Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Elektron kitobni ixtiro qilgan odam

Elektron kitobni ixtiro qilgan odam

Foto: Engadget / Kitaboo

8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni. Bayram. Bugun, shuningdek, mashhurlikka erishmagan, biroq insoniyatga ulkan va beqiyos meros qoldirib ketgan bir insonning tavallud kuni.

Maykl Stern Hart1947-yilning 8-mart kuni Takoma (Vashington shtati, AQSh)da tug‘ilgan. Yozuvchi, elektron kitobni ixtiro qilgan, jahondagi birinchi elektron kutubxona — “Gutenberg” loyihasi asoschisi. Ushbu loyiha va uning ta’sirida paydo bo‘lgan boshqa elektron kitoblarni internet orqali sayyoramiz ahli bepul o‘qimoqda.

“Gutenberg” loyihasiga 1971-yilning 4-iyulida asos solingan. O‘sha kuni Illinoys universiteti talabasi Maykl Hart AQSh Mustaqillik deklaratsiyasini qo‘lda ko‘chirib, ARPANET (hozirgi internetning ajdodi) tarmog‘i orqali boshqa foydalanuvchilarga jo‘natgan.

Shundan so‘ng Hart 20 yil davomida 100 ga yaqin kitobni qo‘lda yozib, elektron shaklga aylantirdi. 1990-yillar ibtidosida, internet ommalasha boshlagach, kitoblarni raqamlashtirishga universitetning volontyorlari ham qo‘shilishdi. Hartning o‘zi esa ma’muriy ishlar va veb-sayt uchun pul topish bilan shug‘ullanishga o‘tdi. “Gutenberg” elektron kitoblari soni 1997-yilda — 1000, 2003-yilda — 10 000, 2011-yilda — 40 000, 2021-yilda 60 000 tadan oshdi.

Maykl Hartning odatiy ish kuni.
Foto: The Guardian

Savodsizlikka qarshi kurashga bel bog‘lagan, odamlar kitob o‘qisin deb halovatidan voz kechgan Hart deyarli qashshoqlikda umr kechirgan. Shifokorlarga pul sarflashdan qochib, uyida davolangan. Topganini loyihasiga sarflagan.

Maykl Hart 2011-yilning 6-sentyabr kuni o‘z uyida (Urban, Illinoys shtati) yurak xuruji oqibatida vafot etgan.

Elektron kitobning ixtiro qilinishini shunchaki texnologik innovatsiya yoki zamonaviy axborot vositalari ajdodi deyish noto‘g‘ri. Bundan-da ahamiyatli. Elektron kitoblar — adabiyotlarni cheklanmagan miqdorda va bepul tarqatish uchun eng qulay vosita. Elektron kitoblardan foydalanish imkoniyati bevosita savodxonlikni oshirish imkoniyatini beradi. Savodxonlik va kitoblardagi g‘oyalar imkoniyatlar yaratadi. Shu nuqtai nazardan, Maykl Stern Hartni “Ikkinchi Gutenberg” desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Biri kitoblarni bosma usulda chop etishni, ikkinchisi shu kitoblarni raqamlashtirishni ixtiro qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring