Yil g‘oliblari va mag‘lublari

Engadget portali, o‘z an’anasiga sodiq holda, yil yakunlarini sarhisob qildi: IT-sohaning eng muvaffaqiyatli va muvaffaqiyatsiz loyihalarini saraladi.
Ekspertlar 2023-yil sanoat uchun oson kechmaganiga e’tibor qaratishdi: eng yirik o‘yin konferensiyalaridan biri — E3ning yopilishi, ommalashgan onlayn-platformalarning sifati yomonlashishi, kriptovalyutalar va moliya (jumladan, nafaqat Kremniy vodiysidagi, balki jahondagi ayrim banklar) bozorlarining qulashiga guvoh bo‘ldik. Ammo yomon iqtisodiy vaziyatdan ham ko‘ra, ayrim biznes loyihalarning qulashi nisbatan yorqinroq voqelalar sifatida esda qolmoqda.
Mag‘lubiyatlar
2023-yilning eng yomon beshta IT-loyihasi orasida Ilon Mask jahondagi “eng tartibsiz ijtimoiy tarmoq”qa aylantirgan X (sobiq Twitter) — 1-o‘rinda! Ikkinchi o‘rinni savdosi baroridan kelmagan Microsoft Surface planshetlari egalladi (ekspertlar “Microsoftning planshet va noutbukning chinakam gibridini yaratish orzusi” o‘lganini ta’kidlashmoqda).
“Orzular haqida gapirarkanmiz, Amazonning orzusi ham armonga aylanganiga to‘xtalmasak bo‘lmaydi, kompaniya shu yilning iyulida o‘zining sog‘liqni saqlash sohasi bilan bog‘liq Halo apparat mahsulotlari turkumini qo‘llashni to‘xtatdi”, — deb yozdi Engadget.
Yuqoridagilar qatorida muvaffaqiyatsizlar qatorida E3 konferensiyasi, Binance hamda Reddit ham sanalgan.
G‘alabalar
Engadget yilning eng asosiy texnologik yutug‘i sifatida X ning raqibi — Threads (Metaga qarashli) ijtimoiy tarmog‘ini e’tirof etdi. Ishga tushirilganida millionlab yuklab olingan ushbu ilovaga qiziqish keyinchalik keskin pasaydi, ammo yana hammasi izga tushib, oyiga 100 mln kishi foydalanadigan ilovaga aylandi — 2023-yilda u AppStore orqali yuklab olishlar soni bo‘yicha 4-o‘ringa ko‘tarildi.
Yilning biznes-muvaffaqiyatlari orasida 2-o‘rinni ChatGPT (OpenAI) egalladi, Bard va Bing Chat kabi raqiblar bilan kurash, umuman, generativ sun’iy intellektga qiziqishni yanada oshirdi.
Monopoliyaga qarshi qonunlarga ehtirom sifatida Apple kompaniyasi RCS, USB-C va Qi 2 larni joriy etishi — uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.
To‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarda — buklama smartfonlar (Pixel Fold, OnePlus Open, Samsung) va Apple Vision Pro qurilmasi. Shuningdek, cho‘ntak o‘yin qurilmalari va Ilon Maskning Neuralink loyihasi yilning omadlilari qatorida sanab o‘tildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter