Vazir Qarshi Davlat universitetida yangi ochilgan eksportchi kompaniya bilan tanishdi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qarshi Davlat universitetidagi “US HIGH QUALITY INTERNATIONAL LOGISTICS SERVICE” MChJ hamda Inkubatsiya markaziga tashrif buyurib, talabalarning innovatsion startap loyihalari bilan yaqindan tanishdi.
“US HIGH QUALITY INTERNATIONAL LOGISTICS SERVICE” MChJ Rossiya federatsiyasidagi logistika korxonalariga autsorsing asosida xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Korxonada 20 nafar yangi ish o‘rni yaratilgan hamda 100 nafarga yaqin ish o‘rni yaratish bo‘yicha rejalashtirilganligi ta’kidlab o‘tildi.
Tanishuv davomida ushbu kompaniya oliy ta’lim va ishlab chiqarishning integratsiyalashuvi yo‘nalishida muhim qadam sifatida e’tirof etildi.
Universitet negizida tashkil etilgan kompaniya oliy ta’lim muassasalarining ishlab chiqarish bilan bog‘lanishi va talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Kompaniya nafaqat ilmiy bilimlar platformasini yaratishga, balki hududdagi yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga ham katta hissa qo‘shmoqda.
Inkubatsiya markazi esa yoshlar uchun yangi g‘oyalarni rivojlantirish va texnologik yechimlarni amalga oshirish bo‘yicha muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tashrif chog‘ida Sherzod Shermatov talabalarning eng dolzarb va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalaridan biri – nogironligi bor va ko‘zi ojiz fuqarolar uchun mo‘ljallangan “aqlli hassa” loyihasi bilan tanishdi. Ushbu loyiha jamiyatning zaif qatlamlari – ko‘zi ojiz va jismoniy cheklovlarga ega bo‘lgan insonlarning xavfsizligini ta’minlash hamda ularning kundalik hayotda mustaqil va erkin harakatlanishini yengillashtirishga qaratilgan.
“Aqlli hassa” maxsus sensorlar bilan jihozlangan bo‘lib, u yo‘lni to‘siqlardan himoya qilish, atrof-muhitni aniqlash va foydalanuvchiga ovozli signal orqali yo‘nalishni ko‘rsatish imkoniyatini beradi. Shuningdek, xavfli vaziyatlarni oldindan sezib, yo‘nalishni o‘zgartirish yoki to‘xtash haqida foydalanuvchini xabardor qiladi. Bu texnologiya nogironligi bor insonlarning mustaqil harakatlanish imkoniyatlarini sezilarli darajada yaxshilaydi.
Vazir mazkur loyihani yuqori baholab, uning jamiyatdagi nogironligi bor insonlarga ko‘rsatadigan amaliy yordamini alohida ta’kidladi. Vazir talabalarga loyiha doirasidagi texnologiyalarni yanada takomillashtirish va uni kengroq jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shuningdek, bu kabi innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va yosh startapchilarga yanada keng imkoniyatlar yaratish lozimligini ta’kidladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter