.
Oylik daromadi o‘rtacha $400- $500 ni tashkil etadi. Kelajakda smart tizimlar ishlab chiqarish, odamlar ishini osonlashtirishni maqsad qilib olgan.
Javohir o‘zining misolida ishtiyoqi bo‘lgan har qanday inson IT mutaxassisi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib bermoqda. Asosiysi — intilish, mehnat qilish va o‘rganishga bo‘lgan qiziqishdir. IT-markazlar esa ushbu maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter