Virtual autizm - me’yorga rioya etmaslik asorati
Autizm - rivojlanishdagi o‘ziga xoslik bo‘lib, miya faoliyatining buzilishi bilan kechadi. Unda ijtimoiy va kommunikatsion tomonlama oqsoqlik yuzaga keladi. Bemorning xatti-harakatlarida noodatiy takrorlar kuzatiladi.
Yaqinda mutaxassislar yangi terminni taqdim etdilar: virtual autizm. U raqamli autizm, deb ham yuritiladi. Multimedia mahsulotlari, planshet va smartfonlar ommalashgach, ushbu tashxis qo‘yila boshlandi.
Autizmning ushbu yangi turi nutq shakllanayotgan paytda yuzaga chiqadi va ichaklar bilan aloqadorlik kasb etadi. Chunki bola olamni avvalo oziq mahsulotlarini qabul qilish orqali o‘zlashtirgani uchun miya ham shunga moslashadi. Ko‘pchilik ota-onalar bola ovqatini yeb qo‘ysin deb taomlanish vaqti uni gadjetlar bilan ovutadilar. Shuning oqibatida miya tanovul payti signal jo‘natishga odatlanadi. Aslida bola ovqat yeyayotganida miya ham ovqatni his qilishi, video yoki o‘yin bilan band bo‘lmasligi kerak.
Autizmning 98 ta turi bor, ularning har biri alohida kechadi va o‘ziga xosdir. Shunga muvofiq ravishda qanchadir miqdordagi bolalar autizm boisidan tashqi muhitdan uzilib qoladi, bir guruhi esa o‘zini o‘zi eplay oladi. Yana shunday autist bemorlar borki, ulardan mashhur olimlar yetishib chiqadi. Bunga Eynshteyn, Motsart, Charlz Darvin, Tomas Jefferson, Bill Geytsni misol qilib keltirish mumkin.
Virtal autizm - alohida masala. Bir kunda 5 soatdan ortiq vaqtini onlayn makonda o‘tkazgan bolalar ushbu ruhiy buzilish xavfi ostida qoladilar. Virtual olam bolalarni qiziqtiradi, o‘ziga jalb qiladi, ammo miyasini o‘stirmaydi. Bola virtuallikka kirib borgani sayin real olamga e’tiborsizligi kuchayib ketadi. Odamlar bilan muloqot qilishga qiziqishi va ehtiyoji qolmaydi. Bolalarga mo‘ljallangan roliklardagi lavhalarning tez o‘zgarishi, baland ovoz va shovqin asab tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Multfilm va videoroliklarni me’yorda ko‘rish bolaga bilim berishi rost, ammo haddan ziyodi uni asabiylashishga majbur qiladi. Videoni zavq bilan tomosha qilaveradi, asabiylik esa real hayotda namoyon bo‘ladi.
Albatta, kichkintoylarga gadjetlarni to‘liq taqiqlash emas, balki me’yorga amal qilish kerak. 6-12 yoshli bolalar televizor, kompyuter, smartfon bilan kuniga 2 soatdan ko‘p band bo‘lmasliklari tavsiya etiladi. 3-6 yoshlilarga kuniga 1 soatlik me’yor o‘rnatilgan. 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar gadjetlar bilan umuman tanishmay turganlari ma’qul.
Farzandini telefon bilan band qilish har doim ham e’tiborsizlik alomati hisoblanavermaydi. Bu holatni isloh qilish faqat onaning vazifasi emas, balki oilaviy muhitga borib taqaladigan masala bo‘lib, barcha oila a’zolaridan mas’uliyat talab etiladi. Ko‘plab xonadonlarda ayolning ayollik va onalik rolidan ko‘ra kelinlik vazifalari birinchi planga chiqariladi. Qaynona-qaynota xizmati, ikki-uch mahal qozon osish, uyni chinnidek qilib tozalash, qishloq sharoiti bo‘lsa mol-xol, ekin-tikin, kir-chir degandek, bularning bariga ulgurish taqozosi bolalarga ajratiladigan vaqtdan o‘g‘irlanadi. Chunki bola qaynonadek o‘shqirmaydi, erdek kaltaklamaydi, ularning oldidagi majburiyatlarni bajarmasa, jazo yo‘q. Onalar e’tiborsizlikdan emas, ilojsizlikdan farzandining qo‘liga telefon tutqazishga majbur bo‘ladi. Tabiiyki, buning oqibatida bolaning virtual autizmga chalinishida aybdor ona emas, butun oiladir.


Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter