Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nima uchun ayollar IT sohasini tanlashlari kerak?(VIDEO)

«IT-Woman» loyihasining bugungi qahramoni – IT Park loyihalar menejeri Kamila AHMEDOVA. 

– IT sohasidagi loyihalaringiz haqida so‘zlab bersangiz.

– IT-Parkda bir nechta loyihalar bo‘yicha ishlayman. Birinchi loyiham «Techbika» bo‘lib, Xorazm viloyatida amalga oshirilmoqda. Loyihamizning maqsadi – 1000 nafar talaba qizni axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalari sohasiga mo‘ljallangan kurslarda o‘qitish, ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda raqobatdosh AKT loyihalarini amalga oshirishda ayollarni bosqichma-bosqich o‘qitish. Shu jumladan, iqtidorli qizlar uchun startap loyihalarini ishlab chiqish va joriy etish.

Biz ayollarga ilhom beramiz, o‘qitamiz va yangi iste’dodlarini kashf etishga hamda IT sohasida rivojlanishiga ko‘maklashamiz. Bundan tashqari, bitiruvchilarga orzu qilgan ishlarini topishda ko‘maklashamiz.

O‘qish jarayonini oson va qiziqarli qilish uchun ta’lim jarayonida eng ilg‘or texnologiyalardan foydalanamiz. Keyingisi «IT-Woman» loyihasi bo‘lib, uni O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida olib bormoqdamiz. Bu loyiha miqyosida kam ta’minlangan ayollarni kompyuter texnologiyalari savodxonligi bo‘yicha bepul o‘qitamiz. Keyingi loyiham «Tumaris Edu» deb nomlanadi. Mazkur loyiham Sirdaryo viloyatidagi ayollarga alohida e’tibor qaratish va ularga dasturlash tillari bo‘yicha ta’lim berishni o‘z ichiga oladi.

– Loyihalaringiz ichida qay birini eng muvaffaqiyatli amalga oshdi, deya ayta olasiz?

– Eng muvaffaqiyatlisi – bu «IT-Woman» loyihasi. Mazkur loyiha doirasida ikki haftalik qisqa darslar mobaynida mingdan ziyod xotin-qizlar ta’lim olishdi.

– Shu vaqtgacha qancha ayollarni o‘qitishga muvaffaq bo‘ldingiz?

– «IT-Woman» loyihamizning o‘zini uch marta o‘tkazgan bo‘lsak, shu vaqt mobaymnida 2500 dan ziyod xotin-qizlarni o‘qitdik.

– «Tumaris Edu» loyihangiz haqida ham batafsil aytib o‘tsangiz…

– Bu loyihamiz ikkiga bo‘linadi: «Tumaris Tech» va «Tumaris Edu» loyihalari. Aynan «Tumaris Edu» loyihasini men boshqaraman. Bu loyihamiz Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tdi. Dastlab loyihadan ko‘zlangan maqsad 600 nafar xotin-qizni o‘qitish bo‘lgan. Ammo 600 dan ziyod xotin-qizlarni o‘qitishga muvaffaq bo‘ldik. Bu quvonarli hol albatta.

– «Tumaris Edu» loyihasi bilan «IT-Woman» loyihasining farqi nimada?

– «IT Woman» Respublika miqyosida ayollarga IT bo‘yicha saboq bersa, «Tumaris Edu» faqat Sirdaryo viloyatidagi ayollarni qamrab oladi.

– Nima uchun bugungi kunda ayollar IT sohasini tanlashlari kerak?

– To‘g‘ri, avvallari bizda faqat erkaklargina kompyuter texnologiyalaridan foydalana oladi, degan qarash bo‘lgan. Loyihalarimiz ham aynan mana shunday eskicha yondashuvlarni yo‘qqa chiqardi.  Loyihalarimizda o‘qigan ayollar uyda o‘tirib ham mustaqil ravishda frilanserlik qilishlari mumkin. Aynan IT sohasi masofadan turib ishlash imkoniyatlariga ega bo‘lganligi uchun ham ayollarga juda qulay kasb.

– Loyihalaringiz necha yoshdagi ayollarni qamrab oladi?

– Loyihalarimizda 16 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan barcha xotin-qizlar ishtirok etishlari mumkin.

– Ayollarni IT texnologiyalariga qiziqtirish qiyin kechmayaptimi?

– Yo‘q, aksincha, ularning o‘zlari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda berilgan e’lonlar orqali murojaat qilib, bu sohada bepul ta’lim olishga o‘z qiziqishlarini bildirmoqdalar.

– Loyihalaringiz doirasida ta’lim olgan ayollar hozirgi kunda qanday muvaffaqiyatlarga erishmoqda?

– Shuni aytib o‘tish joizki, qo‘lida hunari yo‘q ayrim uy bekalari ham loyihalarimizni tamomlagandan so‘ng ishga joylashib, mustaqil pul topa boshlashdi. TATUdagi bayram tadbirida ular ham o‘zlarining erishgan yutuqlari haqida taqdimot qilishdi.

E’zoza TURG‘UNOVA suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring