Safsatadan sarosimalanib...

Insonlarning axborot bilan ta’minlanganlik darajasi so‘nggi yillarda ancha oshdi. Endi faqat ommaviy axborot vositalari emas, ijtimoiy tarmoqlar ham sodir bo‘layotgan voqealardan xabar beruvchi manbaga aylandi. Ammo afsuski, bu borada son oshgani sayin sifat tushmoqda.
Kishi to‘g‘ri va foydali ma’lumotlar iste’molchisi emas, to‘qima va uydirmalar asiriga aylanib qolmoqda. Yolg‘on xabarni shunchaki eshitib yoki o‘qib qo‘ysa mayli ekan, unga bebaho vaqti bilan birga xassos ruhiyatini ham sarflaydi. Xozir turli kanal va guruhlar orqali kelayotgan xabarlar va aynan yolg‘on-yashiq ma’lumotlar odamlarni vahimaga solib, qalblarini jarohatlamoqda. O‘zlari ruhan sinib bo‘lgach, yaqinlarini ogohlantirish maqsadida, yaxshilik qilish istagida uni birma bir jo‘natib chiqishga kirishadilar. Darvoqe, xabarga ham ushbu undov tirkalgan, “yaqinlaringizga tarqating”, deya o‘rgatilgan bo‘ladi.
Aslida bularning bari o‘ylab topilgan voqealar, aldov asosida tayyorlangan matn, foto, video, audio mahsulotlardir. Ularning ortida jirkanch maqsadni ko‘zlagan guruhlar, shaxslar turibdi. Katta biznes kompaniyalarga dushmanlik, nosog‘lom raqobat sabab ular faoliyatiga oid vahimali mish-mishlar yaratadilar va tarqatadilar. Yoki yana bir niyati – o‘z kanali, guruhining obro‘sini oshirish, obunachilarni ko‘paytirish. Ular shov-shuv maqsadida yolg‘ondan, tuhmatdan xayiqmaydilar.
Yaqinda bir xabar tarqaldi. Unda bir necha hafta davomida “Pepsi” ichmaslik dahshatli tarzda ogohlantirilmoqda. Emishki, ushbu kompaniyaning OITS bilan kasallangan xodimi mahsulotga o‘z qonidan qo‘shibdi. Buni o‘qigan odam borki yoqa ushlab, hammaga tarqatib chiqmoqda. Birinchidan, bu asoslanmagan ma’lumot. Hech kim ishchi qonini ichimlikka qo‘shayotganini ko‘rmagan, foto va video tasvirga tushirmagan. Ikkinchidan, bunday gigant kompaniyalar xodimlarini keragicha nazorat qila oladi, mahsulotiga istagan narsasini qo‘shishiga qo‘l qovushtirib o‘tirmaydi. Uchinchidan, mantiqan o‘ylasak, buning sira iloji yo‘q. “Pepsi” global brend bo‘lsa, u katta miqdorda mahsulot ishlab chiqarsa, bir necha milliard litrli ichimlikka qo‘shish uchun xodim hamma qonini qoqib-suqib olibdi-da! To‘rtinchidan, gematolog va infeksionist mutaxassislar tasdiqlaydilarki, bunday omillar orqali OITS yuqmaydi. Xo‘p, uydirmachilarning gapiga rozi bo‘lib, ishchi OITSga chalingan va qonini ichimlikka qo‘shgan deylik. Baribir kasallik yuqmaydi. Chunki OIV qondan qonga o‘tadi. U yuqishi uchun ma’lum – kattaroq miqdorda qon qabul qilinishi kerak. Bir necha yil avval “OITS bemorlari shpritsini ko‘cha-ko‘yda hammaga tiqib yuradi” degan mish-mish tarqalgan edi. Shifokorlar igna uchidagi qon OITS tashish uchun ozlik qilishini ta’kidlaydilar. Xatto stomatolog muolajalarida OIV yuqtirish xavfi yo‘q, chunki unda ko‘p miqdorda qon muomalaga kirishmaydi. Gepatit, torch-infeksiyalar yuqishi mumkin, ammo OIV emas! “Pepsi”dan qon izlagandan ko‘ra gazlangan ichimliklarning sog‘liqqa zararini o‘ylang, aynan shu sabab uni tark etishingiz mantiqqa to‘g‘ri keladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “dolzarb”ligini yo‘qotmay kelayotan yana bir xabar bor. Bu Ichki ishlar vazirligi bayonoti emish. “Mamlakatda bo‘lib turgan qiyin vaziyatlarni hisobga olib ogohlantiramiz” deb boshlanadi xabar va begonalardan ehtiyot bo‘lish, o‘g‘ri va bezorilarga aldanib qolmaslik tayinlanadi. Shu xabar necha yildirki aylanyapti, odamlar bir-biriga tarqatishdan charchamayapti. Ammo fikr qilib o‘ylab ko‘rmayaptiki, matnning o‘zi bizning yurtimizga taalluqli emas. Nahotki buni “mamlakatdagi qiyin vaziyat” jumlasidan anglash qiyin? Bizda qiyin vaziyat yo‘q-ku, yurtmiz tinch-ku, deya xabarga bee’tibor bo‘lishga nega insonlarning aqli yetmayapti? Xabarda yana bir o‘zini oshkor etuvchi ibora bor: “Suriyalik immigrantlar bilan yaqin munosabatda bo‘lmang”. Bizda suriyalik immigrantlar bor ekanmi?! Xo‘p, bu jumlalarga e’tibor bermadingiz, yarim betli matnni hayajon bilan o‘qidingiz, hech bo‘lmasa oxirgi nuqtada o‘zingizga keling! Muallif sifatida “Muhammad Ibrohim Yusuf, Ichki ishlar vaziri”, deb yozilgan. Bizning Ichki ishlar vazirimiz Muhammad Ibrohim Yusufmi? Mayli, oddiy chilangar yoki uy bekasi vazirni tanimas, hech bo‘lmasa bizda ism-familiya bunday yozilmasligini hayolga keltirish uchun ortiqcha aql shart emas-ku. Taassufki, ushbu xabar oliy ma’lumotlilar, davlat ishida ishlovchi xodimlar tomonidan ham tarqatilib, ommalashtirilmoqda.
Dori-darmonlar haqida mish-mishlar ham rosa urchiydi. Bolalarda yallig‘lanishni davolovchi “Anaferon” va “Viferon” saraton katakchalarini ochayotani haqidagi xabar internetni kezdi. Aslida ushbu dorilarda bunday nojo‘ya ta’sir yo‘q. Agar bo‘lganida farmosanoatdan o‘rin olmasdi. Yolg‘on xabar maqsadi ortida ikkita taxmin turibdi. Birinchidan, bular mashhur, shifokorlar tomonidan ko‘p tavsiya etiluvchi, bozori chaqqon, narxi qimmat dorilar. Ularni kasod qilib, o‘rniga o‘z mahsulotini o‘tkazish niyatidagi tadbirkorlar uydirma to‘qigan bo‘lishi mumkin. Chunki bunday xabar har qanday ota-onani (to‘g‘rirog‘i, bilimi va saviyasi past yoki ishonuvchan ota-onalarni) sergak torttiradi va ushbu dorilarga nisbatan nafrat uyg‘otadi. O‘z dorisining raqobatchisinikidan ko‘ra sifatliroq va foydaliroq ekanini isbotlashning oson yo‘li bu. Ikkinchidan, qaysidir bolada haqiqatdan ham shu dorilar qabulidan keyin saraton aniqlangan bo‘lishi mumkin. Lekin, onkolog mutaxassislar tasdiqlaydilarki, saraton bir zumda paydo bo‘luvchi va oson aniqlanuvchi kasallik emas. U yillar davomida yashirin rivojlanadi, alomatlari kechikadi. Balki boshqa sabab bilan onkologik kasallikka uchragan bola orada shamollab qolib shu dorilarni qabul qilgan, undan keyingi tibbiy ko‘rikda esa saraton aniqlangandir. Kecha dori ichib, ertasiga saraton tashxisi qo‘yilishi tibbiyot nuqtai nazariga mutlaqo zid.
Vitaminlar haqida ham shunday gumon yuradi. “Falonchi vitamin ichib, saraton bo‘lib qolibdi” degan gapga ishonib, farzandiga umuman vitamin bermaydigan ota-onalar bor. Vaholanki, hech bir turdagi vitamin saraton katakchalarini uyg‘otmaydi. Uyg‘onib bo‘lgan katakchalarni oziqlantirishi, ya’ni boshlangan onkologik kasallikni vitamin rivojlantirib berishi mumkin. Vitamin ichganidan keyin saraton aniqlangan odam, bilingki, ancha avval onkologiyaga chalinib bo‘lgan. Vitamin dardni kashf qilmadi, balki zo‘raytirdi. Sog‘lom odam uchun shifokor tavsiyasi bilan qabul qilinadigan vitaminlarning zarari yo‘q.
Bu kabi xabarlarga diqqat bilan razm solsangiz, ular grammatik va orfografik xatolarga to‘la bo‘ladi. Shundan ham u bir rasmiy tashkilot yoki shaxs emas, balki savodsiz bekorchi tomonidan tayyorlanganini payqab olavering.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter