Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IT Park Uzbekistan, Cintana Education va Arizona State University o‘rtasidagi hamkorlik: mamlakatning kadrlar salohiyatini rivojlantirish sari qadam

IT Park Uzbekistan, Cintana Education va Arizona State University o‘rtasidagi hamkorlik: mamlakatning kadrlar salohiyatini rivojlantirish sari qadam

IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov rahbarligidagi vakillari Amerika delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiya tarkibida “Cintana Education” asoschisi Duglas Bekker hamda “Watts College of Public Service and Community Solutions” qoshidagi “Public Affairs School” professori va “ Cintana Education” prezidenti Rik Shongrou bor edi. Uchrashuvda Toshkentdagi “American University of Technology” (AUT) hammuassisi va kengash a’zosi Timur Rahmonov ham ishtirok etdi.

“American University of Technology” — O‘zbekistondagi ikkinchi Amerika oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, u “ Arizona State University” va “Cintana Education” bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Bu hamkorlik o‘tgan yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Duglas Bekker o‘rtasida erishilgan kelishuvlar natijasida yuzaga kelgan. Universitet allaqachon o‘z faoliyatini boshlagan va 2024/2025 o‘quv yili uchun talabalarni qabul qilmoqda.

Uchrashuv davomida mehmonlarga O‘zbekistonning texnologik muhiti va mamlakatda IT-biznesni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuvning asosiy jihatlaridan biri AQSh xususiy sektori vakillari bilan hamkorlikni muhokama qilish bo‘ldi. “AUT” O‘zbekistondagi qo‘shma loyihalar uchun Amerikaning yetakchi kompaniyalarini jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu mahalliy startaplar va autsorsing IT-xizmatlari ekotizimini rivojlantirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, tomonlar “AUT” va IT Park Uzbekistan o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Ta’lim tashabbuslariga, jumladan, qo‘shma akseleratsiya dasturlari va texnologik laboratoriyalarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi.

“IT Park University” (ITPU) bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ham rejalashtirilmoqda. Tomonlar ilmiy baza va amaliy tajribani birlashtirgan holda axborot texnologiyalari bozori uchun ilg‘or yechimlarni yaratishda hamkorlik qilishga intilmoqda. Duglas Bekker ITPU bilan hamkorlikda ish beruvchi tomonidan qo‘shimcha tayyorgarliksiz ishchi loyihalarga darhol jalb etishga tayyor bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan ta’lim yondashuvini ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar muzokaralarning ikkinchi bosqichini o‘tkazishga kelishib oldilar. Unda hamkorlikning keyingi qadamlari belgilab olinadi.

“Cintana Education” va “Arizona State University” bilan potensial hamkorlik O‘zbekistonning global bozordagi kadrlar salohiyatini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu hamkorlik o‘zbekistonlik mutaxassislarga yetakchi amerikalik ekspertlardan bilim va tajriba olish imkonini beradi. Bu esa ularning xalqaro miqyosda talabgorligini va raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring