IT sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya forumi

Joriy yilning 19-sentyabr kuni ICTWEEK UZBEKISTAN 2024 doirasida IT sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya forumi tashkil etildi. Forum axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek, autsorsing sohasida O‘zbekiston va Koreya kompaniyalari o‘rtasida B2B-maslahatlar va korporativ aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Tadbirda Koreya Respublikasi elchixonasi, IT Park, “KOICA”, “GBTP” vakillari, shuningdek, O‘zbekiston va Koreya IT kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, IT sohasida texnologiyalar almashinuvi va kadrlar salohiyatini rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilish, O‘zbekiston va Koreya kompaniyalari uchun B2B-maslahatlar va aloqa o‘rnatish imkoniyatlarini yaratishdan iborat edi.
Ma’lumot uchun, joriy yilda IT Park Uzbekistan va Koreya IT bozori o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada kuchaymoqda. Koreya IT-kompaniyalari O‘zbekistonga faol kirib kelmoqda va ikkala mamlakatda ham IT-sohasini rivojlantirishga qaratilgan muhim memorandumlar imzolandi. Muhim qadamlardan biri IT Park Uzbekistan va “ Korea Institute of International Cooperation” (KIIC) o‘rtasida O‘zbekiston-Koreya IT-biznes alyansini ta’sis etish to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi bo‘ldi, bu ikki mamlakatning texnologik sohalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamladi.
“KIIIC” — mamlakatlar o‘rtasida sanoat hamkorligini mustahkamlash va ilg‘or ta’lim dasturlarini joriy etish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotdir. Kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistondan Koreya bozoriga IT-xizmatlar eksportini ilgari surish, kompaniyalar bilan muzokaralarga ko‘maklashish va O‘zbekistonni autsorsing uchun yangi yo‘nalish sifatida targ‘ib qilish uchun Koreyada ham, O‘zbekistonda ham hamkor IT-ofislar tashkil etiladi.
Hozirgi kunda IT Park Uzbekistan Koreya rezidentlari soni 18 ta bo‘lib, 2024-yilning birinchi yarmida Koreyaga IT-xizmatlar eksporti 2,6 million dollarga yetdi (2023-yilda bu ko‘rsatkich 600 ming dollarni tashkil etgan edi). O‘zbekistondan Koreyaga eksport qiluvchi kompaniyalar soni 12 taga yetdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter