Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

“Xitoylik Stiv Jobs” Appleni ortda qoldira oladimi? (video)

Hozirgi kunda smartfonlar biznesi jahondagi eng innovatsion bozorlardan biriga aylangani hech birimizga sir emas!

Mazkur bozorda garchi ko‘p yillik tarixga ega yirik texnologiya gigantlari yetakchilik qilayotgan bo‘lsa-da, biroq sohaga yaqindagina shiddat bilan kirib kelib, mijozlarning e’tiboriyu e’tirofini qozonayotgan brendlar ham yo‘q emas. Bunday shovvozlar qatoriga, hech shubhasiz, Xitoyning Xiaomi kompaniyasini ham kiritish mumkin.

Xo‘sh, kompaniyaning bu qadar tez rivojlanishiga nima turtki berdi? Karvonning boshida aslida kim turibdi?

Xiaomi kompaniyasiga 2010-yilda asos solingan. Qisqa vaqt ichida brend Xitoy bozorida o‘z pozitsiyasini mustahkamlab, ayni vaqtda jahon smartfon bozorini ham zabt etmoqda. Albatta, bunday muvaffaqiyatlarga erishishda Xiaomi rahbari va asosichisi Ley Szyunning xizmatlari beqiyos.

Xitoyda Ley Szyunni “xitoylik Stiv Jobs” deyishadi. U o‘z kompaniyasi ishlab chiqargan arzon va sifatli qurilmalar bilan mijozlarning hurmatini qozonib kelmoqda.

Ley Szyun 1969-yilda Xitoyning Syantao shahrida tug‘ilgan. Shahar, asosan, yengil atletikachi yoshlari bilan yaxshi tanilgan edi. Biroq Ley o‘zgacha yo‘lni tanlaydi va 1987-yilda Uxan universitetining kompyuter texnologiyalari bo‘yicha ixtisoslashgan fakultetiga o‘qishga kiradi.

Afsuski, u paytlarda kompyuterlar hali yaxshi ommalashmagan, butun boshli universitetda bittagina kompyuter bilan jihozlangan sinf xonasi bor edi. Ustiga-ustak sinf ko‘pincha sovuq bo‘lar edi. Biroq bunday omillar Leyning ishtiyoqini so‘ndira olmadi.

U vaqt topdim deguncha kompyuter xonasiga yugurardi. Shunday qilib u dasturlash tillarini yaxshi o‘zlashtirdi va kompyuter avtomatikasini ham o‘rganib bordi.

Hali universitetning ilk bosqichlarida tahsil olib yurgan chog‘laridayoq Ley Szyun o‘z kompaniyasiga asos solishni orzu qilardi. Hatto u ikkinchi bosqichda o‘qib yurganida kursdoshlari bilan birgalikda “sariq atirgul” nomli kompyuter texnologiyalari to‘garagini tashkil qiladi.

U talabaligining so‘nggi yillaridayoq Xitoyda mashhur dasturchi bo‘lib tanildi. Ley o‘sha paytda yaratgan dasturlari orqali durustgina mablag‘ yig‘ishga ham ulgurgan edi.

O‘qishni yakunlagach, 21 yoshli Ley Szyun Pekinga yo‘l oladi. U yerda qahramonimiz ilmiy-tadqiqot institutida biroz muddat ishlaydi.

1991-yilda Leyning hayotida ulkan burilish yuz beradi: kompyuter texnologiyalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmada u Kingsoft kompaniyasi prezidenti Syu Botszyun bilan tanishadi. Oradan bir necha kun o‘tgach, Leyni Kingsoft kompaniyasiga ishga taklif qilishadi.

1998-yilga kelib Ley Kingsoft kompaniyasining bosh direktori lavozimiga tayinlanadi. U kompaniyani boshqarish bilan bir qatorda mediafayl va kitoblarni sotishga mo‘ljallangan Joyo.com nomli sayt ustida ham ish boshlaydi. Mazkur sayt 2004-yilda Amazon kompaniyasi tomonidan 75 mln dollarga sotib olinadi.

Hali qirq yoshni qarshilamagan ishbilarmon juda ulkan muvaffaqiyatlarga erishadi. Jumladan, 2009-yilda milliardlab dollar mablag‘larga egalik qilish bilan birga, Kingsoft raisining o‘rinbosari vazifasida ham ishlardi. Biroq uning yoshlikdagi orzusi hali-hamon amalga oshmagan edi. Va nihoyat, 2010-yilda Ley Szyun o‘z hamkorlari bilan birlalikda Xiaomi startapiga asos soladi.

Startapga asos solgan 8 kishining barchasi ushbu tashabbus ularga naqadar qimmatga tushishini yaxshi anglashardi. Biroq ularga omad kulib boqdi va Xiaomi yangi texnologiyalar sanoatida eng ilg‘or kompaniyalardan biriga aylandi.

2011 yilda birinchi Xiaomi smartfoni — Mi One taqdim etildi, u kuchli dastur va texnik parametrlari bilan ajralib turardi. Buning ustiga smartfon raqobatchilarning qurilmalariga qaraganda bir muncha arzon narxda bevosita internet-do‘kon orqali sotilardi.

2012-yilda kompaniyaning umumiy kapitali 40 mln AQSh dollariga baholanadi. Aynan shu yili Ley Szyun fan va texnika taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi uchun Xitoy milliy mukofotiga ham loyiq ko‘riladi. 2014-yildan boshlab kompaniya xalqaro bozorda ham o‘z mahsulotlarini sotishni boshlaydi.

Bilasizmi, Ley Szyun hali-hamon Kingsoft kompaniyasining direktorlar kengashiga a’zo va uning 15 foiz aksiyalariga egalik qiladi.

Ley Szyun haftasiga 40 soat emas, 100 soat mehnat qiladi. Garchi xitoyliklar uni “ikkinchi Stiv Jobs” deb atashsa-da, Ley bunga salbiy munosabat bildiradi.

Uning fikricha, Apple va Xiaomi — butunlay boshqa-boshqa kompaniyalar, ularning strategiya va qarashlari juda farqli. Shunday bo‘lsa-da, Ley Stiv Jobsning ishidan ilhomlanganini hech qachon inkor etmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring