Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘gay ota-ona qo‘lida tarbiya topgan Stiv Jobs

O‘gay ota-ona qo‘lida tarbiya topgan Stiv Jobs

Foto: "Uznayvse.ru"

"Apple" korporatsiyasi asoschisi Stiven Pol Jobs 1955 yili San-Fransiskoda tug‘ilgan. Otasi siriyalik Abdulfattox Jandalli, onasi nemis millatiga mansub Joan Shible o‘rtasidagi nikoh norasmiy bo‘lgani va ota-onalar bu turmushga qarshilik qilganlari sabab bolani boshqa oila qo‘liga topshirishgan. Shu tariqa u Pola va Klara Jobslar xonadonida ulg‘aydi.

Stiv maktabda sho‘x bola bo‘lgani bilan aqli ancha o‘tkir edi. To‘rtinchi sinfdan oltinchi sinfga sakraganidan ham buni bilish qiyin emas. O‘quvchilik davridanoq elektronikaga juda qiziqqan. Bill ismli o‘rtog‘i bilan qiziqishlari mos kelar, ko‘p vaqtini uning uyida o‘tkazardi. Keyinchalik Bill "Apple"ning ilk xodimi bo‘ldi.

Maktabni bitirgan Jobs Oregon shtatidagi Rida kollejiga o‘qishga kirdi. Lekin to‘lov miqdori ko‘p bo‘lgani uchun ko‘p o‘tmay o‘qishni tashlashga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng "Hewlett-Packard" kompaniyasida ishlay boshladi.

Stiv 20 yoshdaligida do‘sti Voznyak kompyuter yasash va sotishga ko‘ndirdi. Vaqt o‘tib do‘stlar "Apple Computer" korporatsiyasiga birgalikda asos solganlar. Ilk sarmoya uchun Stiv mikroavtobusini, Voznyak dasturlovchi kalkulyatorini sotgandi.

Kompaniyaning ilk kompyuterlari 666.66 dollarga narxlangan. Ko‘p o‘tmay elektronika do‘konidan 50 dona kompyuterga buyurtma tushgan. Shunda Stiv uyining garajida ustaxona ochib, barcha o‘rtoqlarini yordamga chaqirgan. Yigitlar bir yoqadan bosh chiqarib, kompyuter yasashga tushishgan. Stiv esa ularni nazorat qilib, yo‘l ko‘rsatib turardi.

O‘sha zamonda paydo bo‘lgan "IBM" kompyuterlari "Apple"ga raqobatchi edi. Undan o‘zishni maqsad qilgan Stiv Jobs reklama va mahsulotni qadoqlashga katta e’tibor qaratdi. Mehnatlari besamar ketmay, kompyuterlar yiliga 5 millionlab sotildi va kompaniya rahbari 25 yoshidayoq millioner bo‘lishga ulgurdi.

2000 yilda qahramonimiz eng kamtarona maosh oladigan direktor sifatida Ginnesning rekordlariga kiritilgan. U yiliga 1 dollar maosh olardi.

2001 yili Stiv "Apple"ning ilk pleyeri - "iPod"ni taqdim etdi. Keyinroq bu mahsulot kompaniyaning asosiy daromad manbaiga aylandi. Balki ko‘pchilikning e’tiborini qozonganiga uning "Minglab qo‘shiqlar - sening cho‘ntagingda" jarangdor shiori sabab bo‘lgandir. "iPod"ning xotirasi yildan yilga kengayib, imkon qadar ko‘p musiqalarni sig‘dira oldi. 2006 yilda u yanada takomillashib, "iPod Classic" nomini oldi va 160 gigabayt hajmdagi musiqa, foto va videolarni jamlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

2007 yilda kompaniya "iPhone" telefonlari bilan mashhurlikning yangi pog‘onasiga ko‘tarildi.

2004 yil avgustida Stivga oshqozon osti bezi saratoni tashxisi qo‘yilgan edi. Yillar davomida u yengilmay, xastalik bilan izchil kurashdi. Ammo yakunda g‘oliblik dard tomonda bo‘ldi. Jobs 2011 yili avgust oyida ishni tark etgan bo‘lsa, shu yili oktyabr oyida joni uzildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring