Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyoning oltinchi boy kompaniyasi rahbari nimadan qo‘rqadi?

Dunyoning oltinchi boy kompaniyasi rahbari nimadan qo‘rqadi?

Foto: DNS

Qullikdan taniqli olimlikkacha yo‘lni bosib o‘tgan qadimgi yunon faylasufi-stoik Epiktet shunday degan ekan: “Kishini haqiqiy muammolardan ham ko‘ra, o‘sha muammolar haqidagi tasavvuridagi xavotirlar ko‘proq tashvishga soladi”.

Bu yilgi katta rahbarlarning intervyularidan iborat New York Times Dealbook sammitida Jensen Huang doim kompaniyasi bankrotga uchrashidan qo‘rqib yashashini yashirmadi. “Boshqalar meni biznesimdan chiqarib yuboradi deb o‘ylamayman — bunga ishonchim komil. Ammo ma’lum maqsad yo‘lida shijoat barobarida, xuddi bu so‘nggi imkoniyat kabi intilamiz — men shunday sharoitda ishlab o‘rganganman”, — dedi u.

Bozor kapitalizatsiyasi $1,180 trillionni tashkil etib, jahonning oltinchi qimmat kompaniyasiga aylangan, oxirgi uch yil davomida ikki baravar kattalashgan NVIDIA bir soat ichida inqirozga uchrashini tasavvur qilish qiyin, albatta. Jensen Huang 1993-yilda kompaniyaga Kris Malaxovski (hozirda NVIDIA ishlab chiqarish va ekspluatatsiya bo‘yicha katta vitse-prezidenti) hamda Kyortis Priyem bilan birgalikda asos solgan va o‘shandan buyon rahbarlik qilmoqda.

Jahonning eng qimmat 10 kompaniyasi

“Halokat yoqasida turib yashash menga yoqadi”, — dedi Huang va bunday holatlar unga rag‘bat hamda ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun kuch berishini tushuntiradi.

NVIDIA kompaniyasining grafik protsessorlar, xususan, sun’iy intellekt tizimlari uchun grafik tezlatkichlar sohasida yetakchiligi nuqta nazaridan, Jensen Huangning fikrlari shunchaki marketing yondashuvi bo‘lishi mumkin yoki uch chindan ham firibgar sindromiga chalingan. Bu — ruhiy holat bo‘lib, unda kishi erishilgan yutuqlarini hurmatga loyiq deb o‘ylamaydi yoki o‘z muvaffaqiyatlarini yerga urishga intiladi. Yer yuzidagi muvaffaqiyatli kishilardan har besh nafaridan ikki nafari kasallik sanalmaydigan ushbu sindromga chalinganini olimlar ta’kidlashadi. Hatto buyuk Albert Eynshteyn: “Hayotiy faoliyatimni qurshab olgan ortiqcha izzat-hurmat tufayli noo‘ng‘aylikdan qiynalaman. Beixtiyor o‘zimni firibgardek his etishni boshlayman”, deb noligan ekan.

Yuqoridagi intervyusida Huang AQSh yarimo‘tkazgichlar sanoatining to‘liq mustaqilligi istiqbollariga ham to‘xtaldi: “Yetkazib berish zanjiridagi to‘liq mustaqillik yaqin o‘n yoki yigirma yillarda hal bo‘ladigan vazifa emas”. Chunki, uning izohlashicha, NVIDIAning ayrim tizimlari 32 000 tagacha qismlardan iborat. Bularni tashkil etuvchi grafik protsessorlar, bosma platalar, xotira mikrosxemalari, elektron unsurlar, radiatorlar, ventilyatorlar va hokazolarni ishlab chiqarish bilan esa jahonning turli nuqtalariga sochilib ketgan juda ko‘plab kompaniyalar shug‘ullanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring