O‘zbekistonda Data Science mutaxassislariga talab qay darajada?
Bugun, 26-fevral kuni Iste’dodli yoshlar bilan ishlash “MirzoUlug‘bek” jamg‘armasida O‘zbekistonda “Data Science”ni rivojlantirish istiqbollari mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan masad — “Data Science” kursida tahsil olayotgan talaba-yoshlar bilan potensial ish beruvchilar o‘rtasida o‘zaro ko‘prik vazifasini bajarish, IT va mutaxassislik fanlari integratsiyasi asosida mehnat bozori talablari va ehtiyojlarini o‘rganish.
Seminarda Skillbox, Netcom, UZUM Market kompaniyasi vakillari, Inha universiteti ML hamjamiyati, Cyberclub vakillari, shuningdek, Oliy ta’lim muassasalari hamda Mirzo Ulug‘bek vorislari tayyorlov o‘quv kurslari faoliyatini amalga oshirish markazi professor-o‘qituvchilaridan iborat jami 170 kishi qatnashdi.
Kurs haqida qisqacha ma’lumot: Oddiy jadvallar bilan ishlash tartibida boshlanadi va avtomatik tarzda ma’lumotlarni yig‘ish, ularni qayta ishlash va matematik usullar asosida boshqaruv qarorlarini qabul qilishga yo‘naltirilgan.
2023-yil 19-mayda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 206-son qarori asosida O‘zbekistonning turli hududlarida istiqomat qiluvchi, turli yo‘nalishdagi Oliy ta’lim muassasalarining har xil mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olayotgan, asosan matematika va aniq fanlarni yaxshi o‘zlashtirgan 60 nafar talaba-yoshlar tanlab olingan. Talabalar Toshkent shahrida joylashgan 14 ta OTMga taqsimlangan. 22 ta mutaxassislik yo‘nalishida ta’lim olishadi.
LinkedIn platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil 23-yanvar holatiga, butun dunyoda aynan ma’lumotlar tahlilchiligi bo‘yicha 671 mingta vakansiya qayd etilgan. Bu esa Data Science mutaxassislariga talabning qanchalik yuqori ekanligini ko‘rsatadi.
Data Science o‘zi nima?
Data Science — ma’lumotlar tahlili va ulardan yangi axborotlar va bilimlarni ajratib olish metodlari haqidagi fan. Data Science (Machine Learning) mashinani o‘rgatish, turli tahlillar va albatta Big Data (katta ma’lumotlar) texnologiyalari kabi sohalar bilan chambarchas bog‘liq.
“Data Science” kompyuterni boshqarishning boshqa usulini taqdim etadi. Bunda odam tamoyilni va kutilayotgan natijani aniqlaydi, mashina esa mavjud ma’lumotlar hajmini tahlil qiladi, xulosalar qiladi, qonuniyatni izlaydi va umumiy xulosani shakllantiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter