Turkiy davlatlar tashkiloti AKT vazirlarining IV yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Bugun Samarqand shahrida ICT Week Uzbekistan-2022 doirasida Turkiy davlatlar tashkilotining AKT bo‘yicha mas’ul vazirlarining IV yig‘ilishi tashkil etildi.
Yig‘ilishni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov olib bordi.
Yig‘ilishda TDT bosh kotibi Bag‘dod Amreyev, Qozog‘iston Respublikasi raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va ayerokosmik sanoat vaziri Bagdat Musin, Qirg‘iziston Respublikasi raqamli rivojlanish vaziri Talantbek Imanov, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmati va ijtimoiy innovatsiyalar davlat agentligi (“ASAN Service”) raisi Ulvi Mehdiyev, Ozarbayjon Respublikasi raqamli rivojlanish va transport vaziri o‘rinbosari Rovshan Rustamov, Turkiya Respublikasi Transport va infratuzilma vaziri o‘rinbosari Omer Fatih Sayan, Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Raqamli transformatsiya idorasi (DTO)dan Sheima O‘zkan xonim ishtirok etishdi.
Tomonlar mavjud ishchi guruhlar doirasida raqamli infratuzilma, elektron hukumat va elektron xizmatlar hamda kiberxavfsizlikni rivojlantirish bo‘yicha AKT sohasidagi joriy hamkorlikni baholaydi, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti raqamli innovatsiyalar katalogini joriy etish, San-Fransiskoda “Turkic IT House”ni tashkil etish, “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish doirasida IT-mutaxassislar uchun platforma yaratish, a’zo davlatlar va kuzatuvchilar startaplarini yanada rag‘batlantirish va kelgusida kiberjinoyatlarni o‘rganish bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam mexanizmi hamkorligini yo‘lga qo‘yish kabi masalalarni muhokama qildi.
Shuningdek, vazirlar va vazir o‘rinbosarlari tomonidan 2022-yil 24-25-oktabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladigan ICT Week Uzbekistan-2022 doirasida “Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo davlatlar o‘rtasida AKT sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi”ning yakuniy tahriri qabul qilindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter