Sotuvchi firibgar ekan

Andijon viloyati, Baliqchi tumanida yashovchi 31 yoshli A.V. Ichki ishlarga murojaat qildi. Aytishicha, bank kartasidan 630 ming so‘m noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilibdi.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Surxondaryo viloyati Angor tumanida yashovchi 20 yoshli V.T. sodir etganligi aniqlandi.
Unga ko‘ra, V.T. jabrlanuvchi A.V. bilan “Telegram” messenjeridagi “Arzon kiyimlar” nomli guruhda tanishib, unga kiyimlarni arzon narxda qilib berishini, shuningdek, yetkazib berish xizmati ham mavjudligini aytib aldagan. O‘zining foydalanuvidagi bank kartasiga 630.000 so‘mni oldindan o‘tkazib olgandan so‘ng yozishmalarni o‘chirib yuborib, akkauntini "qora ro‘yxat"ga kiritib qo‘ygan. Tabiiyki, buyurtma qilgan ko‘ylagi ham yetkazib berilmagan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, V.T.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter