Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ukrain hakerlari Rossiya soliq tizimini ishdan chiqargani rostmi?

Ukrain hakerlari Rossiya soliq tizimini ishdan chiqargani rostmi?

Foto: Topor Live

Ukraina razvedka bosh boshqarmasining hakerlari Rossiya soliq tizimini ishdan chiqargani haqida qator ukrain saytlari, jumladan, Korrespondent.net xabar tarqatdi.

Xabarda aytilishicha, gap bu yerda Rossiya Federatsiyasining asosiy davlat organlaridan biriga qarashli infratuzilmaning va uzoq davrni o‘z ichiga olgan ko‘p sonli soliq ma’lumotlarining to‘liq yo‘q qilinishi haqida boryapti.

Kiberhujum orqali Rossiya soliq tizimining barcha serverlariga zararli dasturiy ta’minot joylashtirilgan. Yillar davomida RF sertarmoq soliq tizimining ishlashini ta’minlab kelgan konfiguratsiya fayllari — jami ma’lumotlar bazasi va uning zaxira nusxalari (backup) to‘liq yo‘q qilingan. Butun Rossiya ko‘lamidagi soliq ma’lumotlarining internet-trafigi Ukraina harbiy razvedkasining qo‘liga o‘tgan. Soliq tizimini ishga tushirish uchun rossiyaliklar to‘rt kundan beri urinishmoqda. Rossiya soliq tizimidagi falajlik kamida bir oygacha cho‘ziladi.

Yuqoridagilar ukrain matbuoti tarqatgan xabar. Endi ruslarga quloq tutamiz.

Rossiya soliq tizimi buzilgani haqidagi xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, bu haqda Rossiya Federal soliq xizmati (FSX) Kommersant.ru saytiga ma’lum qildi.

FSX ta’kidlashicha, unga qarashli barcha servislar, rasmiy sayt, boshqa idoralar va soliq to‘lovchilar bilan bog‘lovchi kanallar shtat rejimida (odatdagi tartibda ) ishlamoqda.

FSX faoliyatida uzilishlar yo‘qligi, foydalanuvchilardan ham shikoyat kelib tushmagani ta’kidlanmoqda. “Soliq to‘lovchilarning barcha ma’lumotlari, shuningdek, Rossiya FSX infratuzilmasi hamon xavfsizlikda va ishonchli himoyalangan”, — deyishdi soliq xizmati vakillari.

O‘z navbatida, Rossiya davlat dumasi axborot siyosati qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Anton Gorelkinning fikricha, Ukraina razvedkasining  bayonoti “Kiyevstar” muammolari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Kecha “Kiyevstar” (24,4 mln mobil abonent, 1 mln.dan ziyod keng polosali internet foydalanuvchilariga ega) mobil operatori rahbari Aleksandr Komarov hakerlik hujumi oqibatida kompaniyaning IT-infratuzilmasiga qisman ziyon yetganini ma’lum qilgan va bu hujum uchun Rossiyani ayblagandi.

“Aftidan, “Kiyevstar”dagi o‘z muammolarini ukrain agentlari Rossiya Federal soliq xizmatiga hakerlik hujumi uyushtirilgani haqidagi feyk tarqatish bilan xaspo‘shlashga qaror qilishgan”, — deb yozdi Gorelkin o‘z telegram-kanalida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring