Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Informatika bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadasida 4 nafar hamyurtimiz ishtirok etadi

Informatika bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadasida 4 nafar hamyurtimiz ishtirok etadi

“ICT4Girls” olimpiadasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan qizlar o‘rtasida butkemp tashkil etilib, butkemp so‘ngida Informatika bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadasida qatnashadigan 4 nafar ishtirokchi saralab olindi.

Shu munosabat bilan 29-iyun kuni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.  

Ma’lumki, O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-son Farmonining tegishli bandlariga muvofiq, yurtimizda qizlarni raqamli texnologiyalar sohasiga yanada kengroq jalb etish, ularning IT-ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro fan olimpiadalari va musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini tashkil etish vazifalari belgilangan. 

Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Amity universiteti, Uzum va Ucell bilan hamkorlikda umumta’lim maktablari va akademik litseylarda tahsil olayotgan 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar orasida sport dasturlash bo‘yicha “ICT4Girls” O‘zbekiston o‘quvchi qizlar olimpiadasi tashkil etildi. Olimpiada 2 bosqich – hududiy va respublika bosqichlarida bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekistonning turli hududlarida istiqomat qiluvchi 242 nafar o‘quvchi qizlar“ICT4Girls” olimpiadasida ishtirok etish uchun ariza yo‘lladi. Olimpiadaning ilk, hududiy bosqichi 8 iyun kuni barcha hududlar – 12 ta viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida bir vaqtda tashkil etildi. Bunda qizlar “Yandex Contest” platformasida berilgan masalalarga C++ yoki Python tillarida yechim ishlab, ball to‘plashdi. Ushbu bosqichda yuqori ball to‘plagan jami 45 nafar qiz Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

“ICT4Girls” olimpiadasining Respublika bosqichi 21 iyun kuni Toshkent shahridagi Amity universitetida bo‘lib o‘tdi. Bellashuvda yuqori ball to‘plagan 12 nafar qiz “ICT4Girls” olimpiadasi g‘olibi deb topilib, taqdirlandi.

Joriy yil bonus sifatida ICT4Girls olimpiadasi g‘oliblari, ya’ni jami 12 nafar qiz uchun 22-29-iyun kunlari qo‘shimcha intensiv treninglar – butkemp tashkil etildi. Butkemp 2 qismda: kunning birinchi yarmida ishtirokchi qizlar bir necha savoldan iborat musobaqada o‘z bilimlarini sinadi. Kunning ikkinchi yarmi xatolar ustida ishlash hamda yangi mavzularga bag‘ishlandi. Darslar binar qidiruv, ma’lumotlar strukturasi, dinamik dasturlash, graflar kabi mavzularni qamrab oldi.

Yurtimiz 2026-yil Xalqaro informatika olimpiadasiga mezbonlik qiladi. Shu bois O‘zbekiston ko‘plab xalqaro olimpiadalarga ishtirokchi sifatida taklif etilmoqda. Bu yil ham yurtimiz vakillari 21-27-iyul kunlari Niderlandiyaning Eyndxoven shahrida bo‘lib o‘tadigan Informatika bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadasi (European Girls’ Olympiad in Informatics) da ishtirok etish uchun taklif etildi. 

Shu bois “ICT4Girls” olimpiadasi g‘oliblari uchun tashkil etilgan butkemp so‘ngida, ya’ni 29-iyun kuni milliy terma jamoani shakllantirish maqsadida yana bir bor musobaqa o‘tkazildi va musobaqa natijalari bo‘yicha Informatika bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etadigan 4 nafar qiz saralab olindi.

Informatika bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadasi (European Girls’ Olympiad in Informatics)da O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etadigan qizlar ro‘yxati:

1. Raximova Zarnigor Baxtiyor qizi – Buxoro

2. Mirzatillayeva Oysha Zukurjon qizi – Toshkent 

3. Xojamuratova Malika Dauletmuratovna – Qoraqalpog‘iston Respublikasi

4. Dagarova Solixa Shuxratjon qizi – Samarqand

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring