Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ifloslangan suvdan toza ichimlik suvi va vodorod yonilg‘isi oladigan qurilma yaratildi

Ifloslangan suvdan toza ichimlik suvi va vodorod yonilg‘isi oladigan qurilma yaratildi

Illyustrativ foto

Kembrij universiteti tadqiqotchilari ifloslangan yoki dengiz suvidan toza ichimlik suvi va vodorod yonilg‘isi ishlab chiqaruvchi qurilma yaratishdi. Qurilma quyosh energiyasida ishlaydi.

Olimlar ultrabinafsharang nurni yutuvchi fotokatalizatorni, o‘z navbatida infraqizil nurni yutuvchi nanotuzilmali uglerod to‘riga joylashtirishdi. Shu tarzda fotokatalizator vodorodni yaratishda foydalanadigan suv bug‘ini hosil qilish jarayonini yuzaga keltirishdi. Suvni yuqtirmaydigan g‘ovaksimon uglerod to‘ri fotokatalizatorning cho‘kmasdan, suv yuzasida qalqib turishini ta’minladi, shu bois suv tarkibidagi yot jismlar uning ishlashiga xalaqit bermadi. Qolaversa, suv yuzasida qalqib turish xususiyati qurilmada quyosh energiyasidan ko‘proq foydalanish imkonini berdi.

Bundan tashqari, olimlar texnologiyada transpiratsiya imitatsiyasini bajarishga erishishdi — bu o‘simliklarda suvning harakatlanish jarayoni bo‘lib, o‘simlik tanasi, barglari va gullari orqali bug‘lanishini o‘z ichiga oladi.

Foto: Nature Water

Qanday ishladi?

Qurilma haqiqiy ochiq suv manbalarida sinaldi. Masalan, Kembrij markazidan oqib o‘tuvchi Kem daryosi suvlari, qog‘oz sanoatining loyqa chiqindi suvlari tozalab ko‘rildi. Sun’iy dengiz suvi bilan sinovlarda qurilma 154 soatdan keyin ham boshlang‘ich salohiyatining 80 foizini saqlab qoldi.

Tadqiqotchilarga ko‘ra, fotokatalizator suvdagi ifloslanishlardan yaxshi himoyalangani va nisbatan quruq saqlangani bois, qurilma uzoq vaqt ishlab berishi mumkin.

Ushbu ishlanma uchinchi dunyo mamlakatlarida ichimlik suvi va yonilg‘i muammosini hal etishi mumkin, deyiladi Nature Water jurnalida chop etilgan maqolada.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring