Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sun’iy intellekt paydo qilayotgan yangi kasblar: o‘zini rebrindinglayotgan texniklar, 2023-yil uchun besh yangi kasb (2-qism)

Sun’iy intellekt paydo qilayotgan yangi kasblar: o‘zini rebrindinglayotgan texniklar, 2023-yil uchun besh yangi kasb (2-qism)

Foto: Afisha Daily

Maqolamizning 1-qismida sun’iy intellekt va neyrotarmoqlar yangi kasblarni yaratayotgani va bu mutaxassislar uchun yuqori maoshli ishlar taklif etilayotganiga to‘xtalgandik. Biroq sun’iy intellekt yo‘nalishida yangi kasb ortidan osongina pul ishlayman deganlar adashadi.

Googledagi qo‘rquv va nafrat

Masalan, Google kompaniyasida. Google Bard sun’iy intellektini shug‘ullantirayotganlarga, juda og‘ir bosim ostida ishlashlariga qaramasdan, soatiga 14 dollar to‘lanadi. Gap Google kompaniyasining tashqi pudratchisi sanalgan Appen hamda Accenture kompaniyalarining minglab xodimlari haqida ketmoqda. Google kompaniyasining so‘zlashuv sun’iy intellekti bo‘yicha mutaxassis ish o‘rniga talabgorlar uchun shartlari quyidagicha: informatika (Computer Science) bo‘yicha bakalavr darajasi yoki shunga teng amaliy tajribaga ega bo‘lish, mashinani o‘qitish sohasida amaliyotga ega, tabiiy tilda matnlar bilan ishlash bo‘yicha magistr darajasi yoki fan doktorligi alohida e’tiborga olinadi.

Bard loyihasida qatnashayotgan ko‘p sonli tashqi pudratchilar zimmasiga chat-botning javoblarini ko‘rib chiqish, xatolarini to‘g‘rilash, oldindan tayyorlanganlik alomatlari bor javoblarni tozalash kabi og‘ir yumushlar yuklatilgan. Nomlari sir tutilishini so‘ragan ana shunday xodimlardan olti nafari bilan Bloomberg muloqot qildi. Anonim xodimlarning aytishlaricha, kompaniya raqobatchi OpenAI bilan poygaga qo‘shilganidan keyin ularning zimmasidagi ish hajmi keskin ko‘payib, murakkablashib ketgan. Masalan, bu xodimlar dorilarning dozalaridan tortib, turli shtatlarning qonunlarigacha javob berishlari shart. Ulardagi yo‘riqnomaga ko‘ra, sun’iy intellekt bergan javobni tekshirishlari uchun atigi uch daqiqa ajratiladi. Yo‘riqnomada faktlarni tekshirishda o‘z bilimlaridan yoki internetdagi yuzaki qidiruv bilan cheklanish tavsiya qilinadi.

“Hamkasblarimiz qo‘rquv, sarosimaga tushishgan, kam haq to‘lanyapti, nimalar bo‘layotganini tushunishmaydi ham. Qo‘rquv madaniyati sifatli jamoaviy natija berishiga ishonish qiyin”, — dedi pudratchilardan biri. Appen uchun ishlayotgan Google xodimlaridan biri esa Kongressga yozgan xatida ular kontentni ko‘rib chiqayotgan tezlik oxir-oqibat Google Bardni “muammoli va xavfli”ga aylantirishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Rebrending va optimallashtirish

Vox yozishicha, hozir turli yo‘nalishlardagi texnik mutaxassislar “o‘zlarini rebrendinglab”, sun’iy intellekt bo‘yicha qayta malakalanishmoqda, ular ko‘z tikkan mukofot — sun’iy intellekt bo‘limining yuqori maoshli rahbari (Head of AI) kursisi. Bu lavozimdagilarning vazifalari kompaniyalarning yo‘nalishiga qarab keskin tafovut qiladi: mavjud mahsulotlarga sun’iy intellekt texnologiyasini tatbiq etishdan tortib, biznes-modelni yaxshilash uchun sun’iy intellektdan foydalanishgacha.

Gartner hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024-yilda sun’iy intellekt sohasidagi mahsulotlarning taxminan 80 foizi texnologiyalar bo‘yicha tajribasi bo‘lmagan mutaxassislar tomonidan ishlab chiqiladi. Bu dasturlash bo‘yicha jiddiy ko‘nikma  talab etilmaydigan (zerokoding yoki loukoding) yangi ishlab chiqarish usullarining paydo bo‘lishi, shuningdek, to‘g‘ri promptlar qo‘llanilib, vazifalar to‘g‘ri shakllantirilganda dasturni o‘zi yozuvchi neyrotarmoqlarning imkoniyatlari bilan bog‘liq.

Gumanitar yo‘nalishlardan chiqqan mutaxassislar hatto kompaniyalarning AI-bo‘limlarini boshqarishlari mumkin. Masalan, Coca-Cola generativ sun’iy intellekt bo‘limining rahbari Pratiko Takar bungacha kompaniyaning kreativ strategiyasini ishlab chiqqan edi. Shunga qaramasdan, Bloomberg yozishicha, eng yuqori maoshli lavozimlar ko‘pincha mashinani o‘qitish sohasida doktorlik darajasiga erishganlar yoki sun’iy intellekt kompaniyasiga asos solganlarga to‘lanmoqda.

Kelajak kasblari

Richmond Times Dispatch nashri sun’iy intellekt sharofati bilan 2023-yilda beshta yangi kasb paydo bo‘liga e’tibor qaratdi.

  • SI etikasi bo‘yicha mutuxassis (AI ethicist);
  • SI tibbiyot texnigi (AI-assisted healthcare technician);
  • SI chat-botlari dizayneri (AI chatbot designer);
  • SI biznes-tahlilchisi (AI business analyst);
  • SI platformasi muhandisi (AI platform engineer)

Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha mutaxassis taraqqiy etgan jamiyatning axloq me’yorlariga rioya etilishini kuzatib boradi, sun’iy intellekt ko‘nikmasiga ega tibbiyot texnigi esa AI dan monitoring va tashxislashda foydalanadi. Qolganlar yo‘nalishlar ham shu taxlitda ishlaydi — faoliyatiga sun’iy intellektni olib kirish orqali yanada samarali ishlashga o‘tadi.

Sun’iy intellekt yuzaga keltirayotgan yangi mehnat bozori an’anaviy mehnat bozoridan afzalroqmi yoki aksinchami — hozircha bir narsa deyish qiyin. Time surishtiruvlariga ko‘ra, sun’iy intellekt sohasining texnogiganti — ChatGPT chat-botini ishlab chiqqqan OpenAI kompaniyasi afrikalik (Keniya) ishchilarni ishlatgan. “Zaharli” kontentni filtrlovchi uskunani neyrosetga o‘rnatishda ko‘maklashagn keniyaliklarga soatiga $1,32 dan $2 gacha haq to‘lashgan. Keniyalik ishchilar tasvirlar va tavsiflarni jinsiy, jumladan bolalar va hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik alomatlari bo‘yicha baholashlari va ularni tegishli toifalarga taqsimlashlari shart edi. Bu ish oqibatida ko‘plab xodimlar ham aqlan, ham ruhan zo‘riqishga uchrashganidan shikoyat qilishgan, ular bu ishning o‘zini zo‘ravonlik deya baholashdi.

Sun’iy intellekt va neyrotarmoqlar rivojlanishi qachongacha odamlarga bevosita bog‘liq bo‘ladi, ya’ni yangi kasb egalariga talab qancha vaqtgacha saqlanib qolishi mumkin?

Kembrij universitetining mashinani o‘qitish sohasida tadqiqotlar direktori Adrian Ueller Bloomberg agentligiga aytishicha, sun’iy intellekt va neyrotarmoqlar bilan muloqotlashishda eng asosiy shaxslar bo‘lmish prompt-muhandislarning mehnatiga hozir talab katta. “Bozorda ko‘p sonli prompt-muhandislarga talab uzoq vaqt saqlanib qolishiga unchalik ishonchim komil emas. Qolaversa, ushbu kasb hozirgi ko‘rinishida qolishi ham savol ostida, chunki bu sohada rivojlanish sur’ati o‘ta yuqori”, — dedi Ueller.

Manba: forbes.ru

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring