Bugun — Internetda so‘z erkinligi kuni
2008-yil “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkiloti YuNESKO shafeligida 12-mart sanasini “Internetda so‘z erkinligi kuni” sifatida nishonlashni joriy etdi. Maqsad dunyo e’tiborini internetga erkin kirish bilan bog‘liq muammolarga qaratish edi. Shundan buyon tashkilot veb-olamda cheklovlar o‘rnatgan mamlakatlar ro‘yxatini “internet dushmanlari” tarzida har yili e’lon qilib borishga odatlangan.
Boshqa ommaviy axborot vositalari bilan solishtirganda, internetda so‘z erkinligi nisbatan yaxshiroqligini tan olish kerak. Ijtimoiy tarmoqlar, forumlar, messenjerlar, blog va kanallarda o‘z fikrini tahrirsiz, taqiqsiz bildirishi oson.
Hozir nafaqat jurnalist va yozuvchilar, balki barcha “o‘z so‘zi”ga ega — internet, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar mualliflik imkonini berdi. Badiiy asarlar hayotiy hikoyalarga almashdi, ularning auditoriyasi, muxlislari va fikr bildiruvchilari oshdi.
Lekin bu internetda so‘z erkinligiga to‘liq erishildi, degani emas. Ba’zi blogerlar va kuzatuvchilarning shov-shuvga, xayp yangiliklarga o‘chligi, bu yo‘lda birovning obro‘sini to‘kish, shaxsiy hayotini elga doston qilishdan tap tortmasligi ortidan virtual dunyoda ham hadiksirashlar, erkin fikrlarni ochiq bayon etolmaslik holatlari uchramoqda. Savolni javobga aylantirayotgan, matndan o‘ziga kerakli joyini qirqib olib, sarlavhalar yasayotgan jurnalistlar ham uchrab turibdi.
Muammolardan yana biri — yoshlarbop kontentni alohidalash, ularning ongini zaharli axborotlardan saqlash. Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim chellenjlar yoshlarning ruhiyati va hatto hayotiga tahdid solayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Shunga o‘xshash holatlarda qo‘llaniladigan himoyalash chora-tadbirlarini aslo internetda erkinlikni bo‘g‘ish, deb tushunmaslik lozim. Ayrim IT-gigantlar o‘z ilovalarida yoshga doir cheklovlar va ota-ona nazorati funksiyalarini qo‘llashayotganini faqat olqishlash kerak. Binobarin, kimningdir erkinligi boshqa birovning huquqini poymol etmasligi, shaxsiy hududiga daxl solmasligi shart.
Albatta, internetda so‘z erkinligi uchun kurash — doimiy jarayon. Veb-tarmoqdan foydalanish emin-erkinligi va unumdorligi axborot texnologiyalari taraqqiyotiga hamohang oshib boraveradi.
Turgan gapki, internet etikasi, ijtimoiy odoblarga rioya etilsa, onlayndagi so‘z erkinligiga erishish osonlashadi. Shunda har kim o‘z o‘y-fikrlarini ochiq bayon eta oladi.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter