“120 dan ortiq xodimning rivojlanishiga javobgarman” — Apple kompaniyasida ishlayotgan vatandoshimiz hikoyasi
“Xorijdagi vatandoshlar” loyihasi doirasidagi intervyularimiz davom etadi. Bu galgi suhbatdoshimiz — Yaponiyadagi Ritsumeykan Osiyo Tinchlik universiteti bitiruvchisi Xurshid Saidmuhammad. U Namangan viloyatida tug‘ilgan. Hozirda Applening Yaponiyadagi ofisida faoliyat yuritadi.
Olti yoshimda maktabga borganman
Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Iskavot qishlog‘ida, ziyolilar oilasida tug‘ilganman. Otam jarroh-shifokor va onam o‘qituvchi bo‘lib, ish faoliyatlarini Namangan shahrida davom ettirishga qaror qilishgani uchun 4 yoshligimda shaharga ko‘chib kelganmiz. Aqlimni taniganimdan tortib butun bolaligim Namangan shahrida o‘tgan.
Maktabgacha ta’lim muassasasiga 1-2 yil borganman, xolos. 5 yoshimda maktabga tayyorlov darslarini uyda onam bilan birga shug‘ullanib, olti yoshimda Namangan shahridagi 49-maktabning 1-sinfga qabul qilinganman. Undan so‘ng, o‘sha paytlar turk litseyi deb nomlangan aniq va ijtimoiy fanlarga ixtisoslashgan maktab-internatning 7-sinfiga qabul qilinganman. Maktab-internatni tamomlab, Namangan davlat universiteti qoshidagi 1-akademik litseyda o‘qishni davom ettirganman. Bolaligim hamma qatori asosan o‘qish bilan o‘tgan. Shu bilan bir qatorda, maktab va litseylardagi barcha tadbirlarda juda ham faol o‘quvchi bo‘lganman.
Yaxshi ta’lim imkoniyatlari taklif qilingan
Menejment yo‘nalishini tanlashimga kimdir sababchi bo‘lgan, deb ayta olmayman. Akademik litseyni tamomlab, ikki yil ketma-ket mahalliy universitetlarga topshirib yiqilganman. Yoshligimdan tillarni o‘rganishga qiziqishim yuqori bo‘lgani va chet elda o‘qishga bo‘lgan qiziqish sababli va ustozlarimning maslahatlari bilan chet elga topshirishni boshlaganman. Yaponiyadagi Ritsumeykan Osiyo Tinchlik universitetining menejment yo‘nalishiga hujjatlarimni topshirib, grant asosida o‘qishga qabul qilinganman. Universitetimizning birinchi yilida biznesning deyarli barcha yo‘nalishlaridan fundamental darslarni olganmiz va 2-bosqichga o‘tganda menejment ko‘proq ma’qul kelgan.

Nega aynan Yaponiyaga o‘qishga ketishga qaror qilganimning asosiy sababi — bu yerda yaxshi ta’lim imkoniyatlari taklif qilgani bo‘lgan. O‘zimdan katta bosqichlardagi talabalar bilan suhbatlarda anglaganmanki, grantdan tashqari, o‘ziga xos muhit, turli madaniyatlarning o‘zaro almashinuvi va eng asosiysi, har bir bitirish arafasida turgan talabalarga imkon qadar Yaponiyaning nufuzli kompaniyalariga ishga kirishiga yordam beriladi. Yaponiyadagi deyarli barcha universitetlarda shunday imkoniyatlar bor.
Bitta kampusda bo‘lishning o‘zi katta yutuq edi
Deyarli 10 yilga yaqin Yaponiyadagi hayot, bir so‘z bilan aytganda, tarbiyalash vazifasini o‘tadi, deb ayta olaman. Universitet hayoti o‘ziga yarasha tajribalarga boy bo‘lgan bo‘lsa, katta hayotga qadam qo‘yib, jamiyatga qo‘shilish undan-da yuqori tajribalarni berib kelmoqda. Universitet davri menga hayotda mustaqil bo‘lishni, har qanday qiyinchiliklarga sabr va mehnat bilan tura olishni o‘rgatdi.

Turli davlatlardan kelgan talabalar bilan bitta kampusda bo‘lishning o‘zi katta yutuq edi, negaki, ular bilan har doim yangi bilimlarni almashar edik. Universitetdan keyingi hayot ham xuddi shu kabi endi jamiyatda foydali shaxs qanday bo‘lishni o‘rgatishni boshlagan. Chunki Yaponiyada universitetdan keyin jamiyatga kirib bordingizmi, demak, sizda mas’uliyat kuchayishi va har bir qilayotgan ishingizga astoydil yondashish kerak bo‘ladi. Tartib-intizom, muomala madaniyati va ish o‘rganish kabi eng kerakli yutuqlarga ega bo‘lib kelyapman. Yo‘qotishlar haqida aytadigan bo‘lsam, vatan va oila sog‘inchidan boshqa deyarli hech qanday yo‘qotish bo‘lmagan. Tabiiyki, oila va do‘stlardan uzoqda bo‘lish, ularning yaxshi va yomon kunida yonida bo‘lmaslik biroz og‘riqli bo‘lgan. Lekin sabr bilan tura olganimiz hozirgi kunda menga juda ko‘p joylarda stressni yengib o‘tishda yordam bermoqda.
120 dan ortiq xodimning rivojlanishiga javobgarman
Menda Appledan boshqa kompaniyada ish bo‘yicha tajriba bo‘lmagan. Shuning uchun Appledagi faoliyatim menga doim eng zo‘r fundament deb aytaman.

Ishga kirish jarayoni tavakkal bilan boshlangan. U paytda menda yapon kompaniyasidan ish taklifi bor edi va xotirjam o‘zimni sinash uchun yaqin qadrdon akamning tavsiyasi bilan Applega topshirib ko‘rganman. Uch bosqichli intervyudan keyin kutilmaganda meni ishga taklif qilishgan va yapon kompaniyasiga rad javobini berib, Appleda qolishga qaror qilganman.
Bu qarorimdan haligacha afsuslanmayman.
Negaki, yapon kompaniyalarida chet ellik bo‘lgan holda kamida 10 yilda erishiladigan yutuqqa men Appleda 3 yilda erishdim. Ya’ni oddiy menejer lavozimiga chiqishingiz uchun, qobiliyatingizdan qat’i nazar, yapon kompaniyalarida juda uzun yo‘lni bosib o‘tishingiz kerak. Hozirda men savdo bo‘limida menejer bo‘lib ishlayman. Asosan, operatsion boshqaruv va kunlik bepul kurslar (Workshop sessions) taqdim etadigan jamoaga mas’ulman. Bundan tashqari, qolgan menejerlar qatori, 120 dan ortiq xodimning natijasi va rivojlanishiga bevosita mas’ulman.
Aslida, Apple xodimi sifatida menga kompaniyaning muvafaqqiyatlari haqida gapirish mumkin emas. Bu kompaniyaning brendiga va uning ichki qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Oddiy qilib aytganda, o‘z ishini qattiq sevadigan va kompaniya oliy maqsadi bilan o‘zining maqsadlarini birlashtira olgan kuchli jamoa mavjud, deb aytsam noto‘g‘ri bo‘lmasa kerak.
Yaponiya — Amerika kabi orzular mamlakati emas
Yaponiya o‘zbekistonliklar uchun kashf etilmagan davlat, deb o‘ylayman. Xuddi, yaltiroq qog‘oz bilan o‘ralgan va yaroqlilik muddati o‘tib ketgan shirinlik kabi. Uni yeb bo‘lgandan keyin ozgina vaqt o‘tgach, qorningizni og‘ritib qo‘yadi. Ya’ni, Yaponiya — Amerika kabi orzular mamlakati emas. Juda yopiq, insonlari juda mehribon va bir paytning o‘zida juda millatchi xalq hisoblanadi. Yaponiya haqida yetarli ma’lumotsiz bu yerga kelgan insonning boshiga albatta og‘ir kunlar keladi. Chunki siz albatta yapon tilini bilishingiz, qoidalarga rioya qiladigan inson bo‘lishingiz birinchi kundanoq talab qilinadi. Ya’ni, til bilmasdan qora ishlarni ham qilib eplab yurganlarninig hikoyasi uzoqqa cho‘zilmaydi. Uzog‘i yarim yilda eplay olmay qaytib ketishadi. Aksincha, sabr bilan til o‘rganib, qoidalarga amal qilib, jamiyat o‘rgatayotgan turli bilimlarni tajriba sifatida qabul qilib, pog‘onama-pog‘ona chiqib borishingiz sizni juda katta yutuqlarga eltadi. Mehnat qilgan inson Yaponiyadi hech qachon kam bo‘lmaydi, ya’ni hech qanday adolatsizlikka uchramaydi.

Shaxsan o‘zimni nazarimda, Yaponiya — musulmon sifatida doimiy yashash uchun qiyin davlat. Masalan, birgina Tokio shahrida butun boshli O‘zbekiston aholisiga teng aholi yashaydi va tabiiyki, qaynoq hayot tarzi bo‘layotgan jamiyatda insonlarning bir-biri bilan ishi yo‘q. Va kunlarinigiz qanday tez o‘tib ketib qolayotganini sezmay qolasiz. Katta oqim sizni ham birga olib ketib qoladi. Lekin bir paytning o‘zida ana shu katta shaharda katta imkoniyatlar ham mavjud.
Ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p
Fikrimcha, Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi biznes aloqalarida ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Umuman, yaponlar biror tashqi investitsiya yoki davlatlararo biznes munosabatlarini qurar ekan, birinchi navbatda, uzoqni ko‘zlab investitsiya qilishadi va albatta investitsiya qilinayotgan davlatda xavfsiz va byurokratiyadan xoli muhit bo‘lishi kerak. Yaponlar O‘zbekiston haqida kam bilishadi. Nazarimda, chet eldan investitsiya olib kelish va uning boshqaruvini davlat idoralaridan olib biznes egalari ixtiyoriga berilishi maqsadga muvofiq.
Savolning ikkinchi qismiga to‘xtaladigan bo‘lsam, men filmlar tomosha qilishdan ko‘ra ko‘proq kitob o‘qishni tavsiya qilaman. Birinchisi, bu Tohir Malikning “Odamiylik mulki”. Har qanday yoshdagi inson albatta hayoti davomida o‘qishi shart deb o‘ylayman. Ikkinchisi bu — Shayx Muhammadsodiq Muhammad Yusuf hazratlarinig “Baxtiyor oila” kitobi — jamiyatning bir bo‘lagi ekanmiz, jamiyatning negizi bo‘lgan oilaga tayyorlovchi kitob albatta hamma o‘qishi shart, deb o‘ylayman. Uchinchisi, Jeyms Klirning “Atom odatlar” kitobi. Har birimizda yaxshi va yomon odatlar bor. Ana shu odatlarni to‘g‘ri shakllantirishni o‘rgatadigan eng foydali adabiyotlardan biri, deb hisoblayman.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter