Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

O‘zbekiston – “ayti” biznes uchun eng qulay mamlakat

O‘zbekiston – “ayti” biznes uchun eng qulay mamlakat

Ta’bir joiz bo‘lsa, bugungi kunda axborot texnologiyalari alohida soha sanalmay qoldi. Balki, u har bir sohaning bir qismi va aynan muhim qismiga aylandi. Har bir kasbda turli darajalarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining salmoqli aralashuvi va ulushi mavjud. Jumladan, tibbiyot, ta’lim, davlat boshqaruviga chuqur nazar solsangiz, ularning kundalik faoliyatini texnik imkoniyatlarsiz tasavvur etolmasligingizga amin bo‘lasiz.

Zamonamizda dunyo afkor ommasi holatiga real nigoh qadasak, ayrim mamlakatlarda turli sabablarga ko‘ra IT-mutaxassislar o‘z vatanlarini tark etish qaroriga kelayotganlarini ko‘rish mumkin. Bu soha xodimlari uchun tinch makon va qulay sharoit birlamchi ahamiyat kasb etadi. Axborot texnologiyalari boshqa kasblardan farqli o‘laroq, uning odami daromadlarini aniq bashorat qila oladi. Ko‘proq va yaxshiroq ishlash orqali mo‘may maoshga ega bo‘lish ko‘p jihatdan o‘ziga bog‘liq. Qo‘shimcha daromad, o‘rindoshlik asosida ishlash, masofaviy mehnat imkoni ham “aytichi”larning muvaffaqiyatlaridan biri.

Masalaning ushbu qirrasiga e’tibor qaratganda, bugungi tahlikali zamonda O‘zbekiston axborot texnologiyalari mutaxassislari uchun qulay makon ekanligiga zarracha ham shubha yo‘q. Yurtimizdagi muhit ularga mosligi bois afzal ko‘rilishga arziydi. Chunki, birinchidan, O‘zbekiston tinch, suveren va tashqi xavflardan xoli hudud, iqlimi mo‘’tadil. Ikkinchidan, O‘zbekiston - yoshlar mamlakati. Aholining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Yoshlarning hayoti axborot texnologiyalari bilan uzviy bog‘liqligini inobatga olganda IT-kompaniyalar uchun mijoz, kadr va xayrixohlarni topish muammo emas. Mutaxassislar ham o‘zlari yaratgan axboriy mahsulotlar uchun foydalanuvchilarning keng auditoriyasiga ega bo‘la oladilar. Uchinchidan, mahalliy aholida sohaga oid yangi qulayliklarga ehtiyoj yuqori. Texnologik imkoniyatlar, aqlli mahsulotlar bilan yashashni osonlashtirishga, vaqtni tejashga talab va istak yuqori. Masalan, ayni vaqt xorijda suvni filtrlaydigan, xonani isitadigan, "Wi-Fi" ulatmagan holda internet ta’minotini beradigan gadjetlar ishlab chiqarilmoqda. Ular uchun xorijdan ko‘ra bizda ko‘proq xaridorlar topilishi ehtimoli yuqori. Aqlli uy vositalari ham o‘zbek xonadonlarida og‘irini yengil qiluvchi qulaylik sifatida ijobiy qarshi olinadi.

Albatta, bu borada ikki tomonlama g‘alaba bor. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan IT-mutaxassislar o‘zlari uchun maqbul biznes muhitiga ega bo‘lib, hamkorlar va mijozlar qurshovida qolsalar, ularning mehnati vatanimizdagi soha rivojiga yangi qon kiritadi. Tajriba almashinuvi yurtdoshlarimizning bilim va malakasi oshishiga sababchi bo‘lib, motivatsion ruh bag‘ishlaydi. Bordiyu ular yurtimizdagi faoliyatlarini kengaytirib, pedagogik yo‘nalishdan borsalar, yetishib chiqayotgan kadrlar ham mukammal ilm zahirasi bilan qurollanadilar.

O‘zbekiston xorijiy IT-kompaniyalar va mutaxassislarni yurtimizga taklif etish istiqbolidan ikkilanmaydi va ishonch bilan qaray oladi. Chunki bu sinovda o‘zini oqlagan g‘oya. Allaqachon EPAM, EXADEL kabi yirik eksporterlar O‘zbekistondagi ofislarida o‘z faoliyatlarini kengaytira oldilar. Shunday ekan, bag‘rikeng o‘zbek yurti yetuk mutaxassislarga eshiklarini keng ochadi va ularga uy-joy, soliq, maosh bo‘yicha imtiyoz va imkoniyatlar yaratishga qodir. O‘zbek ish beruvchisi xorijdagi hamkasbining ko‘nglidan joy topish, bilimi va mehnatidan unumli foydalanish va, o‘z navbatida, unga ham o‘zining yangi qirralarini kashf etishda yordamlashishni uddalaydi.

Yana bir masalaga diqqatingizni qarating. Bir nafar eksportda ishlaydigan xodim o‘rtacha 2000 dollar oylik olsa, bir yilda uning maoshining o‘zi 24 ming dollar eksport daromadini olib keladi. Shunday xodimlarning soni 40 mingdan ortsa, ularning oyligini o‘zidan deyarli 1 milliard dollar eksport daromadi yurtimizga kirib keladi. Dasturchilar uchun Prezident farmoni bilan alohida soliq muhiti yaratilganidan keyin dasturlash xizmatlari 50 barobardan ortiq oshgani boshlang‘ich qadam bo‘ldi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov buni dasturchilar va BPO bo‘yicha xizmatlar eksportida shug‘ullanayotgan yoshlarimizning yuqori daromad topayotganlari boshqa yoshlarimizni ham chet tillari va axborot texnologiyalarini o‘rganishga undayotgani bilan izohlaydi.  Shu yilning 28 fevralidan 3 martigacha Ispaniyaning Barselona shahrida bo‘lib o‘tgan MWC Barselona 2022 Jahon mobil kongressida AKT vaziri rahbarligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Aytish joiz, dunyoning manaman degan “ayti” kompaniyalari bilan o‘tkazilgan muloqotlarda ham axborot texnologiyalari mutxassislari hamda kompaniyalariga mamlakatimizda qulay sharoit va imkoniyatlar borligi aytildi, hamkorlikda ishlash takliflari berildi. Albatta, bu harakatlar o‘z natijasini berishiga ishonamiz.

AKTdan foydalanib, Koreya IT kompaniyalari hamkorligida, IT, BPO va KPO xizmatlari eksportini ko‘paytirish imkoniyatlaridan foydalanish masalasi har doimgidan-da dolzarblashmoqda. Binobarin, davlatimiz rahbarining Koreyaga tashrifi chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida AKT sohasi belgilab berilgan edi. Agar bu tendensiyalardan to‘g‘ri foydalanilsa, bu Koreyaning IT kompaniyalarini O‘zbekistonga kelib qo‘shimcha daromadiga imkoniyat bo‘lishi bilan birga, bizning yoshlarimizga o‘z oilasi bilan o‘z yurtida yashab, eksportga xizmat ko‘rsatish orqali yuqori maoshli ishlarni yo‘lga qo‘yishiga imkoniyat yaratiladi.

Muxtasar aytganda, axborot texnologiyasi mutaxassisi dunyo globallashayotganini yaxshi tushunadi va tan oladi. Internet chegara bilmaganidek soha ustalarining ham bilim sarhadlari cheksiz, unda o‘zi lozim topgan qulay makon va mos muhitda yangi g‘oyalar tug‘ilishiga rag‘bat uyg‘onadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring