Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shveysar soatlari “modadan qolishni” boshladi — Bloomberg

Shveysar soatlari “modadan qolishni” boshladi — Bloomberg

Foto: British GQ

Shveysariyaning lyuks brendlariga mansub soatlar, uch yil davom etgan yuqori talabdan so‘ng, urfdan qolishni boshladi, deb xabar berdi Vloomberg.

COVID pandemiyasi boshlanib, karantin cheklovlari tufayli o‘ziga to‘q odamlar uylarida o‘tirib qolishganidan so‘ng, Audemars Piguet, Rolex va boshqa qimmatbaho soatlarga talab oshib ketgandi. Natijada 2022-yilda shveysar soatlari eksporti qariyb 25 mlrd frank yoki 28,5 mlrd dollarlik rekordni qayd etdi.

“Biz 2021 va 2022-yillarda guvoh bo‘lgan vaziyat hech qaysi qolipga sig‘maydi. Bunaqa bo‘lishini hatto tasavvur ham qilmaganmiz. Va buni boshqa ko‘rmasak kerak”, — dedi soatsozlar uchun oltinga teng bo‘lgan bu yillarni eslarkan Audemars Piguet kompaniyasi bosh direktori Fransua-Anri Bennamias. Bloomberg qo‘shimcha qilishicha, Audemars Piguet chiqaradigan bitta soatning narxi o‘rtacha 50 ming shveysar franki (taxminan 57 ming dollar)ga teng.

Endi vaziyat tamomila boshqacha, soatga talab oy sayin pasaymoqda. Bu “narxlarning agressiv oshishi” va ishlab chiqarishning ko‘payishi, qolaversa, sohaga bog‘liq bo‘lmagan omillar — yuqori foiz stavkalari va nobarqaror iqtisodiy o‘sish fonida yuz bermoqda. Bularning barchasi bir bo‘lib “bir paytlardagi betashvish” iste’molchining ongiga va pullarni xarjlashiga ta’sir ko‘rsatyapti. Inflyasiya va iqtisodiyotdagi pasayishlar borasidagi xavotirlar sababli, soatsozlardan tashqari, lyuks segmentidagi LVMH dan tortib Kering SA (Gucci sohibi) singari boshqa kompaniyalarda ham savdolar tushib bormoqda.

Bloomberg qo‘shimchalashicha, ayni paytda lyuks toifali ishlatilgan soatlar ham arzonlashmoqda, bu jarayon boshlanganiga bir yildan oshdi.

Morgan Stanley ma’lumotiga ko‘ra, 2022-yilda jahonda soatlar chakana savdosi hajmi taxminan 48 mlrd shveysar franki ($54,5 mlrd)ni, eski soatlar savdosi hajmi $24 mlrd atrofida bo‘ldi.

Soatlar — Shveysariya eksportining uchinchi katta yo‘nalishi, 60 ming kishi shu sohada band. Sohaning bir necha vakillari aytishlaricha, talab kamayishi oqibatlari sezilishni boshlagan, ayrim soatsoz kompaniyalar ish o‘rinlarini qisqartirishga kirishgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring