Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

"200 dollar bermasang, behayo rasmlaringni tarqatib yuboraman"

Foto: Illyustrativ foto

Yaqinda buxorolik 35 yoshli ayol K.Z.ga “Telegram” orqali shunday tahdidli xabar keldi. Ayolning fotosuratlariga maxsus dastur yordamida qayta ishlov berilgan, yalang‘och holdagi behayo fotosuratlari tarqab ketishi har qanday insonda hadik uyg‘otishi turgan gap edi.

Ammo o‘zini qo‘lga olgan K.Z. Ichki ishlarga murojaat qildi. Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Buxoro viloyati, Kogon tumanida yashovchi 19 yoshli talaba T.B. sodir etganligi aniqlandi.

Ikki ayol rejaga ko‘ra avtomobillarga yoqilg‘i quyish shahobchasi yaqinidagi bekat oldida uchrashishdi. Tezkor tadbir davomida pul talab qilgan T.B ikki yarim million so‘mni K.Z.dan olgan vaqtida, daliliy ashyolar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 1-qismi  bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, T.B.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Afsuski, qing‘ir ishning ortidan 19 yashar qiz panjara ortiga mahkum bo‘lishi mumkin. Yaqinda qo‘liga mutaxassis sifatida diplom oladigan talaba, rasmlarga ishlov berish qobiliyatiga ega bo‘la turib pul topishning nohalol yo‘lini tanlaganiga ajablanasan kishi.

Shu o‘rinda ayollarga ham ijtimoiy tarmoqlarga shaxsiy fotosuratlarini joylashtirmaslikni maslahat berib, ogohlikka chorlaymiz. Bunday harakatlar ertaga o‘zlarining zararlariga xizmat qilishi, firibgarlarga o‘lja bo‘lishi mumkinligi haqida fikr yuritsinlar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring