Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

10 daqiqada 35 million dollarni halol topish mumkinmidi?

10 daqiqada 35 million dollarni halol topish mumkinmidi?

Foto: "1Zoom"

Gulxandan isinib rohatlanish ham, kuyib halok bo‘lish ham mumkin. Quyosh o‘z tafti ila mevaga shirin, qalampirga achchiq ta’m beradi. Doimo yuksaklikdan joy egallagan ilm tushunchasi ham ikki turga bo‘linar ekan: saodatli va falokatli. Inson ilm va albatta ezgu manfaatli ilm talabida bo‘lsagina, ibrat ko‘rsata oladi.Kiberjinoyat orqasidan 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan yigit haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. U hozirda kelajagi porloq soha hisoblanmish axborot texnologiyalarini yaxshi egallabdi, texnika bilan tillasha olibdi, ammo afsuski, bu ilmini nohalol yo‘llar bilan pul topishga sarflabdi-da.Mehnati ijobiy manfaat keltirganlargina «kasbining ustasi» degan ta’rifga loyiq. Agar mahorati g‘araz maqsadlarga qaratilsa, u «uchiga chiqqan firibgar» nomigagina munosibdir.


Ijtimoiy tarmoqlar orqali insonlar tomonidan fikr bildirilib, «bu bolani qo‘yib yuborish kerak, bilimidan foydalanish kerak» deyayotganlar uchrayapti. Yo‘q, qonun barchaga barobar. Har qanday jinoyatchiga nisbatan ozodlikka chiqarilsa, yaxshi ishlar ham qilishi mumkin, deya taxmin bildirish mumkin, lekin bu jazodan soqit qilishga asos bo‘lolmaydi-ku. Jinoyatga jazo muqarrar. U qilmishiga yarasha javob olish orqali kerakli saboqni chiqarishi, buzoqning yugurgani podaxonagacha ekanini anglab yetishi kerak.Albatta, vaziyat yuzasidan chiqariladigan saboq juda serqirra. Bu yoshlarning ongi ustida ishlash, ularni vayronkor g‘oyalardan muhofazalash bo‘yicha ham xulosaga chorlaydi. Avvalboshdanoq har qanday ixtiro, barcha turdagi mehnat insonlar roziligiga xizmat qilishi lozimligi o‘rgatilishi kerak. Halol daromad bilan boy bo‘lganlar ko‘p, ana shu insonlarning ibratli umri yetishib chiqayotgan avlodlarga ota-onalar, ustozlar tomonidan to‘la-to‘kis aks ettirib berilishi lozim.


Ilm egallagan avloddan ko‘ngilni to‘q qilib, uni o‘z holiga tashlab qo‘yish qanday oqibatlarga olib kelishi ham o‘z isbotini ko‘rsatdi. Demak, ma’lum ko‘nikmani egallagan har qanday kasb vakilining muntazam ravishda malakasini oshirish, uning g‘oyalari bilan o‘rtoqlashish muhim vazifa ekan. Bu yigit ham shu vaqti va zehnini foydali dasturlar, kerakli ixtirolarga sarflashi, o‘g‘irlagan pullarini ishlab ham topsa bo‘lar edi.


Kadrlar mahoratini vaqtida aniqlash, ularni mos o‘rinlarda band qilish, o‘z vatanida saqlab qolish, mehnatiga yarasha haq to‘lash, turli yo‘llar bilan rag‘batlantirish ham albatta dolzarb masala.
So‘nggi davrlarda axborot texnologiyalari sohasi ancha ravnaq topdi, rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Ushbu soha vakillari yuksak obro‘ va daromad egasi sifatida bo‘y ko‘rsatmoqdalar. Hatto ijtimoiy so‘rovnomalarda ota-onalar farzandlari «ayti»chi bo‘lishini orzu qilishlari ma’lum bo‘ldi. Umid qilamizki, bu sohaning ilg‘or mutaxassislari yaratgan foydali ixtirolar tarozida og‘irroq tosh bosadi.

 

P/S: 10 daqiqada 35 million dollarni halol yo‘l bilan topish balki mumkin, balki ilojsizdir. Ammo bu ulkan raqamlar oqibatida 8 coni hosil bo‘lgani-chi? 8 yillik jazo... Ozodlikda o‘tgan bir soniya ham 35 million dollardan ancha qimmat turishi esa bahs tug‘dirmaydigan haqiqat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring