Dasturchilar qaysi jihati bilan shifokorlarga o‘xshaydi?

Ag‘abek Bozorboyev 2016-yilda o‘qishni Koreyada davom ettirishi yoki O‘zbekistonda qolib, IT sohasida o‘z omadini sinab ko‘rishi mumkin edi. Ammo ichki hissiyot uni ikkinchi yo‘l tomon yetakladi.
Bugun u 30 yoshida muvaffaqiyatli va mashhur IT kompaniyalardan biri — Green White Solutionsda texnik director lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Kirish imtihonlarga bir oy qolganda rejalarim o‘zgarib ketgan...
Bolalikdan ota-onam, matematika va fizika o‘qituvchilarim meni aniq fanlarni o‘rganishga undashgan. Men ilmiy ish bilan shug‘ullanishni, murakkab matematik tushunchalarni o‘rganishni orzu qilardim. Biroq, kirish imtihonlariga bir oy qolganda rejalarim tubdan o‘zgardi.
Matematikada tadqiqotingiz samarasini ko‘rish uchun ba’zan o‘nlab yillar, hatto asrlar kerak bo‘ladi. Masalan, zamonaviy texnologiyalar yuzlab yillar avval qilingan kashfiyotlarga asoslanadi. Buni tushunib, men o‘z ishimning natijasini darhol ko‘rishim mumkin bo‘lgan ko‘proq amaliy yo‘nalishni izlay boshladim. Matematika bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan IT sohasi meni g‘oyalarimni tezda amalga oshirish imkoniyati bilan o‘ziga tortdi.
IT sohasida menga yoqadigan narsa shundaki, yaratilgan har bir loyiha nafaqat ijodkorlik, balki tezkor fikr-mulohaza ham talab qiladi. Bu tanlov men uchun texnologiya olamiga kirish nuqtasi bo‘ldi.
Dasturchining hayoti doimo xatolar va yutuqlar orasida o‘tadi...
Dasturchi — bu kod yozadigan sohani boshqa odamlarning 99 foizdan ko‘ra ko‘proq biladigan odam. Ko‘pincha kod yozish uchun biz avvalo sohaga (biznes, tibbiyot, telekommunikatsiyz, bank) to‘liq kirib, uni o‘rganamiz. Bu juda ko‘p vaqtni oladi, lekin oxir-oqibat, biz to‘g‘ri mahsulotni yaratish uchun kamroq vaqt sarflaymiz.
Agar siz iste’molchiga biror narsa bermoqchi bo‘lsangiz, uning istaklari, holatlari, sohasi va biznes yo‘nalishini o‘rganishingiz kerak. Albatta, bu uzoq vaqt talab qiladi. Ammo natijaga tezroq erishasiz. Ehtimol, sarflangan vaqtingizning 20 foizi bilan siz kerakli natijaga erishishingiz mumkin.
Yaxshi dasturchi bo‘lish uchun soha sizga qiziqarli bo‘lishi va asosiysi siz doimo yangiliklarga ochiq bo‘lishingiz kerak. Shuningdek, o‘zgarishlarga ochiq bo‘lishingiz, muammolarni to‘g‘ri tahlil qilishingiz va kerakli yechimni taklif qila olishingiz lozim.
Dasturchining hayoti doimo xatolar va yutuqlar orasida o‘tadi. Asosan, biz minnatdorchilikdan ko‘ra ko‘proq tanqidni eshitamiz. Bu jihatimiz bilan shifokorlarga o‘xshaymiz go‘yo!
Dasturchining miyasi 24 soat ishlaydi — u o‘ylaydi, to‘g‘ri yondashuv va yechimlarni qidiradi va sinovdan o‘tkazadi. Muammo yuzaga kelsa yechim izlaydi. Dasturchining ish vaqti aniq belgilanmagan, uning miyasi doimo ishlaydi. U abadiy qidiruvda!
Maqsadim — vatandoshlarim pul topish ilinjida oilasidan olislashmasin...
Men xorijda o‘qishni davom ettirish, shuningdek, ishlash uchun ham bir qancha takliflar olganman.
Ammo professional faoliyatimni endigina boshlaganimda GWS rahbari Abduqahhor Toshmuhamedov menga hayotimni va taqdirimni o‘zgartirgan ajoyib taklif bilan chiqdi! U shunday dedi: "Men xodimlar bizning kompaniyamizda ishlayotgan paytda Amerika maoshlarini olishni rejalashtirganman! Biz, albatta, yuqori darajaga erishamiz va siz munosib maosh olasiz! Bizda katta salohiyat bor, mahsulotimiz kelajagiga ishonamiz!"
Yillar davomida menga xorijda ishlash bo‘yicha ko‘plab takliflar tushdi. Ammo men uchun mening qadriyatlarim birinchi o‘rinda — ota-onam va oilam! Ularni ko‘rmasdan yashash men uchun mushkul. Men ularni haftada kamida bir marta ko‘rishim kerak. Men moddiy masalalar haqida umuman o‘ylamaganman! Shuning uchun men chet elga ketmadim!
Agar biz qurayotgan korxonamiz yaqin kelajakda 1000 yoki 10 ming kishini ish bilan ta’minlay olsa, bu mening vatanim ravnaqi, xalqim farovonligi uchun qo‘shgan eng katta hissam bo‘ladi. Yurtdoshlarim pul topish ilinjida oilasidan uzoqlashmaydi. Bu maqsadni amalga oshirish uchun o‘z yurtimda ishlab, uning ravnaqiga hissa qo‘shishim kerak!
O‘zbekistonda IT sohasida ishlab chet elda yashayotgandek maosh olishingiz mumkin...
Tanlovni har bir inson o‘zi qiladi! Lekin birinchi navbatda bir savolga javob bering: “Men nimani xohlayman?“, “Yaqin 4-5 yil ichida men qanday hayot kechirishni xohlayman“? Siz chet elga o‘qishni xohlaysizmi yoki shunchaki yashashni va boshqa mamlakatning turmush tarzini boshdan kechirishnimi?
Men hech qachon chet elda ishlamaganman. Lekin bir narsani aniq ayta olaman – bugun O‘zbekistonda malakali mutaxassis uchun imkoniyatlar juda ko‘p. Istagan inson shu yerda turib ham xorijiy kompaniyada ishlashi mumkin.
Mamlakatimizda IT sohasida ishlab siz chet elda yashayotgandek maosh olishingiz mumkin.
Ba’zi yoshlar orasida 3-4 yil o‘qib, bu soha ular uchun emasligini tushunib, o‘z kelajagini bu sohada ko‘rolmaydiganlsri ham uchrab turadi. Umringiz behuda ketmasligi uchun siz aniq nimani xohlayotganingizni oldindan bilib olishingiz va zarurat tug‘ilganda maslahat olishingiz kerak.
Hozirda men faoliyat olib borayotgan kompaniya o‘z yechimlarini global miqyosda amalga oshirish bo‘yicha ulkan rejalarni oldindan belgilab olgan. Men xodimlarimni rivojlanishga undashni katta yutuq deb bilaman.
Ya’ni, siz kompaniyada 1-darajada qolib keta olmaysiz — har doim o‘z ustingizda ishlashingiz, o‘rganishingiz va mahoratingizni oshirishingiz kerak. Xodimlarning malakasinii oshirib borish uchun kompaniyada barcha sharoitlar yetarli va moliyalashtirilgan.
Bundan tashqari, kompaniyamiz tomonidan jamoamiz uchun chet el safarlari – timbildinglar tashkil etiladi. Xodimlarimiz turli ijtimoiy loyihalarda ham faol ishtirok etib turishadi. Masalan, yaqinda jamoamiz bilan Buxoro viloyatining chekka hududida joylashgan kutubxona uchun turli kitoblar va o‘quv qurollarini jo‘natdik.
Juniordan CTOgacha...
Men kompaniyaga oddiy talaba sifatida kelib, 8 yil mobaynida CTO (texnik menejer) lavozimigacha ko‘tarildim. Hozirgi kunda texnik direktor dajasiga chiqishimda avvalo maqsadlarim, ishga mas’uliyat bilan yondashishim, oilam, do‘stlarim va rahbarim Abduqahhor Toshmuhamedovlarning o‘rni beqiyos.
Maqsadlarim...
CTO lavozimida shlab bilan bir qatorda kelgusi yilda men magistraturada o‘qishni ham rejalashtirmoqdaman. Ota-onam bilan bog‘liq rejalarim ham talaygina.
O‘zbekistonda qizlar uchun IT universitet ochish va ayollar u yerda bepul, malakali ta’lim olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish kelgusidagi muhim rejalarimdan biri, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ayni damda men uchun kompaniya ikkinchi oilamdir, uning mukammalligi esa mening mukammalligim!
IT sohasiga endigina kirib kelgan yoshlarga tavsiyalarim:
1. Mantiq va matematikani mustahkamlang;.
2. Siz haqiqatan ham IT dasturchisi bo‘lishni xohlaysizmi yoki yo‘q, bu haqda yaxshilab o‘ylab ko‘ring, asosiy maqsadingiz pul bo‘lmasligi kerak;
3. Yaqin kelajakda IT sohasi qisman sun’iy intellekt bilan chambarchas bog‘lanadi va faqat ishlab chiqaruvchilargina qoladi. Siz esa bunga tayyor bo‘lishingiz lozim;
4. Tabiatan IT mutaxassisi muammo yoki qiyinchiliklarga yechim topishga intilishi darkor;
5. Ishlab chiqaruvchi introvert emas, balki faol hayot tarziga ega bo‘lishi kerak. Chunki muammoni o‘z ichidan topish qo‘shimcha mablag‘ va vaqt talab etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter