Qadimda o‘chgan telefonni qayta quvvatlantirishga 10 soat ketgan

Bugun gigant kompaniyalar ajabtovur smartfonlarini ko‘z-ko‘z qilmoqda. Lekin ularning o‘chmasdan ishlash muddati bir kunga zo‘rg‘a yetishini hisobga olganda quvvatlagich naqadar muhimligi isbotga muhtoj emas.
Ushbu dolzarb qurilmaning tarixi 1940 yillarga borib taqaladi. Unga politsiyachilar radiotelefonlarini quvvatlantirish uchun ehtiyoj sezganlar. Chunki avtomobil akkumulyatoridan quvvatlangan radiotelefon atigi 6 ta qo‘ng‘iroqni qabul qilishga yetardi, xolos.
1973 yili "Motorola" telefoni uchun quvvatlagich ixtiro qilindi. U to‘liq quvvatlangandan keyin 30-40 daqiqali telefon so‘zlashuviga yetib berar edi. O‘chgan telefonni qayta quvvatlantirish 10 soat vaqt talab etgan.
Telefonning qornini tez to‘ydiruvchi quvvatlagichlar 37 yil avval paydo bo‘lgan. "DynaTAC 8000X" quvvatlagichlari nisbatan qisqa soatlarda telefonni o‘ziga keltirgan. Bu ixtiro ham "Motorola"ga tegishli.
1990 yildan e’tiboran kompaniyalar telefondagi batareyalarni takomillashtirishni boshladi, yangicha va zamonaviy batareyalarning, tabiiyki, quvvatlanish vaqti ham qisqardi va chidamliligi oshdi. Bu payt turli kompaniyalar (Motorola, Samsung, Nokia) o‘z quvvatlagichlari bilan musobaqa o‘ynadilar.
O‘shanda bir quvvatlagich faqat o‘ziga mansub apparatgagina tushgan. Ya’ni, bir kompaniyaning quvvatlagichi raqobatchi telefonning qornini to‘ydirmagan. Quvvatlagichni yo‘qotib qo‘ygan odam o‘chiq telefonini yoqolmay rosa xunob bo‘lishini tasavvur qiling.
2000 yilga kelibgina quvvatlagichlar universallasha boshladi va foydalanuvchilarda boshqa kompaniya apparatini ishlatuvchi do‘stidan quvvatlagichni nasiyaga olish imkoni tug‘ildi. Bundan faqat mijozlarning manfaati ko‘zlanmagan. Buzilgan, singan va eski quvvatlagichlarni utilizatsiya qilish jarayoni muammo tug‘dirgani uchun bu moslamaning yaroqliligini oshirish ehtiyoji tug‘ilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter